Iskandarova Sharifa Madaliyevna – olima. Farg‘ona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori. U 1963-yil 12-yanvarda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tugʻilgan. 1984-yili Fargʻona davlat pedagogika instituti (hozirgi Fargʻona davlat universiteti)ni imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1994-yilda „Oʻzbek nutq odatining muloqot shakllari“ mavzusida nomzodlik, 1999-yilda „Oʻzbek tili leksikasini mazmuniy maydon sifatida oʻrganish (shaxs mikromaydoni)“ mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. 2008-yilda professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan.

Ilmiy faoliyati

tahrir

Olima 6 ta monografiya, 30 ga yaqin oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 300 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Jumladan, uning universitet filologiya yoʻnalishi bakalavr va magistr-talabalari uchun „Oʻzbek tilining nazariy grammatikasi. Morfologiya“, „Sistem tilshunoslik asoslari“, „Umumiy tilshunoslik“, „Tilshunoslik nazariyasi“, „Tilshunoslikning nazariy masalalari“, „Til strukturasi“, „Nazariy tilshunoslik“, „Oʻzbek tilshunosligining dolzarb muammolari“ singari darslik va qoʻllanmalari filologiyaning dolzarb ilmiy manbalari sifatida keng qoʻllanilib kelinmoqda. Sh. Iskandarovaning ilmiy rahbarligida 21 ta doktorlik va falsafa doktorligi ishlari muvaffaqiyatli himoya qilingan, ayni paytda 10 nafardan ortiq shogirdlari ilmiy izlanish olib bormoqda. Olima 2007-2012, 2016-2018-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, shuningdek, Fargʻona davlat universiteti huzuridagi Ixtisoslashgan Kengash aʼzosi boʻlgan. 2017-yildan buyon Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Fargʻona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy Kengash aʼzosi sifatida qator doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarining muhokamasida ishtirok etgan. Shu kunga qadar 60 dan ortiq doktorlik dissertatsiyalariga rasmiy opponentlik qilgan.

Mukofotlari

tahrir

Olimaning ilm-fan yoʻlidagi fidoyi mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak baholangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan 2006-yilda „Shuhrat“ medali, 2012-yilda „Mehnat shuhrati“ ordeni, 2016-yilda „Oʻzbekiston Mustaqilligiga 25 yil“ koʻkrak nishoni, „Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi“ tanlovi respublika bosqichining gumanitar fanlar taʼlim sohasi boʻyicha 2016-yil uchun „Mutaxassislik boʻyicha eng yaxshi pedagog“ nominatsiyasi gʻolibi, 2019 yilda „Fargʻona davlat universitetida xizmat koʻrsatgan professor“ faxriy unvonini hamda 2021-yilda „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi“ faxriy unvoni bilan mukofotlangan.