Namoz
Namoz (arabcha: صَلاة) – islom koʻrsatmalari boʻyicha bajariladigan maxsus ibodat turi; islomdagi besh rukndan biri. Namoz musulmonlarga meʼroj kechasi (qarang Isro va meʼroj) farz qilingan birinchi ibodatdir. Bir kecha-kunduzda 5 mahal (bomdod, peshin, asr, shom, xufton) namoz oʻqish farz hisoblanadi. Namoz oʻqish „Allohu akbar“ deb takbir aytish bilan boshlanib, sano, Qurʼon oyatlaridan tilovat qilishda duolar oʻqish, rukuʼ, sajda, tiz choʻkib oʻtirish, salom berishlarni oʻz ichiga oladi. Namozning bir necha turlari mavjud. Masalan, farz, vojib, sunnat, nafl, ishroq, tahajjud, qazo, shukri vuzu, janoza va boshqa qoʻshimcha namozlar borki, ularni ado etish musulmon kishining ixtiyoriy ibodati sanaladi. Farz, vojib, sunnat namozlari esa ado etilishi sharʼan talab etiluvchi namozlar sirasiga kiradi.
Namoz oʻqish uchun namozxonning badan va kiyimlari hamda oʻqish joyi pok boʻlishi shart. Namoz qiblaga – Makkadagi Kaʼba ibodatxonasiga qarab oʻqiladi. Uni oʻqishda maxsus toʻshama – joynamozdan foydalanish odatga aylangan. Namozni kishi bir oʻzi yoki jamoa boʻlib oʻqishi mumkin, lekin juma kunidagi juma namozini masjidda jamoa bilan oʻqish tavsiya etiladi. Jamoa boʻlib namoz oʻqiganda namozxonlar qator turadi, ulardan biri (imom) imomlikka oʻtadi. Namoz paytida gapirish, yeyish, ichish, kulish, yoʻtalish (uzrsiz), turli harakatlar qilish va boshqa mumkin emas. Kasal va nogironlar namozni oʻzlariga qulay holatda oʻqiydilar.
Islomdagi mazhablar koʻrsatmalarida namoz oʻqish qoidalarining bir-biridan farq qiladigan jihatlari bor. Oʻzbekistonda namoz, asosan, hanafiylik mazhabiga muvofiq oʻqiladi[1].
Jarayon
Tahorat qilib boʻlgandan keyin namoz oʻqiladi.
1. Qiblaga yuzlanib, qoʻllarni koʻtarib"اَللهُ اَكْبَرُ" (Allohu akbar) deyiladi.
2. Sano duosi oʻqiladi.
3. Avval Fotiha surasini, soʻngra boshqa biror sura (zam sura) oʻqiladi.
4. „Allohu akbar“ deb ruku qilinadi va rukuda 3 marotaba: „سُبْحَانَ رَبِّيَ الْعَظِيمِ“ „Subhana robbiyal-aʼziym“ (Ulugʻ Robbim pokdir!) deyiladi.
5. Rukuʼdan boshni koʻtarib:
„سَمِعَ اللهُ لِمَنْ حَمِدَهُ، رَبَّناَ وَ لَكَ الْحَمْدُ“ „Sami’allohu liman hamidah, Robbana-a valakal hamd“ (Alloh Oʻziga hamd aytuvchini eshitdi. Ey Parvardigorimiz! Senga hamd(lar) boʻlsin) deyiladi.
6. „Allohu akbar“ deb sajda qilinadi va sajdada 3-marta „سُبْحَانَ رَبِّيَ الْأَعْلَى“ „Subhana robbiyal aʼla“ (Eng oliy zot boʻlmish Parvardigorim barcha aybu nuqsondan pokdir) deyiladi.
7. „Allohu akbar“ deb sajdadan boshni koʻtarib oʻtiriladi va: „رَبِّ اغْفِرْ لِي“ „Robbigʻ-firli“ deyiladi.
8. Biroz jalsada boʻlib, „Allohu akbar“ deb ikkinchi marta sajda qilinadi va sajdada „Subhana Robbiyal-aʼla“ deyiladi.
9. „Allohu akbar“ deb ikkinchi rakatga turiladi.
Namozni boshlashdan oldin ado etilishi lozim boʻlgan toʻqqizta shart bordir:
1. Islom.
2. Aql.
3. Tamyiz (esni tanishlik).
4. Tahoratli boʻlish.
5. Najosatlardan poklanish.
6. Avratni yopish.
7. Namoz vaqtining kirishi[2].
8. Qiblaga yuzlanish.
9. Niyat.
Namoz turlari
Namoz nomi | arabcha: | Maʼnosi/ Tarjimasi |
Namoz vaqti/ Qay holatda oʻqilishi |
Masʼuliyati/ |
Rakatlar soni |
---|---|---|---|---|---|
Asr | صلاة العصر | Vaqt Oʻrta namoz | Kechki mahal. Inson soyasi oʻzidan ikki barobar kattalashganda oʻqiladi. | Farz | 4 |
Asr namozini oʻz vaqtida oʻqish zarur. | |||||
Vitr | وتر | Sunnat/Vojib | |||
. | |||||
Jumʼa | صلاة الجمعة | Jaʼmlanuvchu namoz | Juma kuni | Farz/Sunnat | 4,2,4 |
Manbalar
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ https://namozvaqtlari.com
Oʻqish uchun
- Smith, Jane I.; Haddad, Yvonne Yazbeck. The Oxford Handbook of American Islam, 1st, Oxford: Oxford University Press, 1993 — 162–163-bet.
Vikiomborda Namoz haqida turkum mavjud |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |