Yirikbargli andiz (lotincha: Inula macrolepis) – qoqioʻtdoshlar oilasi, andiz turkumiga mansub gulli oʻsimlik turi. Hayotiy shakli ikki yillik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Birinchi marta rus botanigi Aleksandr von Bunge tomonidan tasvirlangan. Samarqand viloyati hududida uchraydi[1].

Yirikbargli andiz
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli o‘simliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Andiz
Oila: Qoqioʻtdoshlar
Binar nomi
Inula macrolepis

Tavsifi

tahrir

Balandligi 50 sm gacha yetadigan ikki yillik oʻt oʻsimlik. Poyasi tik oʻsadi, yarmidan shoxlangan, pastki qismi uzun ipaksimon tuklar bor. Yuqorigi shoxlarining sirti qalin kulrang tuklar bilan qoplangan. Ildizoldi barglari choʻziq, bandi bilan qoʻshib hisoblaganda uzunligi 10 sm gacha yetadi, yuzasi dagʻal tukli, chetlari tishchalarga boʻlingan. Poyadagi barglari nashtarsimon, asosi yuraksimon, uzunligi 6 sm. Barglari poyaning yuqorisiga qarab kichrayib boradi. Gullari sariq, uchli tilsimon, uzunligi 1 sm, bir jinsli, savatcha to‘pgulda joylashgan. Savatchalarining diametri 2-3 sm, tashqi oʻrama barglari nashtarsimon tishli, chetlari dagʻal tuk bilan qoplangan, ichki oʻrama barglari yupqa pardasimon, chetlari och qirmizi tusda. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul oyida gullab, mevasi iyulda pishib yetiladi. Urug‘i tuklar bilan oʻralgan, shamol orqali atrofga tarqaladi. Urug‘i va ildizpoyalari orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti

tahrir

Tabiatda kam uchraydi, birinchi marta 1940—yilda gerbariy uchun yigʻib olingan. Samarqand viloyati hududida tarqalgan. Toʻqaylarda, sernam yerlarda va unumdor tuproqlarda oʻsadi. Oʻsimlik oʻsuvchi yerlarda shagʻal olinishi natijasida populyatsiya soni kamayib ketgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Inula macrolepis Bunge“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.