Sirdaryo kurakburuni
Sirdaryo kurakburuni yoki filboʻyin (Pseudoscaphirhynchus fedtschenkoi) bakrasimonlar (Acipenseriformes) turkumi bakralar (Acipenseridae) oilasiga mansub Sirdaryo havzasi endemigi boʻlgan baliq[1]. Ilgari Sirdaryoning quyi oqimidan to yuqori oqimigacha, baʼzan Qoradaryoda ham uchragan[1][2]. Sirdaro kurakburuni daryoning chuqurligi 1,5-2 metr keladigan, tubi qumli, loyli boʻlgan qismlarida, loyqa suvlarda yashaydi. 1960-yillardan beri qayd etilmagan, hozir qirilib ketgan boʻlishi mumkin[3][4][5].
Sirdaryo kurakburuni | ||||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Biologik klassifikatsiya | ||||||||||||||
| ||||||||||||||
Pseudoscaphirhynchus fedtschenkoi (Kessler 1872)
| ||||||||||||||
|
Tashqi tuzilishi
tahrirSirdaryo kurakburuni boshqa bakrasimonlarga nisbatan kichik boʻlgan baliq. Sirdaryo kurakburunining uzunligi dum xivchini hisobga olmaganda 27 sm gacha, dum xivchini bilan birgalikda esa 36 sm gacha boradi[3]. Choʻgirlari soni orqa tomonida 15-22 ta, yon tomonida 37-46 ta, qorin tomonida 6-10 ta atrofida boʻladi[2]. Orqa suzgichidagi shu’lalar soni 30-34 ta, anal suzgichida esa 19-20 ta boʻladi[2]. Lansetsmon jabra qilchalari soni 9 taga yetadi. Boshida va tumshugʻida tikanaklar mavjud emas. Tanasidagi choʻgirlari oraligʻidagi tana suyak donachalar bilan qoplangan. Yuqori labi chuqurchali, oʻyilgan qismi bor, koʻplab mayda soʻrgʻichlar bilan qoplangan, pastki labi oʻrtasidan ikkiga ajralgan. Dum xivchini baʼzi individlarda juda yaxshi rivojlangan boʻlsa, ayrimlarida aksincha. Tumshugʻi kurakshimon, ayrimlarida uzunroq, ayrimlarida esa nisbatan kaltaroq boʻladi.
Sirdaryo kurakburunini tumshugʻi va dum xivchining uzunligiga qarab uchta formaga ajratilgan[2]:
- forma: brevirostris — qisqa tumshuqli, uzun dum xivchiniga ega;
- forma: longirostris — uzun tumshuqli, dum xivchini yoʻq;
- forma: intermedia — tumshugʻi biroz choʻziq va dum xivchini mavjud.
Amudaryoda uchraydigan urugʻdoshlaridan orqa va yon choʻgirlari sonining koʻpligi bilan farq qiladi[3].
Biologiyasi
tahrirHayot tarzi
tahrirSirdaryo kurakburunining biologiyasi yaxshi oʻrganilmagan[1][2]. Baliq chavoqlari va yosh baliqlarning rivojlanishi, yoshi, oʻsishi, migratsiyasi, qishlash joylari haqida deyarli maʼlumotlar yoʻq. Mavjud maʼlumotlar aksar holatlarda oʻzaro bir-biriga toʻgʻri kelmaydi.
Oziqlanishi
tahrirSirdaryo kurakburunining asosiy ozuqasini suvda yashovchi hasharotlarning lichinkasi tashkil etadi[1][3]. Qoradaryo suv havzasida tarqalgan baliqlar hasharot lichinkalari bilan birgalikda Sibir qorakoʻzi hamda sharq oqchasi kabi baliqlarning tuxumlari bilan ham oziqlanadi[2].
Koʻpayishi
tahrirSirdaryo kurakburuni boshqa baqralar kabi bahorda koʻpayadi[1]. Uzunligi 25 sm boʻlgan urgʻochi baliqlarda mart oyidayoq sariq-qoʻngʻir, kulrang tusli, nisbatan yirik — 1,0-1,8 mm yetilgan tuxumlar paydo boʻladi. Sirdaryodan tutilgan 23 sm li namunada 1500 ta atrofida, Qoradaryoda tutilgan 20 sm li voyaga yetgan urgʻochi baliq namunasida 3815 ta tuxum borligi qayd qilingan[6].
Areali va populyatsiyasi
tahrirSirdaryo kurakburuni faqatgina Sirdayo suv havzasiga xos boʻlgan baliq boʻlib, ilk marota 1871-yilda Chinoz hududida atrofida qayd etilgan. 1872-yilda Kessler tomonidan Sirdaryoning oʻrta oqimidan tutilib, taʼriflanib, fanga kiritilgan. Sirdaryo kurakburunining Qozogʻiston hududida soʻnggi muarotaba 1952-1953-yillar davomida Yangi-Chiili sugʻorma kanallar sistemasida ucragani qayd qilingan. Shundan soʻng ushbu baliqning Qozogʻiston suvlarida uchragi toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar mavjud emas[4].
Bugungi kunga Sirdaryo kurakburunining uchrash areali nihoyatda qisqarib ketgan. Qoradaryo suv havzasida Andijondan to Baliqchi tumanigacha 1959-1968-yillar davomida 17 ta namunasi tutilgan[6]. Soʻnggi oʻtkazilgan tadqiqotlarda ushbu baliqning Sirdaryo havzasida uchramagani qayd etilgan, mutaxassislar yuqori ehtimollik bilan uning qirilib ketganligini aytishadi[3][4][5].
Muhofaza qilish
tahrirSirdaryo soxta kurakburunini bugungi kunda butun dunyoda ovlash taqiqlangan. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) qizil roʻyxatiga „Butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasidagi turlar“ (CR) maqomi ostida kiritilgan[1]. SITES ning II ilovasiga kiritilgan[1]. Ayni vaqtda Oʻzbekiston, Qozogʻiston Qizil kitoblariga kiritilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 Mugue, N. (2010). "Pseudoscaphirhynchus fedtschenkoi". IUCN Red List of Threatened Species 2010: e.T18599A8496937. doi:10.2305/IUCN.UK.2010-1.RLTS.T18599A8496937.en. https://www.iucnredlist.org/species/18599/8496937.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 Берг Л.С. 1948. Рыбы пресных вод СССР и сопредельных стран. Издательство Академии наук СССР, Москва, Ленинград, Часть 1. Издание 4-е с. 1-446.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Birstein, V.J.. Threatened fishes of the world: Pseudoscaphirhynchus spp. (Acipenseridae). Environmental Biology of Fishes, 1997 — 48(1-4), 381-383-bet. DOI:10.1023/A:1007377317423.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 Nedoluzhko, A.V., Sharko, F.S., Tsygankova, S.V., Boulygina, E.S., Barmintseva, A.E., Krasivskaya, A.A., Ibragimova, A.S., Gruzdeva, N.M., Rastorguev, S.M., and Mugue N.S.. Molecular phylogeny of one extinct and two critically endangered Central Asian sturgeon species (genus Pseudoscaphirhynchus) based on their mitochondrial genomes. Scientific Reports, 2020 — 10, 722-bet. DOI:10.1038/s41598-020-57581-y.
- ↑ 5,0 5,1 Dillman, C.B., Wood, R.M., Kuhajda, B.R., Ray, J.M., Salnikov, V.B., and Mayden, R.L.. Molecular systematics of Scaphirhynchinae: an assessment of North American and Central Asian Freshwater Sturgeon Species. Journal of Applied Ichthyology, 2007 — 23(4), 290-296-bet. DOI:10.1111/j.1439-0426.2007.00919.x.
- ↑ 6,0 6,1 Балтабаев А. 1971. Ихтиофауна бассейна реки Карадарьи. Автореф. дис. …канд. биол. наук. Ташкент, – 42 с.