Vikipediya:Maqolalarni nomlash (kishilar ismlari)

(Vikipediya:Kishi ismlaridan yoʻnaltirildi)

Oʻzbekcha Vikipediyada kishilar ismlarini yozish boʻyicha muayyan qoidalar qabul qilingan. Xususan, originali lotin yozuvida yoziladigan ismlarni aslidek yozish, yaʼni rus tiliga taqlid qilgan holda transliteratsiya qilmaslikka kelishilgan. Ushbu qoidaga nima asos boʻlgani haqida quyida batafsil maʼlumot berilgan.

Shu oʻrinda aytish joizki, oʻzbekcha Vikipediyada qabul qilingan qoidalarni ehtiyoj tugʻilsa, oʻzgartirish mumkin. Ammo buning uchun avval forumda munozara oʻtkazilishi kerak.

Originali lotin yozuvida boʻlmagan ismlar

tahrir

Originali lotin yozuvida boʻlmagan (masalan, kirill yozuvida yoziladigan) shaxsiyat ismlari transliteratsiyaga muhtoj boʻlsa, fonetik qoidalar va/yoki mavjud anʼanalarga binoan lotin yozuviga oʻgiriladi.

Originali lotin yozuvida yoziladigan ismlar

tahrir

  Umuman olganda, originali lotin yozuvidagi ismlar oʻzbekcha Vikipediyada lotin yozuviga transliteratsiya qilinmaydi. Xususan, maqolani nomlayotganda hamda maqola matnida. Masalan, Bill Gates yoziladi, Bill Geyts emas. Ammo ushbu qoidaga rioya qilib nomlangan maqolalarda maqolaning kirish qismida ismdan keyin qavs ichida shaxsiyat ismining transliteratsiyasini yozish kerak. Shuningdek, transliteratsiya qilib yozilgan ismdan tegishli maqolaga yoʻnaltirish (inglizcha: redirect) ham qoʻyish zarur. Masalan: Maykl JeksonMichael Jackson).

Asli lotin alifbosida yoziladigan shaxslar haqidagi maqolalarda shaxs ismi-shariаining o'zbekcha transliteratsiyasini keltirish ikki bosqichdan iborat:

1. Maqolada shaxs ismi va familiyasi, toʻliq ismi, laqabi/taxallusi talaffuzi keltirilishi kerak. Maqola ichida ism-sharif talaffuzini takrorlash shart emas. Masalan, Bill Gates haqidagi maqolada mana bu shaklda yozamiz:

'''Bill Gates''' ({{talaffuz|Bill Geyts}}; toʻliq ismi '''William Henry Gates III''' ({{talaffuz|Uilyam Henri Geyts Uchinchi}}); 1955-yil 28-oktyabrda tugʻilgan) — amerikalik ishbilarmon va filantrop. ...

2. Transliteratsiya sahifasidan maqolaga yoʻnaltirish qoldiramiz. Yaʼni, Bill Geyts sahifasini yaratib, unda #YOʻNALTIRISH [[Bill Gates]] kodini yozamiz. (Yoki bu kodni tahrir oynasidagi „Qayta yoʻnaltirish“ tugmasi yordamida yozamiz).

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: muayyan shaxs ismi-sharifini qanday transliteratsiya qilishni qanday aniqlash mumkin? Muayyan ismni transliteratsiya qilishning eng oson yoʻli — oʻsha shaxs haqidagi ruscha maqolani ochib qarash. Ruschada aynan oʻsha shaxs haqida maqola boʻlmasa, ayni ismli shaxs haqidagi maqolani alohida, ayni familiyali shaxs haqidagi maqolani alohida koʻrib, xulosa chiqaramiz.

Masalan, Miloš Veljković ismini qanday oʻqishni faqat oʻzbek tilida soʻzlashuvchi odam bilmasligi mumkin. Ruscha Vikipediyada Милош Велькович oʻlaroq maqola yaratilgan. Demak, oʻzbekcha maqolada (talaffuzi: Milosh Velkovich) deb yozishimiz. Buning ortidan Milosh Velkovich sahifasidan Miloš Veljković sahifasiga yoʻnaltirish qoldiramiz.

Foydalanuvchilarga qulay boʻlishi uchun transliteratsiyani talaffuzga tenglashtiramiz. Aslida talaffuz andozasi bilan IPA belgilarini (mǐloʃ ʋěːʎkoʋitɕ) ishlatish ham mumkin, ammo bu shart emas. Foydalanuvchilar xohlasalar maqola kirishida ham oʻzbekcha transliteratsiyani, ham IPA belgilari bilan yozilgan talaffuzni keltirishlari mumkin.

Qoida uchun asos boʻlgan omillar

tahrir

Oʻzbekcha Vikipediyada asli lotin alifbosida yoziladigan shaxsiyat ismlarini aslidek yozish qoidasi qabul qilinishi quyidagi omillar asos boʻlgan:

  1. Oʻzbek tilida transliteratsiya qilish qoidalari mukammal ishlab chiqilmagan[1]. Masalan, ayrimlar, jumladan, OAV vakillari oʻzbek tilida Ilon Mask deb yozsa, boshqalar Elon Mask deb yozmoqda. Boshqa tillardagi (fransuzcha, portugalcha va hokazo) ismlarni transliteratsiya qilish masalasida esa bundan ham koʻp qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Oʻzbekcha Vikipediya administratorlari esa boshqa tillardagi ismlarni oʻzbek lotin yozuviga olish boʻyicha qoidalarni ishlab chiqishga masʼul emas. Shuning uchun mukammal qoidalar ishlab chiqilgunicha, Oʻzbekcha Vikipediyada ismlarni aslidek yozishga kelishilgan.
  2. Lotin yozuvini ishlatadigan deyarli barcha tillarda shaxsiyat ismining originali lotinda yozilsa, bu ism transliteratsiya qilinmaydi. Masalan, turk tilida tr:Michael Jackson yoziladi, Maykl Cekson emas. Bu qoidaga amal qilmaydigan tillarga ozarbayjon tili (az:Maykl Cekson) hamda Vikipediya va boshqa viki loyihalarni hisobga olmaganda oʻzbek tili misol boʻla oladi.
  3. Umumjahon til huquqlari deklaratsiyasi 34-moddasiga binoan, „Har kim barcha jabhalarda oʻz ismini oʻzining tilida ishlatish hamda faqat zarur boʻlganda boshqa yozuv tizimida oʻz ismining eng mos fonetik transkripsiyasini ishlatish huquqiga ega“[2]. Yaʼni, har qanday shaxs oʻz ismi boshqa tillarda qanday yozilishini belgilash huquqiga ega. Ismi lotin yozuvida yoziladigan shaxs lotin yozuvini ishlatadigan boshqa tillarda ismi aslidek yozilishini afzal koʻradi.
  4. Originali lotinda yoziladigan ismni ruslarga taqlid qilib transliteratsiya qilish mantiqqa zid. Masalan, ozarbayjon tilida ism talaffuzi asos oʻlaroq olinmaydi, balki oʻsha ismning ruscha versiyasi olinib, transliteratsiya qilinadi. Masalan, Vasco da Gama ismi ozarbayjon tilida az:Vasko da Qama (Vasko da Qama) deb yoziladi, vaholanki uning ismi „Vashku de Gama“ deb aytiladi; yaʼni ayni damda ozarbayjon tilida va oʻzbek tilida koʻr-koʻrona ruscha yozuv olinib, lotinlashtiriladi.
  5. Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi shaxs uchun ismning originalini yoza bilish kerakli maʼlumot topishni osonlashtiradi, xususan, Vikiombor, Vikimaʼlumotlar kabi Vikipediyaga qardosh loyihalarda.
  6. Shaxsiyat haqidagi maqola lotin yozuvida originalidek yozilgani bilan, oʻzbek tilida soʻzlashuvchi oʻquvchi tegishli maqolani topishi va ismni toʻgʻri talaffuz qilishi muammo boʻlmaydi, chunki maqolaning eng boshida, ismdan keyin qavs ichida shaxs ismi talaffuzi keltiriladi. Masalan, „Michael Jackson (talaffuzi: Maykl Jekson) — amerikalik qoʻshiqchi“. Shuningdek, transliteratsiyadan maqolaga yoʻnaltirish qoldiriladi: siz oʻzbekcha Vikipediya qidiruv oynasida Maykl Jekson deb yozsangiz, avtomatik tarzda Michael Jackson maqolasi ochiladi.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Abduhalimova, Zuhra „SOS: Ўзбек тилидаги хорижий атоқли номлар ва сўзлар имлосида ҳанузгача якдиллик йўқ“. Kun (17-iyun 2022-yil). Qaraldi: 20-iyun 2022-yil.
  2. „World Conference on Linguistic Rights: Barcelona Declaration“ (inglizcha, ruscha, fransuzcha, arabcha, ispancha, xitoycha). UNESDOC. UNESCO (1996-yil). — „Everyone has the right to the use of his/her own name in his/her own language in all spheres, as well as the right, only when necessary, to the most accurate possible phonetic transcription of his/her name in another writing system“. Qaraldi: 20-iyun 2022-yil.