Vikipediya:Maqolalarni nomlash (xorijiy soʻzlar)

Oʻzbekcha Vikipediyada oʻzbek tilida soʻzlashuvchi oʻquvchilar uchun kontent yaratiladi. Shuning uchun iloji boricha xorijiy atamalarning oʻzbekcha muqobilini keltirish kerak. Oʻzbekcha Vikipediyaning oʻzgachaligi shundaki, unda originali lotin yozuvida yoziladigan kishilar ismlari aslidek yoziladi.

Oʻzbekcha Vikipediyada barcha soʻzlar va atamalar imkon qadar oʻzbek tilida berilishi kerak. Originali lotin yozuvida yoziladigan kishilar ismlari, oʻzbekcha manbalarda uchramaydigan jugʻrofiy nomlar hamda atoqli otlar bundan mustasno.

Tarjima, transliteratsiya va aslidek yozish

tahrir

Yuqorida eʼtirof etilganidek, oʻzbekcha Vikipediya eng avvalo oʻzbek tilida soʻzlashuvchi oʻquvchi uchun moʻljallangan. Biror tushuncha haqida lotin yozuvida oʻzbekcha nufuzli manba topishning iloji boʻlmasa, quyidagicha yoʻl tutiladi:

  • erkin tarjima oʻzbek tilida soʻzlashuvchi oʻquvchiga tushunarli boʻladigan boʻlsa, atamani oʻzbekchaga oʻgiramiz. Masalan, inglizcha noise barrier atamasini shovqindan himoyalovchi ekran deb oʻgirsak, oʻquvchiga tushunarli boʻladi. Qolaversa, buni tasdiqlovchi ayrim oʻzbekcha manbalarni topish mumkin[1].
  • tushuncha oʻzbek oʻquvchisiga umuman yot boʻlsa va/yoki undagi soʻzlarning keng tarqalgan tarjimasi mavjud boʻlmasa, atamani transliteratsiya qilamiz. Masalan, inglizcha power chord atamasini soʻzma-soʻz „qudrat akkordi“ deb emas, balki pauer-akkord deb oʻgiramiz.
  • biror tushuncha oʻzbekcha nufuzli manbalarda aslidek yozilsa yoki tushunchaning tarjimasi umuman boʻlmasa yoki uni tarjima qilishning iloji boʻlmasa, aslidek yozamiz. Masalan, NIMBY inglizcha keng tarqalgan qisqartma boʻlib, uni tarjima qilish imkonsiz. Shuning uchun bunday soʻzlarni aslidek yozamiz.

Quyida ushbu qoidalar boʻyicha koʻproq maʼlumot berilgan.

Tarjima

tahrir

Biror tushuncha haqida oʻzbekcha manbalarda hech qanday maʼlumot topa olmasangiz, atamani mustaqil tarjima qilishingiz mumkin. Ammo mavzuni quyida „Transliteratsiya“ va „Aslidek yozish“ boʻlimlarida koʻrsatilgan qoidalar tufayli tarjima qilishning iloji boʻlmasa, tarjima qilmang. Muhimi, oʻzbekcha tarjima oʻzbek tilida soʻzlashuvchi oʻquvchiga tushunarli boʻlishi kerak. Masalan, ruscha Vikipediyada ru:Административное деление СССР deb nomlangan maqola bor. Uni SSSRning maʼmuriy-hududiy boʻlinishi deb oʻgirsak, oʻzbek oʻquvchisiga tushunarli boʻladi, chunki bunga oʻxshash nomli maqolalar talay, jumladan, oʻzbekcha Vikipediyada (masalan, Oʻzbekistonning maʼmuriy-hududiy boʻlinishi).

Transliteratsiya

tahrir

Ayrim atamalarni tarjima qilishning iloji yoʻq, chunki tarjima ham, aslidek yozish ham tushunarsiz boʻladi. Bunday holatlarda atamani transliteratsiya qilish mumkin, yaʼni uni oʻzbek lotin alifbosi vositasi bilan harfma-harf aks ettirish mumkin. Oʻzbek tilida translitaratsiya qilishda rus tiliga tayanish mumkin, chunki zamonaviy oʻzbek tili grammatikasi rus tili grammatikasi asosida ishlab chiqilgan, jumladan, transliteratsiya qoidalari. Masalan, oʻzbek tilida rus tilidan aynan yoki soʻzma-soʻz tarjima qilingan soʻzlar rus tilidagi kabi chiziqcha bilan yoziladi[2], inglizchada chiziqchasiz yozilishiga qaramay. Masalan, en:rock festival ruscha ru:рок-фестиваль oʻlaroq yoziladi.

Koʻplab musiqa janrlarida ham shu holatni kuzatish mumkin. Masalan, lotin yozuvidagi imlo lugʻatlarida, jumladan, 2013-yil „Akademnashr“ nashriyotida chop etilgan lugʻatda musiqa janri rok-musiqa oʻlaroq berilgan, rok musiqa yoki rock musiqa oʻlaroq emas[3]. Bu holat ushbu atamaning yozilishiga rus tili asos boʻlganini tasdiqlaydi, ingliz yoki turk tillari emas. Shundan kelib chiqib, oʻzbek tilida barcha musiqa janrlarini rus tilidan kirib kelgan transliteratsiya qoidalari asosida yozamiz. Yana bir misol: ayni lugʻatda rok-orkestr birikmasi keltirilgan. Shundan kelib chiqib, rok-festival deb yozamiz. Rok soʻzining lotin yozuvida rasmiy varianti boʻlgani uchun glam rock atamasini yarim oʻzbekcha, yarim inglizcha qilib („ingbekcha“?) glam rok deb emas, balki toʻliq transliteratsiya qilgan holda glem-rok deb yozamiz, garchi buni tasdiqlovchi lotin yozuvidagi oʻzbekcha manba hozircha mavjud boʻlmasa-da.

Aslidek yozish

tahrir

Quyidagi holatlarda soʻzlarni aslidek yozamiz:

  1. Tijorat va notijorat tashkilotlar nomlari (Apple, Food and Drug Administration)
  2. Savdo belgisi, yorliq va brend nomlari (iPhone, Google Glass)
  3. Zamonaviy (XX—XXI asrlar) musiqiy guruhlar, albomlar va kompozitsiyalar nomlari (AC / DC, Deep Purple); akademik musiqa bilan bogʻliq tushunchalar bundan mustasno
  4. OAV nomlari (CNN, Die Welt)
  5. Saytlar va Internet xizmatlari nomlari (4chan, bit.ly)
  6. IT sohasidagi atamalar va nomlar, jumladan, qisqartmalar (TCP/IP, XMPP)
  7. Tabiiy fanlar sohasidagi atamalar va nomlar (J/ps-meson, SDSS J1539+0239)
  8. Ilmiy adabiyotlarda oʻzbekcha muqobili boʻlmagan biologik taksonlar nomlari
  9. Keng qoʻllaniladigan lotincha birikmalar va maqollar (Ad hominem, Magnum opus)
  10. Oʻzbek tiliga rasman tarjima qilinmagan xorijiy filmlar nomlari

Manbalar

tahrir
  1. „Холиқов Алишер Исан ўғлининг фалсафа доктори (PhD) диссертация ҳимояси ҳақида эълон“. Олий аттестация комиссияси. Qaraldi: 26-avgust 2022-yil.
  2. ; Mahmudov, N.; Madvaliyev, A.; Makamov, N.Oʻzbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari. Toshkent: Oʻzbekiston, 2015. ISBN 978-9943-28-392-3. 
  3. Begmatov, E.; Madvaliyev, A.. Oʻzbek tilining imlo lugʻati. Toshkent: Akademnashr, 2013. ISBN 978-9943-389-19-9. 

Yana qarang

tahrir