Xoʻjamurod Jabborov
Xoʻjamurod Jabborov (1954-yil 14-aprel, Chiroqchi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, filologiya fanlari doktori, professor.
Xoʻjamurod Jabborov | |
---|---|
Tavalludi |
14-aprel 1954-yil Chiroqchi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Ish joylari | Qarshi davlat universiteti |
Taʼlimi | Qarshi davlat pedagogika instituti |
Ilmiy darajasi | filologiya fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor |
Biografiyasi
tahrirXoʻjamurod Jabborov 1954-yil 14-aprelda Chiroqchi tumanidagi Taragʻay qishlogʻida oddiy ishchi oilasida tavallud topgan. 1971-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga oʻqishga kirib, mazkur institutni 1975-yilda tamomlagan va oʻzbek tili va adabiyot oʻqituvchisi mutaxassisligini olgan. 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutiga kirib, 1986-yilda mazkur institutni injener-gidrotexnik mutaxassisligi boʻyicha tugatgan. Mehnat faoliyatini 1975-yilda Qarshi shahridagi 42-hunar texnika bilim yurtida ona tili va adabiyot oʻqituvchisi sifatida boshlagan[1]. 1975—1976-yillarda harbiy xizmatda boʻlgan. 1977—1980-yillarda Qarshi shahar 42-hunar texnika bilim yurtida oʻqituvchi, komsomol kotibi, 1980—1984-yillarda Qashqadaryo viloyati komsomol qoʻmitasida lektorlar guruhi boshligʻi, 1984—1987-yillarda Koson tumani komsomol qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimda faoliyat koʻrsatgan. 1987—1988-yillar Qashqadaryo viloyati kasaba uyushmasi tashkiliy ishlar boʻlimi mudiri vazifasida ishlagan. 1988—1993-yillarda Qarshi davlat universiteti oʻzbek tilshunosligi kafedrasining oʻqituvchisi, shuningek, 1991-yilning yanvar-mart oylarida Moskva shahrida SSSR Fanlar akademiyasining Turkologiya va Mongolistika boʻlimida mustaqil tadqiqotchi sifatida akademik Adham Rahimovich Tenishev ilmiy rahbarligida tadqiqot ishlari olib boradi. 1993—2002-yillarda Qarshi davlat universiteti katta oʻqituvchisi, 1996—1998-yillarda „Oʻzbek filologiyasi“ fakulteti oʻquv ishlari boʻyicha dekan oʻrinbosari, 2002—2004-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchi, 2004—2007-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi, 2007—2009-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, 2009—2015-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasining mudiri, 2015—2017-yillardan kafedra dotsenti, 2017-yilning martidan boshlab oʻzbek tilshunosligi kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda[1].
Oilasi
tahrirOilali, 7 nafar farzani bor.
Ilmiy faoliyati
tahrirXoʻjamurod Jabborov 1996-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tilshunoslik institutida „Oʻzbek tilining sugʻorish leksikasi“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan[1]. 2017-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida „Oʻzbek tilining dehqonchilik leksikasi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini[2] himoya qilib, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2022-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. 220 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop ishlar, jumaladan, 4 ta monografiya („Oʻzbek tilining sugʻorish leksikasi“ 2004, „Oʻzbek tilida suv leksemasining lugʻaviy-maʼnoviy xususiyatlari“ 2005, „Oʻzbek tilining dehqonchilik leksikasi“ 2011, „Zemledelskaya leksika uzbekskogo yazika“ 2022), 2 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 2 ta oʻquv qoʻllanma („Tilshunoslikka kirish“ 2022; „Ona tili (akademik litseylarning I bosqich oʻquvchilari uchun)“ 2022), 3 ta izohli lugʻat („Dehqonchilik soʻzlarining qisqacha izohli lugʻati“, 2016[3], „Oʻzbek tili dehqonchilik soʻzlarining qisqacha izohli lugʻati“, „Qishloq xoʻjalik terminlarining qisqacha izohli lugʻat“), 90 ta ilmiy maqola muallifi. 2021-yilda olimning „Qishloq xoʻjalik terminlarining qisqacha izohli“ lugʻati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan „Ona tili — millat gʻururi“ ilmiy-ijodiy ishlar respublika tanlovining „Eng yaxshi oʻquv va atamalar lugʻati“ yoʻnalishida 1-oʻrinni egallagan[1].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383-bet.
- ↑ „Жабборов Хўжамуроднинг фан доктори (DSc) диссертацияси ҳимояси ҳақида эълон“ (2017-yil 15-noyabr).
- ↑ „ДЕҲҚОНЧИЛИК СЎЗЛАРИ ЖАМЛАНГАН ЛУҒАТ“.