Al-Abbodiy, Abu Osim (arabcha: العبادي، أبو عاصم — Abu Osim Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Abbod al-Abbodiy al-Haraviy) — shofeʼiy faqihi, muhaddis.

Abu Osim Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Abbod al-Abbodiy al-Haraviy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 985-yil (hijriy 375-yil)
Vafoti milodiy 1066-yil (hijriy 458-yil)
Hirot
Dini Islom
Tanilgan sohasi shofeʼiy faqihi, muhaddis

Hayoti

tahrir

Uni al-Abbodiy deb atashlariga sabab — nasabida zikr qilingan bobosi Abbodga nisbatan ayt­ganlar. Bo‘lajak olim Hirotda qozi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Azdiydan, Nishopurda qozi Abu Umar al-Bistomiy, Ustoz Abu Tohir az-Ziyodiy va Ustoz Abu Ishoq al-Isfaroyiniylardan tahsil olgan.

Al-Abbodiy maʼnolari yashirin, qisqa iboralar ishlatishi, so‘zga „qizg‘anchiq“ligi, o‘tkir zehn egalarigina tushuna oladigan qilib gapirishi bilan tanilgan va shu jihati bilan o‘z asrida yagona bo‘lgan.

Al-Abbodiyning o‘ziga xos baʼzi fiqhiy qarashlari bo‘lib, manbalarda ulardan bir qanchasi keltirilgan. Masalan, o‘zining "Az-Ziyādāt ’ala-l-fatāvā" („Fatvolarga qo‘shimchalar“) asarida aytadiki, „Qur’ondan namozi sahih bo‘ladigan darajadagi miqdordan ko‘prog‘ini o‘rganish nafl namozdan afzal, chunki u (Qur’on)ni yod olish ummatga vojibdir“.

Al-Abbodiy muhaddis sifatida ham mashhur. U Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Sahl al-Qarrob va boshqalardan hadis ri­voyat qilgan. Masalan, "Bir kishi: „Ey, Rasululloh (s.a.v.)! Go‘zal muomala qilishimga eng haqli kishi kim?“ deb so‘raganida Payg‘ambarimiz tomonlaridan ikki marotaba „Onang“, uchinchisida „Otang“, deb javob berilgan.

Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisning roviylari silsilasida al-Abbodiy nomi ham zikr qilinadi. Manbalarda u rivoyat qilgan hadislardan ko‘plab namunalar berilgan.

Abu Sa’d al-Haraviy al-Abbodiydan fiqhni o‘rgangan, hadis eshitib, undan ri­voyat ham qilgan. Undan, shuningdek, o‘g‘li Abu-l-­Hasan al-Abbodiy, Abu Abdulloh al-Furoviy, Ismoil ibn Abu Solih al-Muazzin va boshqalar ham hadis ri­voyat qilganlar. Abu Saʼd ustoziga mansub „Adab al-qāzӣ“ ("Qozi odobi")ga „Kitāb al-ishrāf fӣ adab al-qāzӣ va g‘avāmiz al-hukӯmāt“ ("Qozining odobi va mahkamalar muammolari haqida yetakchi kitob") nomli sharh yozgan. Ustozi haqida u shunday dey­di: „Abu Osim o‘z asri o‘g‘lonlari ichida fiqhdagi maxfiy alomatlarni, undagi yashirin hukmlarni bilish va anglashda eng baland ustun, isnod borasida esa ularning eng oliysi edi“.

Asarlari

tahrir
  1. "Tabaqāt al-Ibādӣ" („Al-Ibo­diyga mansub „Tabaqot“) yoki baʼzi manbalarda "Tabaqāt al-fuqahā" ("Faqihlar darajalari");
  2. "Az-Ziyādāt ’ala-l-fatāvā", „Ziyādāt az-ziyādāt ’ala-l-fatāvā“ ("Fatvolarga qo‘shimchalarga qo‘shimchalar");
  3. "Adab al-qāzӣ" yoki baʼzi manbalarda "Adab al-qazā" ("Adliya odobi"), baʼzilarida esa "Adab al-quzāt" ("Qozilar odobi");
  4. "Kitāb al-mabsӯt" ("Mufassal kitob");
  5. "Al-Hādӣ ilā mazhab al-’ulamā" ("Olimlarning yo‘liga yetaklovchi");
  6. "Ar-Radd ’alā as-Sam’ānӣ" ("As-Sam’oniyga raddiya");
  7. "Ahkām al­-miyāh" («Suvlarning hukmlari»);
  8. "Kitāb al-atʼima" ("Taomlar kitobi");
  9. "Tabaqāt al-fuqahā" qo‘lyozmasi Berlin kutubxonasida saqlanadi, 1964-yilda Leydenda „Brill“da nashr bo‘lgan;
  10. "Az-Ziyādāt ’ala-l-fatāvā" va "Zi­yā­dāt az-ziyādāt ’ala-l-fatāvā"ning qo‘l­yozmalari Sanʼodagi "Al-Jomi’ al-­kabir" kitoblar xazinasida saqlanadi, 2016-yil Bayrutdagi "Dor al-kutub al-’il­miyya"da nashr bo‘lgan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. As-Sam’oniy. Al-Ansāb. — Bayrut: „Dor al-jinon“, 1988. IV, 123;
  2. Ibn Xallikon. Vafayāt. — Misr: „Maymaniyya“, 1892. I, 463;
  3. As-Subkiy. Tabaqāt. — Misr: „Al-Husayniyya“, 1960. IV, 104-112;
  4. Al-Isnaviy. Tabaqāt ash-shāfi’iyya, — Bag‘dod: „Al-Irshod“, 1970. II, 190;
  5. Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Damashq-Bayrut: „Dor Ibn Kasir“, 1991. V, 251-252;
  6. Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. — Damashq: „At-Taraqqiy“, 1957. IX, 10;
  7. Ahlwardt. VAH. IX, № 10033.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.