Samʼoniy
Samʼoniy (arabcha: السماني — Samʼoniy — Toʻliq ismi: Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad Sam’oniy) — muhaddis, tarixchi va adabiyotshunos.
Samʼoniy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1113-yil |
Vafoti | 1167-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Muhaddis, Tarixchi, Adabiyotshunos |
Hayoti
tahrirSamʼoniy 1113-yil Marv shahrida tugʻulgan. [[[Ajdod]]lari butun islom olamida mashhur muhaddis, faqihlar bo‘lishgan. Marvdagi mashhur olimlardan saboq olgan. Dastlabki, sayohatini amakisi Ahmad ibn Mansur Sam’oniy bilan birga, Nishopurga qilgan. So‘ngra Xuroson, Movarounnahr, Iroq, Hijoz, Suriya va Tabariston shahri bo‘ylab uzoq safarda bo‘lgan. 8 yil Bag‘dodda yashagan, u yerdan 2 marta Makkaga haj qilgan. Ray, Hamadon, Damashq, Kufa, Basra, Tus, Quddusda bo‘lgan. Sayohati davomida olimlar bilan uchrashib, ulardan saboq olgan, o‘z asarlari uchun manbalar to‘plagan. 1143-1144-yillarda Marvga qaytib, Amidiya madrasasida dars bergan. Keyingi yillarda o‘g‘li Abdurrahmon bilan O‘rta Osiyo shaharlari bo‘ylab sayohat qilgan.
Faoliyati
tahrirSamʼoniy fiqh, hadis, arab tili tilshunosligi, grammatikasi, adabiyotiga doir 50 dan ziyod asar yozgan. Samʼoniyning ayniqsa tarix va geografiyaga doir asarlari qimmatlidir. Samʼoniyning 1156-yilda Samarqand shahrida yozib tugatgan „Al-ansob“ („Nisbalar kitobi“)da Xuroson va Movarounnahrda yashagan yuzlab muhaddislar, mufassirlar, faqihlar haqida noyob maʼlumotlar keltirilgan. Ushbu kitob 8 jilddan iborat boʻlib, muallifning Oʻrta Osiyodan to Arabistongacha boʻlgan koʻp yillik sayohati natijasida yozilgan. Kitobda tarixiy va geografik nomlar, qabila boshliqlari, tarixiy shaxslar, viloyatlar, shaharlar va qishloqlar, daryolar, koʻllar, togʻlar nomlari alifbo tartibida keltirilib, ularga ancha batafsil izohlar berilgan. Samʼoniy oʻz asarida Eron va Movarounnahrdagi shahar va qishloqlarning deyarli barchasi haqida qimmatli maʼlumotlar bergan. Masalan, Nasaf shahrining 3 mahallasi, 4 koʻchasi, 2 masjidi, 2 karvonsaroyi, 1 raboti haqida soʻz yuritadi. Shuningdek, allomaning „Ad-daʼvatu-n-nabaviyya“ („Payg‘ambar duolari“) asari ham musulmonlar orasida keng tarqalgan.[1]
Asarlari
tahrir“Kitobu-l-ansob”, “Ad-da’vatu-n-nabaviyya”
Manbalar
tahrir- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 595.
- Nasabnoma (Al-Ansob) (arabchadan Abdulgʻafur Razzoq Buxoriy va Komiljon Rahimov tarjimasi), Buxoro, 2003.
Adabiyot
tahrir- Kamaliddinov Sh. S, „Kitab al-ansab“ Abu Saʼda Abdalkarima ibn Muhammada as-Samʼani kak istochnik po istorii i istorii kulturi Sredney Azii, — T., 1993; Hasanov H., Oʻrta Osiyolik geograf va sayyohlar, — T., 1964.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |