Rihanna
Robyn Rihanna Fenty[1] (talaffuzi: Robin Rianna Fenti; 1988-yil 20-fevralda tugʻilgan) barbadoslik qoʻshiqchi, aktrisa va ishbilarmon ayoldir. Barbadosning Sent-Mishel shahrida tugʻilgan, bolaligi esa Brijtaun shahrida oʻtgan. Rihanna amerikalik prodyuser Evan Rogers uni AQShga demo-kassetalar yozishga taklif etishi ortidan musiqa sanoatiga kirib kelgan. 2005-yilda Def Jam leybli bilan shartnoma imzolaganidan soʻng, Rihanna oʻzining birinchi ikki albomi — Music of the Sun (2005) va A Girl like Me (2006) ni omma eʼtiboriga havola etgan. Mazkur albomlarning ikkisi ham Billboard 200 xit-paradining yuqori oʻntaligiga kirishga muvaffaq boʻlgan.
Rihanna | |
---|---|
Rihanna 2018-yilda | |
Umumiy maʼlumot | |
Tavalludi |
Robyn Rihanna Fenty 20-fevral 1988-yil Sent-Mishel, Barbados |
Janrlar | |
Kasbi |
|
Faoliyat yillari | 2003—hozirgacha |
Leybllar |
|
Fuqaroligi | Barbados |
Bolalari | 1 |
Hamkorligi | |
Veb-sayt | rihanna.com |
Imzosi | |
Rihanna Good Girl Gone Bad (2007) nomli uchinchi albomini ommaga eʼlon qilishi ortidan musiqa sanoatida seks-ramz oʻlaroq qarala boshlangan. Ushbu albomga kiritilgan „Umbrella“ qoʻshigʻi Rihannaga Grammy mukofotini olib kelgan hamda uning olamshumul shuhrat qozonishiga ulkan hissa qoʻshgan. Keyinchalik, Rihanna pop, dens va R&B janrlari unsurlarini oʻz ichiga olgan Rated R (2009), Loud (2010), Talk That Talk (2011) va Unapologetic (2012; bu albom Billboard 200 xit-paradida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan) nomli studiyaviy albomlarini eʼlon qilgan. Ushbu albomlarga kiritilgan „Rude Boy“, „Only Girl (In the World)“, „What's My Name?“, „S&M“, „We Found Love“, „Where Have You Been“ va „Diamonds“ nomli ashulalar xit-paradlarda yuqori pogʻonalarga koʻtarilgan. Rihannaning Anti (2016) nomli sakkizinchi albomi Billboard 200 xit-paradida eng yuqori pogʻonaga koʻtarilgan. Albomga kiritilgan „Work“ taronasi Billboard Hot 100 xit-paradida birinchi pogʻonani egallagan. Musiqiy faoliyati davomida Rihanna Drake, Eminem, Jay-Z, Kanye West, Ne-Yo va Shakira kabi koʻplab xonandalar bilan hamkorlik qilgan.
Rihanna shu kungacha umumjahon boʻylab 250 milliondan ziyod audioyozuv sotgan va tarixdagi ikkinchi eng koʻp audioyozuv sotgan ayol xonandaga aylangan. Uning 14 ta qoʻshigʻi Billboard Hot 100 xit-paradida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan, 31 ta qoʻshigʻi esa shu xit-paradning yuqori oʻntaligiga kirgan. Rihanna koʻplab yutuqlarga, jumladan, 9 marotaba Grammy Awards, 13 marotaba American Music Awards, 12 marotaba Billboard Music Awardsga sazovor boʻlgan. Bundan tashqari, 6 marotaba Guinness rekordlar kitobiga kirgan va bir marotaba Oscar mukofotiga nomzod qilib koʻrsatilgan. 2012- va 2018-yillarda Time jurnalining jahonning eng nufuzli 100 kishisi roʻyxatida oʻrin egallagan. 2012- va 2014-yillarda Forbes jurnalining jahonning eng yuqori haq toʻlanadigan kishilari roʻyxatida yuqori oʻntalik safidan joy olgan. 2022-yil holatiga koʻra, Rihanna $1,4 milliard boyligi bilan jahondagi eng badavlat ayol xonanda hisoblanadi[2][3].
Rihanna qoʻshiqchilikdan tashqari filantroplik va aktrisalik bilan ham shugʻullanadi. 2012-yilda iqlim oʻzgarishini oʻrganish dasturlariga homiylik qiluvchi Clara Lionel Foundation xayriya jamgʻarmasiga asos solgan. Aktrisa sifatida Battleship (2012), Home (2015), Valerian and the City of a Thousand Planets (2017) va Ocean's 8 (2018) kabi filmlarda rol ijro etgan.
Diskografiyasi
tahrir- Music of the Sun (2005)
- A Girl like Me (2006)
- Good Girl Gone Bad (2007)
- Rated R (2009)
- Loud (2010)
- Talk That Talk (2011)
- Unapologetic (2012)
- Anti (2016)
Filmografiyasi
tahrir- Bring It On: All or Nothing (2006)
- Battleship (2012)
- This Is the End (2013)
- Home (2015)
- Valerian and the City of a Thousand Planets (2017)
- Ocean's 8 (2018)
- Guava Island (2019)
Manbalar
tahrir- ↑ „Barbados National Honours and Decorations 2021“. Barbados Government Printing Department (1-dekabr 2021-yil). 4-dekabr 2021-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 9-dekabr 2021-yil.
- ↑ Ibile, Fagbo „Rihanna Forbes“. Forbes.com (6-avgust 2022-yil). Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
- ↑ Pandey, Manish; Brown, Lindsay. „Fenty Beauty: How make-up helped Rihanna become a billionaire“. BBC News (11-avgust 2021-yil). Qaraldi: 12-avgust 2021-yil.
Havolalar
tahrirVikiomborda Rihanna haqida turkum mavjud |
- Rasmiy sayti (ingl.)
- Rihanna IMDbda
- Rihanna Twitter sahifasi