Amirobod madaniyati
Amirobod madaniyati — qadimgi Xorazmning soʻnggi jez davri madaniyati (miloddan avvalgi 9-8-asrlar). S. P. Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Amirobod kanali atrofidan topib tekshirgan (1937-40). Amirobod madaniyati Suv yorgan madaniyati va tozabogʻyop madaniyati uygʻunlashuvi asosida shakllangan. Bu madaniyatni yaratgan xalqlar urugʻ jamoalariga birlashib, obikor dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan. Qishda yogʻoch va qamishdan qurilib, usti loy bilan suvalgan kulba hamda yarim yertoʻlalarda, yozda yengil bostirmalarda yashagan. Shunday kulba va yarim yertoʻlalarning 15-20 tasi bitta .qishloqni tashkil qilgan. Har bir turar joy sahni 75-110 kv.m boʻlib, uning oʻrtasidagi 3×1 m li katta oʻchoqda doim olov yonib turgan. Taom tayyorlash uchun kichik oʻchoqlardan foydalanilgan. Oʻsha davr qoldiqlariga koʻra, Amudaryo deltasi Aqchadaryo irmoqlaridan eni 10-15 m, uz. 1-2 km keladigan kanallar qazilgan. Amirobod madaniyatining noyob yodgorliklari Yakkaporson 2 va Qubod 2 yodgorliklaridan sirtiga turli shakllar chizilgan sopol idishlar, shuningdek marjon va chigʻanoq shodalari, jezdan yasalgan taqinchoqlar, bigizlar, oʻroq hamda oʻq uchlari va ularning qoliplari topilgan. Jez ashyolarning koʻplab topilishi oʻsha davrda metall quyish texnikasining rivojlanganligini, xalq xoʻjaligidan tosh qurollarning mehnat qurollari sifatida siqib chiqarilganligini koʻrsatadi.[1]
Manbalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Tolstov S. P., Po drevnim del-tam Oksa i Yaksarta, M., 1962; Yagodin V. N., Poseleniye amirabadskoy kulturi Kavat 2, Materiali Xorezmskoy ekspe-ditsii, vip. 6, M., 1963.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |