Nahravon jangi (arabcha: مَعْرَكَة النَّهْرَوَان) — 658-yilning iyul oyida xalifa Ali qoʻshini va qoʻzgʻolonchi Xorijiylar guruhi oʻrtasida boʻlib oʻtgan jang (hijriy 38-yil Safar oyi). Xorijiylar birinchi fitna davrida Alining taqvodor ittifoqchilaridan edilar. Siffin jangidan soʻng Ali Suriya hokimi Muoviya I bilan oʻrtadagi kelishmovchilikni muzokara yoʻli bilan hal qilishga rozi boʻlgach, Xorijiylar Alining tarafdorlari safidan ajralib chiqishadi. Keyinchalik oʻzlarining Aliga sodiqliklarini koʻrsatish va uning ishonchiga qaytadan ega boʻlish maqsadida qilgan harakatlari koʻp marotaba muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shu vaqtga qadar bir necha marotaba isyonkor va qotillik harakatlarini amalga oshirib kelayotganligi bois Ali Xorijiylarga qarshi yurish boshlaydi va ular bilan hozirgi Bagʻdod yaqinidagi Nahravon kanali boʻyidagi qarorgohlari yonida bilan toʻqnash keladi. Jangdan keyin 4000 nafar isyonchilardan 1200 ga yaqini ozod qilingan boʻlsa, qolgan isyonchilarning aksariyati keyingi jangda oʻldiriladi. Boshqa manbalarda esa qurbonlar soni 1500—1800 nafar deya maʼlumot beriladi.

Nahravon jangi
Birinchi fitnaning bir qismi
Sanalar 658-yil 17-iyul
Urush yeri Nahravon, Iroq
Natija Rashidun xalifaligi gʻalaba qozonadi
Qoʻmondonlar
Ali Abdulloh ibn Vahb al-Rasibiy
Kuchlar
14.000 2.800

Jang Xorijiylar guruhi va musulmonlarning qolgan qismi oʻrtasida doimiy yuzaga keladigan kelishmovchiliklarga sabab boʻladi, Xorijiylar qarshi tomonni murtadlar deb ataydi, magʻlubiyatga uchraganlariga qaramay, bir necha yil davomida shahar va qishloqlarga tahdid solishda va aholini taʼqib qilishda davom etadilar. Xalifa Ali esa 661-yilning yanvarida xorijiy tomonidan oʻldiriladi.

Tavsifi

tahrir

Uchinchi xalifa Usmon ibn Affonning munozarali siyosati isyonga sabab boʻlganidan keyin, 656-yilda oʻldirilgan. Muhammadning kuyovi va amakivachchasi Ali ibn Abu Tolib keyinchalik Madina xalqi tomonidan xalifa etib saylanadi. Uning xalifalikka saylanishiga Muhammadning bevasi Oysha va baʼzi sahobalar, jumladan, Zubayr ibn al-Avvom va Talha ibn Ubaydulloh eʼtiroz bildirishadi. Suriya hokimi va xalifa Usmonning qarindoshi Muoviya I ham Alining xalifalikka tayinlanishini qoralaydi va Usmonning qotillaridan qasos olishni talab qiladi. Ali 656-yili Tuya jangida Talha va Zubayr tomonidan koʻtarilgan qoʻzgʻolonlarini bostirgan boʻlsa-da, Muoviyaga qarshi olib borgan Siffin jangida (657-yil iyul) boshi berk koʻchaga kirib qoladi. Muoviya esa bu vaziyatda Alini taslim boʻlishga va tinchlikka chaqiradi[1]. Ali jangni toʻxtatishni istamagan boʻlsa-da, uning qoʻshini urushni davom ettirishdan bosh tortadi, noiloj qolgan Ali esa Muoviya bilan muzokara olib borishga majbur boʻladi. Nizoni Qur’onga koʻra hal qilish vakolati bilan Ali va Muoviya taraflari vakillaridan iborat hakamlar guruh tuziladi. Keyinchalik, Ali poytaxt Kufa shahriga qaytganida uning qoʻshinida nizolar paydo boʻladi. Uning bir guruh askarlari Muoviya bilan amalga oshirilgan kelishuvni tanqid qilib, Alini bu ishni Allohning Kitobiga koʻra hal etmagani uchun kufrda ayblaydilar. Ali tarafdorlari boʻlgan 12 000 muxoliflar qoʻshindan qochib Kufa yaqinidagi Harura degan joyga joylashadilar va Haruriylar nomi bilan mashhur boʻldilar[2].

Oradan biroz vaqt oʻtgach, Ali Haruriylar qarorgohiga tashrif buyuradi va qochqinlarni unga qarshi harakatlardan voz kechib, Kufaga qaytishga koʻndiradi[2]. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, ular Muoviyaga qarshi urushni 6 oydan keyin qayta boshlash hamda Alining qilgan xatosini tan olish sharti bilan ortga qaytishga rozi boʻlishadi[3]. Biroq Ali Muoviya bilan tuzilgan kelishuvni rad etishdan bosh tortadi va nizolarni koʻrib chiqish jarayoni davom etadi. 658-yilning mart oyida u Abu Muso al- Ash’ariy boshchiligidagi hakamlar guruhini muzokaralar olib borish uchun yuboradi[4]. Bu vaqtda esa xorijiylar uning qoʻshinlari safini tark etishga qaror qilishadi. Boshqalarning koʻziga tushmaslik va ularni sezib qolmasliklari uchun ular kichik guruhlarga boʻlinib, Dajlaning sharqiy qirgʻogʻidagi Nahravon kanali boʻyidagi hududga borishadi. Soʻngra 500 ga yaqin basralik safdoshlariga xabar berishadi va ular ham Nahravonda Haruriylarga qoʻshiladilar[2][3]. Hijratdan keyin ular Xorijiylar deb ataladi[4].

Jangdan oldin

tahrir
 
Nahravan kanali Dajlaning sharqiy qirgʻogʻiga parallel ravishda oʻtgan

Xorijiylar Alini qoralaydilar, uni va uning tarafdorlarini hamda suriyaliklarni kofir deb eʼlon qiladilar, oʻrniga Abdulloh ibn Vahb ar-Rosibiyni xalifa etib saylaydilar. Bunday kofirlarning qonini esa harom deb eʼlon qiladilar[5][2].

Bu orada ikkala tomondan belgilangan guruhdagi hakamlar Usmonning isyonchilar tomonidan nohaq oʻldirilgani eʼlon qiladi[3]. Suriyaliklarning Muoviyani qoʻllab-quvvatlashini kuchaytirib yuborgan bu hukmdan keyin hakamlik jarayoni barbod boʻladi[3][6]. Oʻshanda Ali hakamlarni Qur’onga zid harakat qilganlikda qoralaydi va oʻz tarafdorlarini Muoviyaga qarshi yangitdan harakat boshlashga safarbar etib[5][6][3], xorijiylarni oʻz safiga chaqiradi. Xorijiylar esa oʻtgan galgi shartlarini qaytarishadi va oʻzining adashganini tan olib, tavba qilmagan taqdirda unga qoʻshilishni rad etishadi[3]. Bu shartdan keyin Ali ularsiz Suriyaga joʻnashga qaror qiladi[3]. Alining qoʻshini xorijiylarning ularga solgan tahdididan xavotir olishyotganini bildirganlarida, Ali ularni isyonchilardan koʻra Muoviyaga qarshi urush muhimroq ekanligiga ishontiradi hamda oʻz qoʻshinlarini Suriyaga boshlashlarini buyuradi[5][3].

Wilferd Madelungning soʻzlariga koʻra, taxminan shu davrlarda xorijiylar tinch aholining Usmon va Ali haqidagi fikrlarini soʻroq qilishadi, ularning fikriga qoʻshilmaganlarni esa qatl etishni boshlashadi[2][3]. Maʼlumotlarga koʻra, bir safar ularning fikriga qarshi chiqqan dehqonning homilador xotinining ichaklarini boʻshatib, tugʻilmagan goʻdagini kesib, oʻldirishgan, keyin esa dehqonning ham boshini olishgan[3]. Ali Suriyaga ketayotganda Xorijiylarning zoʻravonliklari haqida xabarni oladi va oʻz odamlaridan birini ushbu maʼlumotning qanchalik haqiqat ekanligini aniqlash uchun yuboradi, biroq uning odami ham Xorijiylar tomonidan oʻldiriladi. Alining askarlari Kufadagi oilalari va mol-mulkining xavfsizligidan xavotir olib, undan Xorijiylar tomonidan solinayotgan tahdidni bartaraf etishni soʻraydilar. Shundan keyin Ali 14 000 kishidan iborat boʻlgan qoʻshini bilan Nahravon tomon yoʻl oladi[3].

 
Nahravan kanalining 1909-yilgi surati

Ali Xorijiylardan tinch aholi vakillarini oʻldirgan qotillarni taslim etib, tinchlik sulhini qabul qilishlarini soʻraydi. Agar sulhni qabul qilsalar, ularni tinch qoʻyib, suriyaliklarga qarshi urushga joʻnab ketishini aytadi[3]. Xorijiylar qotillik uchun ularning barchalari mas’ul ekanliklarini aytib, qatʼiy javob berishadi, chunki ularning hammasi Alining izdoshlarini oʻldirishni qonuniy deb hisoblashadi[3]. Keyingi suhbatlardan soʻng, Xorijiylar rahnamolari oʻz izdoshlariga boshqa bahs-munozaralarga berilmaslikni, shahidlikka tayyorgarlik koʻrishni buyuradilar va jannatda Robbilari bilan uchrashishlarini aytadilar. Har ikki tomon ham jangga hozirlik koʻrishadi, xalifa Ali uning safiga qoʻshilishga tayyor boʻlgan yoki Kufaga qaytishni istaydigan har bir xorijiyni kechirishni, faqatgina qotillargina jazolanishini eʼlon qiladi[3]. 1 200 ga yaqin xorijiylar uning taklifini qabul qiladilar, ularning baʼzilari Ali qoʻshini tarkibiga qoʻshilishadi, boshqalari esa Kufaga qaytishadi yoki jang maydonini tark etib, togʻlarda panoh topishadi. Natijada Ibn Vahb guruhida 4 000 nafar askarlarning 2 800 nafarigina qoladi[2].

Xorijiylarning aksariyati piyoda askarlar boʻlsa, Ali qoʻshini kamonchilar, otliqlar va piyodalardan iborat edi. Ikki qatorga boʻlingan piyodalarning oldiga otliqlarni, birinchi qator bilan otliqlar orasiga esa kamonchilarni joylashtiradi. U oʻz qoʻshiniga qarama-qarshi tomonga ularning urush boshlashiga ruxsat berishini buyuradi. Xorijiylar Alining qoʻshinlariga shiddat bilan hujum qilib, uning otliqlarini yorib oʻtishadi. Kamonchilar ularga oʻqlar yogʻdirishadi, otliqlar orqadan, piyodalar esa qilich va nayzalar bilan hujum qilishadi. Koʻp sonli oʻrab olingan xorijiylarning aksariyati, jumladan, xalifa Ibn Vahb qoʻshini tezda qirgʻin qilinadi[1]. 2 400 ga yaqin xorijiylar oʻldiriladi[7], ulardan 400 nafari jangdan soʻng Kufadagi oilalariga qaytariladi[2]. Ali tarafidan esa yettidan oʻn uch nafargacha askarlar vafot etgan deya maʼlumot beriladi[3].

Oqibati

tahrir

Jangdan keyin Ali oʻz qoʻshiniga u bilan birga Suriyaga yurishni buyuradi. Qoʻshin askarlari charchaganliklari sababli Kufada oʻz kuchlarini tiklashga harakat qilishlarini aytib, biroz kuch toʻplab olgach, Suriyaga qarshi yurish boshlashlarini aytishadi. Bu taklifga xalifa Ali rozi boʻladi va Kufa tashqarisidagi Nuxayloga koʻchib oʻtadi, askarlariga esa dam olishga va vaqti-vaqti bilan uylariga borib kelishga ruxsat beradi. Alining aksariyat askarlari Suriyaga qarshi yurishda ishtirok etishni istashmaydi. Natijada Ali oʻz rejalaridan voz kechishga majbur boʻladi[3]. Sobiq ittifoqchilari va Qur’on oʻquvchilarining qirgʻin qilinishi Alining xalifalik mavqeiga jiddiy putur yetkazadi[5]. Oxir-oqibat, u 661-yilning yanvarida xorijiy Abdurahmon ibn Muljam tomonidan oʻldiriladi[2].

Garchi Xorijiylar tor-mor etilgan boʻlsa-da, ularning qoʻzgʻolonlari bir necha yil davom etadi[2]. Ularning aksariyati Ali (h. 661–680) va keyinroq Muoviya (h. 661–680) hukmronligi davrida aholi punktlarini va ularning mol-mulklarini talon-taroj qilish va boshqa davlatga qarshi harakatlarga oʻtadilar. Muoviya esa Ali oʻldirilganidan bir necha oy oʻtib, xalifalikka tayinlanadi. Ikkinchi Fitna davrida ular Arabiston va Forsning katta qismini nazorat qiladilar, ammo keyinchalik Umaviylarning Iroq hokimi al-Hajjoj ibn Yusuf tomonidan boʻysundiriladi[8][9].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Kennedy 2001.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 2,8 Wellhausen 1901.
  3. 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 3,10 3,11 3,12 3,13 3,14 3,15 Madelung 1997.
  4. 4,0 4,1 Levi Della Vida 1978.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Donner 2010.
  6. 6,0 6,1 Glassé 2001.
  7. Morony 1993.
  8. Kennedy 2004.
  9. Lewis 2002.

Adabiyotlar

tahrir