Tugunakli kovrak
Tugunakli kovrak (lotincha: Ferula tuberifera) — ziradoshlar oilasi, kovrak turkumiga kiruvchi koʻp yillik, gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Surxondaryo viloyati Hisor tizmasining janubi-gʻarbiy qismida tarqalgan[1].
Tugunakli kovrak | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Gulli oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Kovrak |
Oila: | Ziradoshlar |
Binar nomi | |
Ferula tuberifera |
Tavsifi
tahrirBoʻyi 50—60 sm ga yetadigan koʻp yillik, tuganakli, monokarp oʻsimlik. Ildizi qisqa, ichi tuganak bilan tugaydi. Poyasining sirtqi qismi och yashil rangda, boʻgʻim oraliqlari pufaksimon shishgan, oʻrta qismidan bir nechta boʻlakka boʻlinib shoxlanib ketadi. Poyasining pastki qismidagi barglari ketma-ket, yuqoridagilari halqa hosil qilib joylashgan. Barglari romb shaklida, qisqa bandli. Gullari soyabonsimon toʻpgulda joylashgan. Soyabonlari turlicha shaklda, oʻrta qismida joylashgan gullari deyarli bandsiz, 7-13 nurli, diametri 8 sm, toʻpgul chetidagi gullar 2-3 tadan boʻlib birlashgan. Soyabonchalari 10-15 gulli. Gultojibarglari sariq rangda, shakli choʻziq ovalsimon. May oyida gullab mevasi iyunda pishadi. Mevasining shakli ovalsimon, oqish sariq rangda. Urug‘i va tuganaklari orqali koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiatda yakka holatda, baʼzan, toʻp-toʻp boʻlib uchraydi. Surxondaryo viloyati, Hisor tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoqlarida, Koʻhitang togʻida tarqalgan. Togʻlarning oʻrta qismidagi toshli va tosh shagʻalli yerlarda va archazorlarda oʻsadi. Oʻsimlikning urug‘i yetilmasdan oldin chorva mollari tomonidan isteʼmol qilinishi va yem xashak sifatida oʻrib olinishi turning kamayib ketishiga sabab boʻlgan. Surxon davlat qo‘riqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Ферула клубненосная — Ferula tuberifera — Описание таксона — Плантариум“. 2015-yil 14-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 1-may.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.