Toshkent avtomobil halqa yoʻli
Toshkent halqa avtomobil yoʻli (Katta halqa yoʻli, Betonka) — umumdavlat ahamiyatidagi yoʻl hisoblanadi. Katta va kichik halqa yoʻllardan iborat. Katta halqa avtomobil yoʻlini loyihalashtirish va qurilish ishlari 1959—68-yillarda bir necha bosqichlarda qismlarga boʻlinib amalga oshirilgan. Umumiy uzunligi 76,7 km[1], qattiq toʻshamali (48 km sementbeton, 19 km asfaltbeton), Itoifali. Tranzit yuklarning Toshkent shahrini chetlab oʻtishini taʼminlash, shahar ichidagi transport qatnovi xavfsizligi va ekologiyani yaxshilash maqsadlariga xizmat qiladi. Bu yoʻl xalqaro ahamiyatli 3 ta (M34; M39; A373), 7 ta umumdavlat, 10 ta mahalliy yoʻllar va koʻplab shahar kuchalari tutashadigan, umumiy uz. 3372 m boʻlgan 22 ta koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar, jami uz. 6125 m boʻlgan 160 ta quvur va boshqa meʼmoriy inshootlar barpo etilgan murakkab muhandislik inshootidir. Yil davomidagi oʻrtacha transport harakati jadalligi kuniga 38500 avtomobilni tashkil etadi (2004).
Umumiy maʻlumotlar | |
---|---|
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Shahar | Toshkent |
Uzunligi | 76.7 km |
Koʻchada joylashgan binolar |
Shifokorlar shaharchasi Tibbiyot akademiyasi Zafar Diyor nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi |
Kichik halqa avtomobil yoʻli Toshkent shahrining hududiy kengayishi, transport vositalari sonining koʻpayib borishi va shahar koʻchalaridagi transport harakatini oqilona tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov tashabbusi bilan qurila boshlandi. Mazkur yoʻl Toshkent sh. hokimligining 2001-yil 2 iyundagi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 14 noyabrdagi farmoyishi asosida barpo etildi. Toshkent sh. hududidagi bir qancha koʻchalarni birlashtiradi; qattiq asfaltbeton toʻshamali, uz. 32,2 km, oʻrtadagi ajratish tasmasining kengligi 1-2 m. Qatnov qismlari 8 tasmali boʻlib, kengligi 32,0 m. Kunlik transport qatnovi jadalligi 35000—45000 avtomobilGʻkun.
Ushbu yoʻl orqali Samarqand, Keles, Chimkent, Bishkek, Qoʻqon yoʻnalishiga chiqish mumkin. Bundan tashqari u poytaxtning koʻpgina tumanlarini oʻzaro bogʻlab turuvchi muhim iqtisodiy ahamiyatga ega yoʻl hisoblanadi. Yoʻl yoʻnalishida poytaxtning bir qancha mavze va dahalari, Shifokorlar shaharchasi, Tibbiyot akademiyasi, Zafar Diyor nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, Chilonzor, „Karvon“ hamda Qoʻyliq buyum bozorlari, Bektemir dehqon bozori va boshqa bozorlar, Boʻzsuv, Quyi Boʻzsuv, Anhor, Qarakamish, Damariq, Salor, Qorasuv kanallari, Hasanboy, Barotxoʻja va Joʻn ariqlari, „Uch qahramon“ yoʻl harakati xavfsizligi nazorati maskani, restoranlar, toʻyxonalar, boshbekatlar, yonilgʻi quyish shoxobchalari, sanoat korxonalari, shifoxonalar, davlat va jamoat birlashmalari, xususiy korxonalar, turli servis xizmat koʻrsatish maskanlari joylashgan.
Yoʻlda avtotransport vositalarining harakati ikki yoqlama 3 qator boʻlib harakat qilishi yoʻlga qoʻyilgan. Yoʻnalishida 15 ta koʻprik va yoʻloʻtkazgichlarga ega. Poytaxtning Bunyodkor va Amir Temur shohkoʻchalari, Buyuk ipak yoʻli, Keles yoʻli, Doʻrmon yoʻli, Fargʻona yoʻli, Yangi Sergeli, Mannon Uygʻur, Forobiy, Parkent kabi asosiy koʻchalar bilan tutashgan. Tarkibida Temir Malik va Ohangaron koʻchalari bor. Yoʻlsozlar va koʻpriksozlar tomonidan soʻnggi yillarda Katta halqa yoʻlning Fargʻona yoʻli, Yangi Sergeli koʻchasi va Katta Oʻzbekiston trakti kesishmasida hamda Erkin qoʻrgʻoni hududida yangi koʻprik va yoʻloʻtkazgichlar bunyod etildi. 2006-yilning avgustda Katta halqa yoʻlning Yangi Sergeli koʻchasi chorrahasidan Erkin qoʻrgʻoni hududi orqali olib oʻtilgan va yoʻlning shimoliy qismi bilan bogʻlangan yakuniy bosqichi foydalanishga topshirildi.
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Toshkent. Ensiklopediya, 2009-yil.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |