Abu Said al-Xudriy
Toʻliq ismi Saʼd ibn Molik ibn Sinon ibn Ubayd, kunyasi Abu Said al Xudriy. Od Adiy ibn Najjor qabilasidan. Otasi Molik Madinada Islom yoyila boshlagan pallalarda musulmon boʻlgan edi. Abu Said Madinadagi Masjidi al-Nabaviy qurilishida qatnashdi. Badr jangi safariga bormagan boʻlsa-da, oʻn uch yoshida Uhud jangida otasi bilan ishtirok etdi. Otasi Molik oʻldi. Shundan keyin oilani boqish Abu Saidning zimmasiga tushdi. Abu Said Bani Mustaʼliq va Xandaq jangida, Hudaybiya, Xaybar, Makka fathi, Tabuk muhorabasida – jami oʻn ikki gʻazotda ishtirok etdi. Umar va Usmon davrlarida Madinada fatvo beruvchilardan biri boʻldi, hazrat Ali davrida boʻlgan Nahravon jangida qatnashdi. Abu Said Xudriy har qaysisi mingdan ortiq hadis rivoyat qilgan Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar, Anas ibn Molik, hazrat Oysha, Abdulloh ibn Abbos, Jobir ibn Abdulloh Ansoriy bilan birga „muksirun“ (eng koʻp hadis rivoyat qilgan) nomi berilgan yetti sahobiyning biridir. Ular aytgan hadislar oʻn olti mingdan ziyod boʻlib, shundan bir ming bir yuz yetmishtasini Abu Said rivoyat qilgan. Bulardan qirq uchtasi Imom Buxoriy va Imom Muslimda, yigirma oltitasi faqat Buxoriyda, elliktasi faqat Muslimda, qolganlari boshqa hadis kitoblarida keltirilgan. Bu sahobiyning rivoyatlarini Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Abbos, Anas ibn Molik, Ibn Umar, Abu Qatoda, Abu Tufayl, Said ibn Musayyab, Toriq ibn Shihob, Ato, Mujohid naql qilishgan. Abu Said eshitganlarini faqat ehtiyoj boʻlganida, sunnat yanglish tatbiq etilayotganini koʻrganidagina rivoyat qilar edi. Abu Said Xudriy kambagʻallarga, beva-bechoralarga yordam qilar, ularni uyiga olib kelib, boshpana berar va tarbiya qilardi. Lays, Sulaymon ibn Amr shular jumlasidandir. Abu Saidning Abdurahmon, Hamza va Said ismli farzandlari boʻlgan. Abu Said Xudriy hijriy 74-yili sakson bir yoshda vafot etdi[1].
Manbalar
tahrir- ↑ „Abu Said Xudriy“. 2017-yil 10-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 9-dekabr.