Erkin Vohidov

oʻzbekistonlik shoir, adabiy tarjimon va davlat arbobi

Erkin Vohidov (1936-yil 28-dekabr, Oltiariq tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR2016-yil 30-may, Toshkent, Oʻzbekiston) – taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi[1]. Vohidov oʻz sheʼrlarini yozish bilan bir qatorda taniqli xorij ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Tvardovskiy, Johann Wolfgang von Goethe, Muhammad Iqbol, Rasul Hamzatov hamda Sergey Yesenin asarlarini yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ayniqsa, shoirning Yesenin asarlaridan hamda Goethening „Faust“ asarini qilgan tarjimalari eʼtiborga loyiqdir.

Erkin Vohidov
Tavalludi 28-dekabr 1936-yil
Vafoti 30-may 2016-yil(2016-05-30)
(79 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Mukofotlari Oʻzbekiston Qahramoni
Turmush oʻrtogʻi Gulchehra Vohidova
Bolalari Xurshid Vohidov
Otasi Chuyanboy Vohidov
Onasi Roziyaxon Vohidova

Vohidov 1983-yil Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1987-yil Oʻzbekiston xalq shoiri unvonini olgan. 1995-yilda "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlangan[2]. 1999-yilda esa oliy darajadagi Oʻzbekiston Qahramoni mukofotiga sazovor boʻlgan[3].

Vohidovning sheʼrlari oʻzbeklar orasida yaxshi tanilgan va tez-tez toʻplamlarda chop etiladi. Shoirning bir necha sheʼriga kuy bastalangan, jumladan, Sherali Joʻrayev tomonidan. 2020-yilning oktyabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganligining 75 yilligi munosabati bilan Vohidovning „Inson“ sheʼri asosida yozilgan „Human“ (Inson) ashulasi arab, ingliz, italyan, qozoq, rus, tojik, turk va oʻzbek tillarida taqdim etildi[4].

Hayoti

tahrir

Erkin Vohidovich Vohidov 1936-yilning 28-dekabrida Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida tugʻilgan[5][6]. Oʻqituvchi boʻlib ishlagan otasi Choʻyanboy Vohidov Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, qaytib kelganidan keyin vafot etgan. Vohidov oʻsha paytda toʻqqiz yoshda boʻlgan. Vohidov oʻsha davr qiyinchiliklarini shunday eslaydi:

Otam frontda ekanida onam qishloq kengashida kotiba boʻlib ishlar, qiyinchilik bilan kun kechirar edik. Joʻxori poyasini shimib tilimni qonatganim, bolalarga qoʻshilib kunjara yeganim uchun onam yuzimga shapaloq urgani va oʻzi kechgacha yigʻlaganini unutmayman[7].

1945-yil Vohidov onasi Roziyaxon Vohidova bilan Toshkentga koʻchib borgan[6]. Onasi ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtgan. Vohidov togʻasi Karimboy Sohiboyev qoʻlida katta boʻlgan[6]. Vohidovning sheʼriyatga boʻlgan qiziqishini togʻasi uygʻotgan:

Togʻam kasbi yurist boʻlsa ham adabiyot va sanʼatga qiziqqan, sheʼriyatni nozik tushunadigan kishi edi Uyimizga tez-tez kelib turadigan shoir Chustiy, xonandalar aka-uka Shojalilovlar, Maʼrufxoʻja Bahodirov, buyuk olim va tarjimon Alixon Sogʻuniy, oddiy pochta xizmatchisi Mulla Shukurjon, savdo xodimi Akmalxon akalarning zukko bahslariga mahliyo boʻlib oʻtirardim. Ular Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliy baytlarini tahlil qilib, har birlari oʻzlaricha talqin qilishardi. Bu suhbatlar ichkiliksiz, faqat sheʼr va qoʻshiq kayfi bilan, askiya zavqi bilan muzayyan boʻlardi[7].

Vohidov 1960-yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomlagan. Soʻng turli nashriyot va gazeta-jurnallarda ishlagan. Shoir 2016-yilning 30-mayida 79 yoshda vafot etdi[8].

 
Erkin Vohidov 2006-yilda

Vohidov 1960-yildan 1963-yilgacha „Yosh gvardiya“ jurnali muharriri oʻlaroq ishlagan. 1975—1982-yillarda jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlagan. 1963—1970-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti bosh muharriri, 1985—1987-yillarda esa direktori boʻlib ishlagan. 1982—1985-yillarda „Yoshlik“ oylik jurnali bosh muharriri lavozimida ishlagan[9]. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Oʻzbekiston Oliy Majlisi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi (1995—2005) hamda Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi (2005—2009) lavozimlarida ishlagan[10].

