Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn

Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn sahoba

Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn (arabcha: عبد الله بن عبد نهم ذو البجادین — Abdulloh ibn Abdunuhm ibn Afiyf ibn Usayhim ibn Rabi’a ibn Adiy ibn Saʼlaba ibn Zuayb ibn Saʼd al-Muzaniy) — sahoba[1].

Abdulloh ibn Abdunuhm ibn Afiyf ibn Usayhim ibn Rabi’a ibn Adiy ibn Saʼlaba ibn Zuayb ibn Saʼd al-Muzaniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 630-yil (hijriy 9-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Hayoti

tahrir

Asl ismi Abduluzzo. Muzayna qabilasiga mansub bo‘lgan. Otasi — Abdunuhm. Onasi — Jahma bint al-Horis bin al-Yaqzon al-Hamdoniy. Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn akasi Xuzoadan oldin musulmon bo‘lgan. Islomni qabul qilganidan so‘ng, Payg‘ambar ismini Abdulloh deb o‘zgartirgan. Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Mug‘affalning amakisi. Rasululloh unga „Zulbijodayn“ (ikki bo‘lak mato egasi) deya xitob qilganlari sababli, shu laqab bilan tanilgan. Yoshligida vafot etgan otasidan hech bir meros qolmagan. Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn o‘ziga to‘q amakisi himoyasida katta bo‘ladi, uning yordami bilan boylikka ega bo‘ladi.

Musulmonlikni qabul qilishi

tahrir

Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn Rasululloh Makkadan Madinaga hijrat qilgan vaqtlarida Islom diniga qiziqa boshlaydi va musulmon bo‘lishni juda istaydi. Lekin amakisiga aytishga botinolmay yuradi. Shu tarzda yillar o‘tadi. Bir kuni u: „Ey amaki, Islomni qabul etishingizni uzoq kutdim. Lekin siz buni istamas ekansiz. Musulmon bo‘lish uchun menga ruxsat bering“, deydi. Amakisi: „Agar Muhammadga ergashadigan bo‘lsang, bergan hamma narsamni tortib olaman, hatto kiyimingni ham“, deydi. Bunga javoban Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn: „ Allohga qasam, men musulmon bo‘ldim, but va tosh­larga ibodat qilishni tashladim“ deb, barcha narsadan voz kechishi va Muhammadga ergashishini aytib, amakisi bergan barcha mulkini qaytarib beradi. Rasuli Akramning huzurlariga borish uchun kiyimi ham qolmaganidan onasi unga "bijod" deb ataluvchi qalin matoni ikkiga bo‘lib, kiyim tikib beradi. Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn Madinaga kelib, kechani Masjid an-Nabaviyda o‘tkazadi. O‘shanda Rasululloh Variqon tog‘i etagidagi masjidda edilar. Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn bu yerga sahar vaqtida yetib keladi. Payg‘ambar bomdod namozini o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng odatlaricha, odamlarga yuzlanadilar. U o‘zining qiyofasi bilan Rasulullohning diqqatlarini tortadi. Undan kimligini so‘raganlarida: „Men Abduluzzoman“, deb javob beradi. Payg‘ambar: „Yo‘q, sen Abdulloh Zulbijodaynsan“ deydi va „Men bilan yur“ deb, uni mehmon qilgan va unga Qur’ondan taʼlim bergan.

Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn baʼzi g‘azotlarda Rasululloh bilan birga bo‘lgan. Tabuk g‘azotida Ul Zotning tuyalarini go‘zal nag‘malar bilan yurgizgani rivoyat qilingan. Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn Qur’on o‘qiganida, Allohni zikr qilib duo qilganida ovozini baland ko‘tarar edi. Sahoba Ibn Adra’ rivoyat qiladi: "Rasululloh­ni qo‘riqlab yurardim. Bir kecha tashqariga chiqqanlarida meni ko‘rib qolib, qo‘limdan tutdilar va biz birga ketdik. Yo‘lda namoz o‘qiyotgan kishining yonidan o‘tdik. Uning baland ovozda qiroat qilayotganini ko‘rib: „Menimcha, u riyokor“, dedim. Rasululloh: „Yo‘q, aksincha, u ko‘p tavba qiluvchidir“, dedilar. Men o‘sha kishiga qaradim, u Abdulloh Zulbijodayn ekan" .

Vafoti

tahrir

Alloh yo‘lida shahid bo‘lishni istagan Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn, Tabuk g‘azoti vaqtida isitma kasaliga uchrab, kechasi vafot etadi. Manbalarda Rasululloh besh kishini o‘z qo‘li bilan qabr­ga qo‘ygani, ulardan biri Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodayn bo‘lgan zikr qilinadi. Abdulloh ibn Abdunuhm Zulbijodaynning janoza namozi Rasululloh tomonidan o‘sha kechada o‘qilib, mash’ala yorug‘ligida dafn etiladi. Rasululloh uning qabriga o‘zi tushib, Abu Bakr va Umar yordamida jasadni qo‘ygan. Dafn tugaganidan so‘ng Rasululloh qiblaga qarab qo‘llarini ko‘tarib: „Allohim! Men undan roziman, Sen ham rozi bo‘l!“[2], deb duo qiladilar hamda uni Allohni va Rasulini sevgan, ichi yongan, ko‘zi yoshli, ko‘p Qur’on o‘qigan shaxs bo‘lganini aytadi. Abdulloh ibn Mas’ud bu voqeani qo‘yidagicha zikr qiladi: "Tabuk g‘azotiga Rasululloh bilan birga chiqqan edim. Kechasi tunning yarmida uyg‘onib ketdim, biz joylashgan maydonning bir chetida olovdan bo‘lgan shu’la yonib turganiga ko‘zim tushdi. O‘sha tomonga qarab yurdim. U yerda Rasululloh, Abu Bakr va Umar vafot etgan sahobalardan Abdulloh Zulbijodayn al-Muzaniyni dafn etishga hozirlik ko‘rishayotgan ekan. Ular qabr qazishib uning ichida Rasululloh , tepasida esa Abu Bakr va Umarlar turishgan edi. Rasululloh qabr ichidan turib ularga: „Qani, birodaringizni menga uzatinglar“, dedi. Ular mayyitni uzatdilar. Mayyitni lahadga qo‘ygach, Rasululloh : „Parvardigorim, men undan roziman, Sen ham rozi bo‘l!“, deb duo qildi. Bu holatni ko‘rib: „Men undan o‘n besh yil avval musulmon bo‘ldim. Koshki qabr egasi men bo‘lsam edi“ deb, uning o‘rnida bo‘lishni juda istagani rivoyat qilinadi[3].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Az-Zamaxshariy. Al-Fāiq. I, 79-80;
  2. Al-­Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. III, 1013;
  3. Ibn Qutayba. Al-­Maʼārif. 141;
  4. Ibn al-Javziy. Sifa as-safva. I, 677-679;
  5. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Bayrut: 1418/1973. II, 147;
  6. Ibn Hajar. Al-Isāba. I, 484; II, 338-339;
  7. Zekeriya Güler. "Zülbicâdeyn". TDV İA. — İstanbul: 2013. XLIV, 551;
  8. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. — T.: „Movarounnahr“, 2017. 473-474.

Manbalar

tahrir
  1. „Абдуллоҳ ибн Абдунуҳм Зулбижодайн“. 2023-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 11-yanvar.
  2. „Абдуллоҳ ибн Масъуд“.
  3. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.