Achchiqbodom
Achchiqbodom (Amygdalus bucharica) – raʼnodoshlar oilasiga mansub kichkina daraxt yoki buta. Balandligi 1,5 m ga yaqin. Barglari nashtarsimon yoki tuxumsimon, boʻyi 3 – 4, eni 1,5 – 2 sm, bir yillik novdalarida bittadan, eski novdalarida gʻuj-gʻuj joylashgan. Gullari ikki jinsli, och binafsha rangli, boʻyi 14-19, eni 8-11 mm. Bodomning poʻsti qalin tuk bilan qoplangan, boʻyi 20 – 38 mm. Magʻzi achchiq. Achchiq bodom mart – aprelda gullab, iyun – iyulda meva beradi. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining dengiz sathidan 850 – 2500 m balandlikdagi adir va togʻlarida, tosh oralarida va sershagʻal tuproqlarda oʻsadi. Achchiq bodomdan shirin magʻizli bodom va shaftoli yetishtirishda payvand tag sifatida va kam suv, shagʻalli adir va togʻ qiyalarini daraxtzor va mevazorlashtirishda foydalaniladi. Magʻizda 50% moy va 2,5 – 4% gacha amigdalin glyukozidi bor, undan har xil dorilar tayyorlanadi. Achchiq bodom moyi yoʻtal, istisqo, zotiljam va buyrak kasalliklariga davo. Mahalliy aholi Achchiq bodomning ildiz poʻstidan matolarni sariq rangga boʻyashda va teri oshlashda foydalanadi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |