Abu Ali an-Naysoburiy (arabcha: أبو علي النيسابوري — Abu Ali al-Husayn ibn Ali ibn Yazid an-Naysoburiy) — hadis hofizi.

Abu Ali al-Husayn ibn Ali ibn Yazid an-Naysoburiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 890-yil (hijriy 277-yil)
Vafoti milodiy 960-yil (hijriy 349-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi hadis hofizi

Taʼlimi

tahrir

Olim yoshligida hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Uning zakovatiga shohid bo‘lgan olimlar unga ilm o‘rganishini tavsiya beradilar. Shundan so‘ng o‘n yetti yoshda hadis ilmi tahsiliga kirishadi. Ilk ustozi Nishopurning mashhur muhaddisi Ibrohim ibn Abu Tolib bo‘lgan. Shuningdek, Ali ibn Husayn, Abdulloh ibn Shiravayh, Jaʼfar ibn Ahmad, Husayn ibn Idris, Hasan ibn Sufyon, Abu Yaʼlo al-Mavsiliy kabi olimlar va ularning tabaqasidagi Xuroson, Hijoz, Shom, Iroq, Misr, al-Jazira va boshqa diyor olimlaridan ilm o‘rgangan. Abu Ali an-Naysoburiy o‘z yurtidagi muhaddislardan ilm olib bo‘lganidan keyin ilm markazlariga safar qilishni boshlaydi. Hirot, Isfahon, Basra, Kufa, Vosit, Ahvoz, Gʻazo, Jurjon, Qohira, Mosul, Bag‘dod, Damashq, Makka va Madinada bo‘lib, Ibn Xuzayma, Zakariyo as-Sojiy, Abdon al-Ahvoziy va an-Nasoiy kabi muhaddislardan ilm o‘rganadi. Abu Abdulloh ibn Manda, Hokim an-Naysoburiy, Abu Abdurrahmon as-Sulamiy kabi olimlar unga shogird bo‘lganlar.

Faoliyati

tahrir

Shogirdi Hokim an-Naysoburiy Abu Ali an-Naysoburiyning hadis rivoyatida ishonch­li, nodir xotiraga ega shaxs ekani, hadis rivoyat qilayotganida yuksak madaniyatni namoyon qilishi va ustozi kabi shaxs­ni ko‘rmaganini zikr qilgan. Kufalik mashhur hadis hofizi Ibn Uqba ham Abu Ali an-Naysoburiyni avvallari uncha yoqtirmagan, keyinchalik, uning hadisdagi o‘rnini ko‘rganidan so‘ng, „Siz haqiqatdan ham hofizsiz va meni kechiring“, deb unga o‘z ehtiromini ko‘rsatgan. Sahobalar haqida yozgan asarlari bilan tanilgan shogirdi Abu Abdulloh ibn Manda „ixtilāf al-hadӣs“ (zohiran bir-biriga zid ko‘rilgan hadislarni o‘rganadigan fan) ilmida jiddiylik jihatidan ustozining tengi bo‘lmaganini aytgan. Ad-Doraqutniy fikricha ham, Abu Ali an-Naysoburiy buyuk hadis olimidir. Olimlarning aytishicha u o‘z asridagi hadis hofizlarining eng taqvodori, hadisda eng yaxshi muzokara (bahs) qiluvchisi bo‘lgan. „Sahӣh Muslim“dan bahs qilingan har bir asarda Abu Ali an-Naysoburiy bu asarni „Sahӣh al-Buxārӣ“ga nisbatan afzal ko‘rgani va yer yuzida bundan sahihroq kitob ko‘rmaganini so‘zlagani naql qilinadi. Biroq uning bu qarashi Ibn as-Saloh ash-Shahrazuriy va boshqa olimlar tomonidan aynan qabul qilinmagan. Manbalarda Abu Ali an-Naysoburiyning hadis sohasida asarlar yozgani qayd qilingan bo‘lsa-da, bu kitoblar bizgacha yetib kelmagan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. VIII, 71-72;
  2. Ibn al-Javziy. Al-Muntazam. VI, 396;
  3. Yoqut. Mu’jam. V, 332-333;
  4. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. III, 902-905;
  5. Az-Zahabiy. Siyar. XVI, 51 — 59;
  6. As-Subkiy. Tabaqāt ash-shāfi’iyya. III, 276 — 280;
  7. Ibn Kasir Al-Bidāya. XI, 236;
  8. Ibn al-Imod Shazarāt az-zahab. II, 380;
  9. Selahaddin Polat. „Ebû Ali en-Nîsabûrî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X. 92-93.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.