Rudakiy Abu Abdullah Jaʼfar (forscha: ابوعبدالله جعفر بن محمد بن حکیم‌ بن عبدالرحمن‌ بن آدم رودکی; hozirgi Tojikiston Respublikasi Panjakent tumani Panjrudak qishlogʻi 858-yil — 941-yil) — fors shoiri. Fors sheʼriyati asoschilaridan biri.

Rudakiy Abu Abdulla Jaʼfar
Asl ismi Rudakiy Abu Abdullah
Tavalludi 858
Vafoti 941
Taxallusi Rudakiy
Ijod qilgan tillari Fors tili
Fuqaroligi Somoniylar davlati
Yoʻnalish Nazm
Janr Gʻazal, ruboiy, qasida, madhiya, marsiya

Hayoti

tahrir

Yoshligidan sheʼriyat va musiqaga ixlos qoʻygan, adabiyotni, arab tilini oʻrgangan. Zamonasining mashhur cholguchisi Abul Abbos Baxtiyordan musiqa boʻyicha taʼlim olgan. barbat, chang, ud, rud kabi cholgʻu asboblarini chalishni oʻrgangan. Dastlabki maʼlumotni o‘z qishlog‘ida olgan Rudakiy o‘qish uchun Samarqandga bordi. U yerda chuqur bilim olib, tez orada adabiyoti va san’at sohasida ham dong chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Rudakiy asarlariga eʼtibor berilsa, uning astronomiya va qadimiy yunon falsafasini ham yaxshi tushunganligini ko‘rish mumkin. Somoniylar davlatining ko‘zga ko‘ringan davlat arbobi, Nasr II ibn Ahmadning yaqin do‘sti Abufazl Bal’a-miy Rudakiy haqida „U faqat mashhur shoir boʻlibgina qolmay, balki o‘z davrining yetuk olimi ham edi“, deb baho bergan.[1] Rudakiyning sheʼriyat va musiqadagi mahoratini eshitgan Buxoro hokimi Nasr ibn Ahmad Somoniy uni saroyga taklif etgan. Rudakiy Buxoroda vazir Abul Fazl Balʼamiy homiyligida ijod qilib, sanʼatda katta obroʻ qozongan. Rudakiy 40 yil saroyda shoirlarga boshchilik qilgan. Uning tugʻma koʻr boʻlgani haqida naqllar bor. Aslida saroydagi igvo va fitnalar tufayli dushmanlari Rudakiyning koʻzlariga mil tortib koʻr qilgan, mol-mulkini talab, oʻzini Buxorodan badargʻa qilishga erishganlar. Qarigan chogʻida Rudakiy oʻz qishlogʻiga qaytib, faqirlikda umr kechirgan.

Manbalarda Rudakiy sheʼriyati 100 000 baytdan iboratligi qayd etilgan. Lekin bizga qadar uning 1000 bayt asari (2 qasida, 50 ruboiy, sheʼr va dostonlari) yetib kelgan. Rudakiy Movarounnahrda oʻz sheʼrlaridan devon tuzgan ilk shoir hisoblanadi. „Boʻi joʻi Moʻliyon oyad hame“ („Moʻliyon arigʻining isi kelmoqdadir“) misrasi bilan boshlanadigan gʻazali unga favqulodda shuhrat keltirgan. Unga 120 shoir tazmin bitgan, lekin birortasi Rudakiy darajasiga koʻtarila olmagan. „Modari may“ („Mayning onasi“) qasidasi ham mashhur. Rudakiy forstojik sheʼriyatining deyarli barcha shakllarini ishlab bergan. Sheʼrlari gʻazal, ruboiy, qasida, madhiya, marsiya, pandu hikmat, hasbi hol, mazammat, hajv hamda chistoy janrlarida yozilgan. „Sindbodnoma“ (933), „Qarilikdan shikoyat“ avtobiografik asarlari tuda holda, „Kalila va Dimna“, „Davroni falak“ va boshqa bir necha masnaviylaridan parchalar yetib kelgan. Qadimiy manbalarda Rudakiyning „Aroisannafois“ („Nafis kurtaklar“) dostoni boʻlgani haqida maʼlumotlar uchraydi. Rudakiy va uning izdoshlari forsiy sheʼriyatda bir necha asr hukmronlik qilgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubiga asos solib, uni rivojlantirganlar. Rudakiy aruzni chuqur oʻrganib, uni xalq orasida keng tarqalgan qoʻshiklarga tatbiq qilish natijasida 9 ta yangi vaznlar kashf etgan. Ularning koʻpchiligi xalq qoʻshiklarining barmoq vaznlari asosida tuzilgan. Rudakiy ruboiylari janrning barcha talablariga javob beradigan dastlabki ruboiylardandir.

Dunyoning tuzilishi, hayot hodisalari, inson feʼlatvori, xattiharakatlari haqida falsafiy xulosalar chiqarish, pandnasihat shoir sheʼriyatining yetakchi xususiyati hisoblanadi. R. ishqu muhabbatni ham baland pardalarda kuylagan, dunyoviy sevgini ulugʻlagan. U peyzaj lirikasining ham ustalaridan. Dunyo, zamon, inson mavzusi, turli illatlardan shikoyat motivlari ham R. ijodida, xususan, umrining oxirida yaratgan sheʼrlarida koʻp uchraydi. Sheʼrlari Munirxon Muinzoda (1957) va Sh. Shomuhamedov (1988, 1994) tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Shoir haqida „Rudakiy“ dramasi va „Shoirning qismati“ kinofilmi yaratilgan. Rudakiy nomida Tojikiston Davlat mukofoti taʼsis etilgan.

Asarlari

tahrir
  • „Oftob davroni“,
  • „Aroisu-n-nafois“,
  • „Sinbodnoma“ „Modari man“,
  • „Dar vasfi Buxoro“,
  • „Shikoyat az piri“.
    Galereya
 
 
 

Adabiyotlar

tahrir
  • Rudakiy, T., 1957; Injular ummoni, T., 1988.
  • Ad., Abdurahmon Jomiy, Bahoriston, T., 1997;
  • Davlatshoh Samarqandiy, Shoirlar boʻstoni, T., 1981;
  • Ayniy S, Asarlar, 8j., T., 1967;
  • Shomuhamedov Sh., Odamiylik inshosi, T., 1984.

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 14.

Havolalar

tahrir