Abu Ali as-Sadafiy
Abu Ali as-Sadafiy (arabcha: أبو علي الصدفي — Abu Ali al-Husayn ibn Muhammad ibn Firruh ibn Hayyun ibn Sukkara as-Sadafiy) — andaluslik hadis, fiqh va qiroat olimi.
Abu Ali al-Husayn ibn Muhammad ibn Firruh ibn Hayyun ibn Sukkara as-Sadafiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1062-yil (hijriy 454-yil) |
Vafoti |
milodiy 1120-yil (hijriy 514-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | hadis, fiqh, qiroat olimi |
Ibn Sukkara laqabi bilan tanilgan. Asli Saragosadan to‘rt mil uzoqlikda joylashgan Manzilu Mahmud nomli qishloqda tug‘ilgan. Tug‘ilgan yili sifatida 1058-yil (hijriy 450-yil) va 1060-yil (452-yil) ham ko‘rsatiladi. As-Sadafiy nisbasi nima sababdan berilgani maʼlum emas.
Taʼlimi
tahrirAbu Ali as-Sadafiy tahsilini Qur’on o‘rganish bilan boshlagan. Avval Saragosada Abu-l-Valid al-Bojiy, Valensiyada Ibn Dilhos Ahmad ibn Umar al-Uzriy, Mariyada (Almeriya) Abu Abdulloh Muhammad ibn Saʼdun al-Qaraviy singari Andalusning mashhur olimlaridan hadis o‘rgangan. Rizqulloh at-Tamimiy ibn Xayrun, Abu Amr ad-Doniyning shogirdi al-Hasan ibn Muhammad ibn Mubashshir kabi qorilardan turli rivoyatlar bilan qiroat ilmlarini olgan. Hadis ilmiga qiziqishi sababli sohada chuqur bilimga ega bo‘lish maqsadida 1088-yil (481-yil muharram oyining birinchi kuni) 27-martda Andalusdan Afrikaga safar qiladi va Qayravon yaqinidagi Mahdiya shahrining peshqadam olimlari bilan tanishadi. Keyinchalik, Makkaga safar qilib haj qiladi. U yerda Imom al-haramayn laqabi bilan tanilgan al-Husayn ibn Ali at-Tabariy va Ibn Abu Randaqa deb tanilgan Abu Bakr at-Turtushiy kabi nufuzli olimlardan ilm o‘rganadi. Shuningdek, Islom olamidan Makkaga haj qilishga kelgan ko‘plab olimlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Makkadan Basraga safar qilib, Abu-l-Qosim Abdulmalik ibn ash-Shag‘aba, Abu Yaʼlo al-Molikiy va Abu-l-Abbos al-Jurjoniylar bilan uchrashadi. Keyinchalik Vosit orqali Bag‘dodga safar qiladi (hijriy 482-yil 16 jumodul-oxir, milodiy 1089-yil 26-avgust). Bu ilm markazida besh yil qolib, Abu-l-Husayn at-Tuyuriy va Bag‘dodning peshqadam muhaddisi Ibn Xayrundan ilm o‘rganadi. Shuningdek, besh yil davomida shofe’iy faqihi Abu Bakr Qaffol ash-Shoshiyning fiqh darslariga qatnaydi.
Ustozlaridan o‘rgangan ilmlari natijasida shofeʼiy mazhabi fiqhiga doir „At-Taʼlӣqāt al-kubrā fӣ masāil al-xilāf“ nomli asarini yozgan. Hijriy 487-yil jumodul-oxir oyi (milodiy 1094-yil iyul)da Bag‘doddan Shomga safar qilgan Abu Ali as-Sadafiy yerda Abu-l-Fath Nasr ibn Ibrohim al-Maqdisiy va Abu-l-Faraj Sahl ibn Bishr al-Isfaroyiniy kabi olimlardan hadis o‘rganadi.
Hadislari
tahrirUstozi Abu-l-Fath ham undan uchta hadis yozib olgan. So‘ng Abu Ali as-Sadafiy Shomdan Misrga safar qilib, muhaddis Abu Ishoq al-Habboldan hadis ilmini o‘rganib, ijoza oladi. Ilmiy safarlarining so‘nggida Iskandariyada bo‘lib, Abu-l-Qosim Mahdiy ibn Yunus al-Varroq va Abu-l-Qosim Shuayb ibn Saʼdlarni o‘ziga ustoz qilgan.
Shogirdlaridan Qozi Iyoz „Sahӣh al-Buxārӣ“ va „Sahӣh Muslim“dan boshlab ko‘plab asarlarni Abu Ali as-Sadafiydan tinglaganini aytib, ulardan 26 tasining ro‘yxatini keltiradi.
Hadis ilmiga bo‘lgan vuqufi, jarh va taʼdil mavzusidagi chuqur bilimi, xattotligi va yuksak axloqi bilan tanilgan Abu Ali as-Sadafiy, al-Buxoriy, Muslim va at-Termiziylarning „Sahӣh“ to‘plamlarini o‘qitish bilan mashhur bo‘lgan.
Abu Ali as-Sadafiy hijriy 505-yil (milodiy 1111-yil)da Mursiya qoziligiga tayinlanadi. Ammo bir ozdan so‘ng bu vazifadan olinadi. Mursiyadan Almeriyaga safar qiladi. Bir muddat o‘sha yerda bo‘lib, qozilik lavozimini qabul qilishga majbur bo‘ladi. Bu vazifada hijriy 507-yil (milodiy 1113-yilning oxirlari)da isteʼfosi qabul qilingunga qadar qoladi. Hijriy 508-yil (milodiy 1114-yil)da Ishbiliya qoziligiga taklif qilinadi, biroq u bu vazifani rad qiladi hamda uyidan tashqariga chiqmaydi.
Hayotining so‘nggi yillarini dars berish va ilm bilan o‘tkazadi. Tirikchilik maqsadida baʼzi do‘stlari bilan birga tijorat qiladi. Bu orada turli asarlarga ham taʼlif beradi.
Vafoti
tahrirAbu Ali as-Sadafiy Amir Ibrohim ibn Yusuf ibn Toshfiyn bilan birga Saragosaga qarashli Kutanda shahrida musulmonlar va fransuzlar orasida yuzaga kelgan qarama-qarshilikda qatnashib, hijriy 514-yil 25-rabi’ul-avval (milodiy 1120-yil 24 iyun)da shahid bo‘ladi. Bu tarix baʼzi manbalarda hijriy 51-yil 17 rabi’ul-avval (milodiy 1120-yil 16 iyul) sifatida ham ko‘rsatilgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Qozi Iyoz. Al-Gʻunya. — Bayrut: 1982. 129-138;
- Ibn Beshkuvol. As-Sila. — Qohira: 1966. I, 144-146;
- Yoqut. Mu’jam. — Bayrut: 1399/1979. IV, 310;
- Ibn az-Zubayr. Sila as-sila. — Rabot: 1937. VII, 208;
- Az-Zahabiy. Siyar. XIX, 376-378;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. IV, 1253-1255;
- Makkariy. Azhar ar-riyāz. — Rabot: 1978-80. I, 21-22; III, 151-154;
- As-Suyutiy. Tabaqāt al-huffāz. 455;
- Abdulhodiy at-Toziy. Maxtӯta vāhid fi-l-’ālam: Sahӣh al-imām al-Buxārӣ bi-xatt al-Hāfiz as-Sadafӣ. MMMA. — Qohira: 1973. I, 21-52;
- Moh. Ben Cheneb. „İbnül’abbâr“. İA. V/2, 842;
- Tayyar Altikulaç. „Ebû Ali es-Sadefî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 93.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |