Majdiddin Muhammad

XV asrning koʻzga koʻringan olimi, faqih, voiz, davlat arbobi

Majdiddin Muhammad, Majdiddin Xavofiy, Xoja Majdiddin Muhammad Xavofiy (? — 1494-yil avgust) — XV asrning koʻzga koʻringan olimi, faqih va voiz[1]. Husayn Boyqaro davlatining yirik mansabdor shaxslaridan biri, vazir (1487-1490). Otasi Gʻiyosiddin Pir Ahmad Xavofiy Hirotda Shohrux Mirzoning vaziri (1417-1447) boʻlgan.

Majdiddin Muhammad
Tavalludi
Xoja Majdiddin Muhammad Xavofiy
Vafoti 1494-yil
Fuqaroligi Temuriylar imperiyasi
Otasi Gʻiyosiddin Pir Ahmad Xavofiy

Hayoti

tahrir

Majdiddin Muhammad Abu Said davrida oddiy mirza, soʻngra Husayn Boyqaroning jiyani Mirzo Muhammad Sultonning vaziri boʻlgan. Sulton Husayn Boyqaro undan Majdiddin Muhammadni soʻrab olib, parvonachi mansabiga oʻtqazgan (1472), Majdiddin Muhammad saroy va mamlakatdagi ishlar xususida sultonga axborot berar, qabul qilingan qarorlarni yozib olar va oʻz muhrini sulton muhri bilan yonmayon qoʻyardi; shu tufayli hukmdorlarning noibi (oʻrin-bosari) hisoblangan. Biroq Majdiddin Muhammad bilan Alisherbekning oʻzaro munosabatlari murakkab edi. Buning ustiga saroy vazirlari Nizomulmulk va Xoja Afzaliddin Muhammadlar Majdiddin Muhammadga qarshi fitna qoʻzgʻatib, uni sultonga qoralay boshlab, Majdiddin Muhammadni 60 ming dinor toʻlashga majbur etishgan. U parvonachi mansabini saqlab qolgan, biroq devon ishlariga aralashmasligi lozim boʻlgan (1478-yil). 1487-yil Alisherbek Astrobod hokimi etib tayinlangach, Majdiddin Muhammad devon ishlariga yana aralasha boshlagan, dastlabiga u maʼlum hokimiyatga ega boʻlmagan. Xazina boʻshab qolib, sultonga 2 tuman pul zarur boʻlib qolganda Majdiddin Muhammad sultonga nafaqat 2 tuman balki 2000 tumanni ham osonlik bilan topishi mumkinligini aytadi. Ertasi kuni Majdiddin Muhammadga keng vakolatlar beriladi: unga hukmdor nomidan muhr bosish, barcha ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish huquqi beriladi. Majdiddin Muhammad „saltanat va podshohlikning ishonchli kishisi“ unvoniga ega boʻlgan. Amaldorlar poraxoʻrliklari uchun javobgarlikka tortilgan va qisqa mudsat ichida ulardan 2000 tuman pul toʻplab olingan.

Alisherbek 1490-yil Hirotga qaytgach, Majdiddin Muhammadning taʼsiri zaiflasha boshlagan. Balxda Darveshali qoʻzgʻolon koʻtarganligi haqidagi xabar Hirotga yetib kelganda, sulton Husayn Boyqaro davlat manfaatlarini koʻzlab, Majdiddin Muhammadni vaqtincha hokimiyatdan chetlashtiradi. Majdiddin Muhammadni barlos beklari, mashhur soʻfiy shoir Abdurahmon Jomiy qoʻllab-quvvatlaydi.

Majdiddin Muhammad barlos beklari yordamida sulton qabuliga kirishga muvaffaq boʻladi, u hukmdorga 20 ming dinor peshkash qiladi, lekin oradan bir necha kun oʻtgach, barlos beklari va Majdiddin Muhammad hibsga olinadi. Majdiddin Muhammad barcha gunohlarni oʻz boʻyniga olgan. Uning mol-mulki taftish qilinganda hech kim kutmagan nodir, qimmatbaho buyumlar topilgan. Majdiddin Muhammad bir qancha toʻlov shartnomalarga imzo chekkach, ozod qilingan. Majdiddin Muhammad farangilar (yevropaliklar) karvoni bilan Kirmonga qochadi, u yerdan Makkaga, haj ziyoratiga joʻnaydi, biroq manzilga yeta olmaydi, yoʻlda, Arabistondagi Tobuk degan yerda vafot etadi[2].

Adabiyotlar

tahrir
  • Bartold V. V., t. II chast II, Sochineniya, M., 1964;
  • Boburnoma, T., 1989.

Manbalar

tahrir
  1. Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir