Yirik panelli va yirik blokli binolar
Yirik blokli binolarni loyihalash
tahrirGʻisht devorli binolarning seysmik mustahkamligini taʼminlashga qaratilgan umumiy talablar yirik blokli binolarga ham taalluqlidir. Zilzila kuchlariga qarshilik koʻrsatishda, barcha bloklarning baravar ishlashini taʼminlovchi konstruktiv choralar hamda yopmalarning roli benihoya kattadir. Devordagi qatorlar soni bloklarning oʻlchamiga bogʻliq. Seysmik rayonlar uchun bloklar qatori ikkita boʻlgan variantda maqsadga muvofiq hisoblanadi. Yirik blokli binolarning seysmik mustahkamligini taʼminlaydigan choralardan biri blok qirgʻoqlarida vertikal armatura qoʻllash usulidir. Armatura karkaslari devor bloklarining yon qirgʻoqlarida qoldirilgan oʻyiq-novlar boʻylab poydevordan boshlab karnizgacha oʻtkaziladi. Soʻngra vertikal armatura uchun peremichka bloklarida maxsus teshiklar qoldiriladi. Armatura oʻtkazilgandan keyin novlarga beton quyiladi. Armatura karkaslari blokka mahkamlangan skobalarga payvandlanadi. Oʻzbekiston qishloq qurilishida keng tarqalgan ikki qatorli silikalsit blokli binolarning afzalligi shundan iboratki, ularda boʻylama va koʻndalang devorlarning tutashish yerlarida „T“ hamda burchak shaklidagi bloklar qoʻllanadi. Vertikal choklar poydevordan boshlab chordoq yopmasining yaxlitlovchi kamarigacha armaturalanadi. Devor bloklari yon sirtidan chiqib turgan ilgaklardan shponka hosil qilinadi. Armatura karkaslari oʻrnatilgach, bloklar orasidagi vertikal silindrik boʻshliqqa beton quyib toʻldiriladi. Yirik blokli binolarning seysmik mustahkamligini oshiradigan choralardan yana biri bloklar orasiga temirbeton karkas yotkizishdan iboratdir. Buning uchun devor bloklari orasiga karkasning vertikal elementi, peremichka bloki bilan yopma orasiga esa gorizontal elementi joylanadi. Karkas elementlarini bir-biriga ulash uchun armaturalar uzaro payvandlanadi, soʻngra choklar beton bilan toʻldiriladi. Yirik blokli devorlar gʻisht devorlarga nisbatan zilzila taʼsiriga bardoshliroq hisoblanadi. Chunki betonning oʻzi gʻishtga nisbatan pishiqroq material boʻlganidan, yirik bloklardan tashkil topgan devor ham gʻisht devorga qaraganda pishiqroq boʻladi. Peremichka bloklari esa temir-beton kamarlar singari ishlaydi. Devorlarni kuchaytirish vazifasini oʻtaydigan vertikal armaturalarga kelsak, ularni oʻrnatish ishlari gʻisht devorlardagiga nisbatan birmuncha qulay boʻgʻib, bloklarni montaj qilishda halaqit bermaydi.
Yirik panelli binolarni loyihalash
tahrirYirik panelli binolar yuqori darajada industrlashtirish imkoniyatlari katta boʻlganligidan binokorlikning bu uslubi seysmik va noseysmik rayonlarda keng koʻlamda qoʻlaniladi. Bino vaznining yengilligi (gʻisht devorli binolarga nisbatan 1,2-2 barobar yengil), devor materialining mustahkamligi, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarining soddaligi va ularni planda bir meʼyorda tarqalgani yirik panelli uylarning afzalliklaridan boʻlib, seysmik zonalarga jadal sur’atlar bilan kirib kelishga keng yoʻl ochib berdi. Poydevorning chuqurligi noseysmik rayonlardagi kabi olinadi. Yuk koʻtaruvchi devorlar ostiga lenta poydevor ishlash maqsadga muvofiqdir. Poydevorlar monolit yoki yigʻma betondan ishlanishi mumkin. Binoning ostki devorlari yoki yertoʻla devorlaridan chiqib turgan armaturalarga mahkamlanadi. Agar poydevor yigʻma boʻlsa, devor ostiga monolit temir-betondan yostiq ishlanadi. Agar yertoʻla boʻlmasa, yigʻma beton bloklari ustiga 100 mm qalinlikda yotqizilgan temirbeton kamar yordamida bir-biriga bogʻlanadi. Kamar ustiga tashqi va ichki devorlar oʻrnatiladi, chiqarib qoldirilgan armaturalar kavsharlanadi, soʻng V15 klassli beton bilan yaxlitlanadi. Yertoʻla devorlari qalinligi 140 mm, beton klassi V15 boʻlgan panellardan