Vohidov oʻquvchilik yillarida sheʼr yoza boshlagan. Ilk sheʼri 14 yoshida „Mushtum“ jurnalida chop etilgan.[7] Shoirning ilk sheʼriy toʻplami „Tong nafasi“ kitobi boʻlib, u 1961-yil bosilib chiqqan. 1987-yil „Shoiru, sheʼru shuur“ nomli asari nashr qilingan. Vohidov uch pyesa ham yozgan. Bular „Oltin devor“, „Istanbul fojiasi“ hamda „Ikkinchi tumor“ pyesalaridir. „Oltin devor“ komediyasi Pokistonning Lohur shahri teatrida qoʻyilgan.

Nazmiy asarlari

tahrir

Quyida Vohidovning sheʼriy toʻplamlari keltirilgan:

Nasriy asarlari

tahrir

Rus tilida chop etilgan sheʼriy toʻplamlari

tahrir

Vohidovning koʻp sheʼri rus tiliga tarjima qilingan. Quyida shoirning rus tilida chop etilgan toʻplamlari keltirilgan.

  • „Lirika“ („Lirika“) (1970)
  • „Stixi“ („Sheʼrlar“) (1974)
  • „Uzelok na pamyat“ („Uchi tugilgan roʻmolcha“) (1980)
  • „Vosstanie bessmertnix“ („Ruhlar isyoni“) (1983)
  • „Liniya jizni“ („Hayot yoʻli“) (1984)
  • „V minutu pesni ne porvis, struna…“ („Kuy avjida uzilmasin tor“) (1986)

Adabiy tarjimalari

tahrir

Vohidov koʻplab xorij ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Blok, Aleksandr Tvardovskiy, Friedrich Schiller, Johann Wolfgang von Goethe, Lesya Ukrainka, Mixail Svetlov, Muhammad Iqbol, Rasul Hamzatov, Sergey Yesenin hamda Silva Kaputikyan asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Xususan, shoir 1974-yil Goethening „Faust“ asarini oʻzbekchaga oʻgirgan. Shoir Yesenin sheʼrlarini ayniqsa yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Quyida Yeseninning vidolashish sheʼri boʻlmish „Xayr endi, xayr, doʻstginam“ (1925) sheʼrining Vohidov qilgan tarjimasi keltirilgan.

Ruschasi

Do svidanya, drug moy, do svidanya.
Miliy moy, ti u menya v grudi.
Prednaznachennoe rasstavane
Obeщaet vstrechu vperedi.

Do svidanya, drug moy, bez ruki, bez slova,
Ne grusti i ne pechal brovey, —
V etoy jizni umirat ne novo,
No i jit, konechno, ne novey.

Vohidov tarjimasi

Xayr endi, xayr, doʻstginam,
Bagʻrimdasan, koʻngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham
Visoli bor oldinda hali.

Xayr, doʻstim, soʻzga ochma lab,
Qoʻy, men uchun oʻrtama bagʻir,
Bu hayotda oʻlmoq-ku bor gap,
Yashamoq ham yangimas, axir!

Vohidov sheʼrlari esa nemis, fransuz, ingliz, urdu, hind, arab va boshqa turkiy tillarga tarjima qilingan[11]. Sovet shoiri Robert Rojdestvenskiy Vohidov asarlarini juda yuqori baholagan.

Quyida shoirning „Oʻzbegim“ sheʼrining inglizcha tarjimasidan parcha keltirilgan[12]:

Originali

Ortda qoldi koʻhna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, oʻzbegim.

Inglizcha tarjimasi

Left behind is old history
Left behind are pain and injustice
Your nightmare is gone, your wounds are healed
A remedy is found, my Uzbeks.

Kuy bastalangan sheʼrlari

tahrir

Vohidovning koʻp sheʼriga oʻzbek ijodkorlari qoʻshiq bastalagan. Bular orasida eng taniqlilari Sherali Joʻrayev ijro etgan „Inson“ hamda „Oʻzbegim“ ashulalaridir.

Sheʼr yozilgan yil Sheʼr nomi Ashula nomi Ijrochi Bastakor
1956 Kamtarlik haqida Yursin karvonlar (faqat ashula naqorati) Yulduz Usmonova
1959 *** Sevgi Nargiz
Oʻn sakkizga kirmagan kim bor Fahriddin Umarov
1961 Yoshlik Yoshligim (faqat kupletlar; „Million roz“ ashulasining oʻzbekchasi) Muhabbat Mehmonova Raimonds Pauls
1964 *** Bolalarni shaytonlardan qoʻrqitmangiz Rustam Gʻoipov
1967 Barcha shodlik senga boʻlsin Barcha shodlik senga boʻlsin Shohruxxon va Nilufar Usmonova Shohruxxon
Doʻst bilan obod uying Doʻst bilan obod uying Gulbahor Erqulova
Uygʻotmagil… Uygʻotmagil Ravshan Zokirov Ravshan Zokirov
1968 Tola soch Habibi Bunyodbek Saidov Alisher Shaydo
Sevgi Sevgi Bobur Yusupov Bobur Yusupov
Oʻrtada begona yoʻq Oʻrtada begona yoʻq Sherali Joʻrayev
Oʻzbegim Oʻzbegim
Oʻzbegim „Setora“ guruhi
1973 Inson Human/Oda o cheloveke Ozodbek Nazarbekov, Dilafruz Rustamova, Oleg Gazmanov, Omirqul Ayniyazov, Zafar Abdualimov, Rafet El Roman, Ahmad Al-Xuraybiy, Alessandro Safina Nodir Umarov
Inson Sherali Joʻrayev
1976 Bir qadam Bir qadam Zulayho Boyxonova
1977 Navoiy gʻazaliga muxammas Kema Sherali Joʻrayev
1988 Yaxshidir achchiq haqiqat Achchiq haqiqat
1994 Biz anglamagan jahon ekan ishq Ishq Abzal Husanov Abzal Husanov
1998 *** Mohitabonim Ziyoda Qobilova

Merosi

tahrir
 
Adiblar hiyobonidagi Erkin Vohidovga oʻrnatilgan haykal, Toshkent.

Vohidov oʻzbeklarning eng sevimli shoirlaridan biri. Oʻzbekistonda koʻplab muassasa va joylarga shoir nomi berilgan. 2018-yilda Margʻilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat ochildi.[13] 2019-yilda esa shaharda Erkin Vohidov memorial muzeyi ochildi.[14]

Vohidov hayoti va ijodi haqida koʻplab kitob yozilgan, shu jumladan, „Erkin Vohidov saboqlari“ (2016), „To quyosh sochgayki nur“ (2016), „Soʻz sehri“, „Oʻzbegimning Erkin oʻzbegi“ kitoblari.

Manbalar

tahrir
  1. "Vohidov, Erkin". Ensiklopedik lugʻat. 1. Toshkent: Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1988. p. 166. 5-89890-002-0. 
  2. „„Xalq so‘zi" gazetasi 1994-yil 26-avgust soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 25-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi e`lon qilinganligining uch yilligi munosabat bilan mukofotlash to‘g‘risida» gi farmon“ (http://press.natlib.uz/).
  3. „Эркин Вахидов“ [Erkin Vohidov] (ruscha) (deadlink). Literature.uz. 2012-yil 14-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 11-fevral. (Wayback Machine saytida 14-fevral 2012-yil sanasida arxivlangan)
  4. Moʻminova, Munojat. „„Inson“ qasidasini 8 tilda qoʻshiq qilish gʻoyasi qanday paydo boʻldi?“. Yuz (2020-yil 23-oktyabr). Qaraldi: 2020-yil 24-oktyabr.
  5. ; R. ShokirovaOʻzbek adiblari. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016. 
  6. 6,0 6,1 6,2 „Tog‘asi qo‘lida tarbiyalangan xalq shoiri“ (uz). kun.uz. Qaraldi: 2023-yil 31-mart.
  7. 7,0 7,1 7,2 Gʻulomova, Nazira. Ona tili va adabiyot. Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2014. 
  8. „Oʻzbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov vafot etdi“. BBC Oʻzbek xizmati (2016-yil 30-may). Qaraldi: 2018-yil 12-aprel.
  9. „Erkin Vohidov“. Ziyouz. Qaraldi: 2012-yil 11-fevral.
  10. „Руководство страны соболезнует в связи с кончиной Эркина Вахидова“ (ruscha). Gazeta (2016-yil 31-may). Qaraldi: 2018-yil 13-aprel.
  11. Rahmatulla Inogʻomov; Ibrohim Gʻafurov (2000–2005). "Vohidov, Erkin". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 
  12. Bodrogligeti, Andras J. E.. Modern Literary Uzbek. LINCOM Publishers, 2003. ISBN 978-3895866951. 
  13. „Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat ochildi“. Gazeta (2018-yil 5-sentyabr). Qaraldi: 2020-yil 26-dekabr.
  14. „Fargʻona vodiysi – oʻzbek sheʼriyati beshigi“. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (2019-yil 4-sentyabr). Qaraldi: 2020-yil 26-dekabr.

Havolalar

tahrir