tiklanadi; panel chetlaridan chiqib turgan armaturalar, ularni vertikal va gorizontal choklar boʻyicha qoʻshni elementlarga mustahkam bogʻlanish imkonini beradi. Seysmik rayonlarda qoʻllanadigan tashqi devor panellarining konstruksiyasi bir va uch qatlamli boʻlishi mumkin. Bir qatlamli panellar, odatda, keramzit beton yoki yengil betonlarning boshqa turlaridan tayyorlanadi. Uch qatlamli panellarning ikkita chetki qatlami temir-betondan ishlanib, oʻrta qatlami meniral paxta, koʻpik beton singari issiq-sovuqni oʻtkazmaydigan materiallardan tayyorlanadi. Uch qavatli panellar ichkariga qaragan temir-beton qatlami yuk koʻtaruvchi qatlam hisoblanadi. Uning qalinligi hisoblab belgilanadi, bu qalinlik 7-8 balli rayonlar uchun 8 sm va 9 balli rayonlar uchun 10 sm dan kam boʻlmasligi lozim. Ichki va tashqi qatlamlar temir-beton qovurgʻa yordamida bogʻlanadi. Ichki devorlar bir qatlamli qilib ishlanib, panel qalinligi 12 sm dan kam boʻlmasligi kerak. Seysmik rayonlarda qoʻllanadigan devor panellari fazoviy karkas koʻrinishida ishlangan qoʻsh armatura bilan kuchaytiriladi. Boshqa 7 balli zonalarda quriladigan, balandligi 5 qavatgacha boʻlgan binolarda armaturani bir qavat qoʻysa ham boʻladi[1]. Armaturalarning maʼlum bir qismi devor panellaridan tashqariga chiqib turishi kerak; bu qoʻshni panellar va yopma panelari bilan bogʻlanish uchun zarurdir. Armaturalar oʻzaro kavsharlangach, choklar beton bilan toʻldiriladi. Birikuv choklarining konstruktiv yechimlari hisobiy zoʻriqishlarni qabul qiladigan boʻlishi zarur. Panel choklariga qoʻyiladigan metall bogʻlagichlarning kesimlari hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi, 1 metr chok uchun ularning eng kichik kesimi 7,8 balli zonalarda 0,5 sm, 9 ballida esa 1,0 sm kvadratdan olinishi zarur. Bogʻlagichlarning diametrlari 10 mm dan kam boʻlmasligi lozim. Seysmomustahkam binolarning yopma panellari xona oʻlchamida yasalib, toʻrttala qirrasi bilan devorga tiralishi lozim. Yirik panleli jamoat binolarida toʻsin plitalari ishlatilishiga ruxsat etiladi. Yopma plitalari boʻylama va koʻndalang devorlarni oʻzaro biriktirish orqali, seysmik yuklarni qabul qiladigan, yagona fazoviy sistema sifatida loyihalashtirilishi lozim. Yopma panellari yaxlit yoki boʻshliqli plitalardan tayyorlanadi. Yondosh yopmalar va devorlar bilan bogʻlanishi oson boʻlganidan yaxlit plitalar eng yaxshi konstruksiya hisoblanadi. Agarda yopma alohida elementlardan tashkil topgan boʻlsa, elementlar mustahkam birikib seysmik kuchlarni taqsim qila oladigan bikr gorizontal disk hosil qilishi kerak. Buning uchun panel chekkalaridan oʻyiqlar, qirralari taram-taram ariqchalar va ochiq armaturalar qoldiriladi. Armaturalar qoʻshni element armaturalari bilan kavsharlanadi, soʻng oʻyiqlarga beton quyiladi. Natijada hosil boʻlgan shponka tutash panellarning oʻzaro siljishi va uzilishiga qarshilik koʻrsatadi. Yaxlit yopma plitalarning tiralish yuzasi devor panellarning qalinligiga bogʻliq boʻladi. Panel qalinligi 12, 14 va 16 sm boʻlsa, tiralish masofasi kamida 5,6 va 7 sm olinadi. Yopma panellari devor panellari ustiga toʻshalgan, markasi 100 dan ortiq boʻlgan sement qorishmasi qatlamiga oʻrnatiladi[2].Bu yuqori qavat elementlarining ogʻirligini ostki qavat devorlariga barcha tiralish yuzalari boʻyicha bir meʼyorda uzatilishini taʼminlaydi. Yopmalar tashki devor yoki antiseysmik va harorat choklari devorlariga tayansa, armaturaning yopma panellaridan chiqib turgan uchlari devor panellarining vertikal armaturalariga payvandlanadi. Toʻsinsimon yopma plitasi qoʻyilgan jamoat binolarining devor panellari yuqori qismiga, panellarning vertikal choklarida biriktiriladigan (kamida 12 diametrli) uzluksiz gorizontal armatura koʻzda tutilishi lozim[3].