Bagʻdod qamali (812—813)
Bag‘dod qamali Amin va Ma’mun o‘rtasida Abbosiylar xalifaligi hokimiyati uchun Bagʻdoddagi ichki kurashning bir qismi edi. Qamal 812-yil avgustdan 813-yil sentyabrgacha davom etgan. Qamal haqida Muhammad ibn Jarir at-Tabariy o‘zining mashhur Paygʻambarlar va podshohlar tarixi asarida batafsil maʼlumot bergan.
Bagʻdod qamali (812–813) | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
Toʻrtinchi fitnaning bir qismi | |||||||
8-asr oxiri — 9-asr boshlarida Bagʻdod | |||||||
| |||||||
Raqiblar | |||||||
Aminning kuchlari | Maʼmunning kuchlari | ||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Amin † Abdurahmon ibn Jabala † Muhammad ibn Yazid al-Muhallabiy as-Samarqandiy |
Tohir ibn Husayn Harsama ibn Aʼyon Zuhayr ibn al-Musayyab ad-Dabbiy |
Bagʻdod yoʻlidagi dastlabki janglar
tahrirRay jangida xalifa Amin qoʻshini magʻlubiyatga uchragab, qoʻshin qoʻmondoni Ali ibn Iso ibn Maxon halok boʻlgach[1], Amin qoʻshinlari Erondan gʻarbga, Iroqqa Bagʻdoddagi asosiy harbiy lager tomon chekinishdi. Ray jangida gʻalaba qozongan Maʼmunning lashkarboshisi Tohir ibn Husayn chekinayotgan qoʻshinni taʼqib qilishga qaror qildi. Biroq, Abdurahmon ibn Jabala qoʻshimcha kuchlar bilan Bagʻdoddan yordamga yetib keldi[2]. Abdurrahmon Hamadon qalʼasida mustahkamlanib, himoyalanishga qaror qildi. Tohir ibn Husayn shaharga yaqinlashgach, Abdurrahmon tashqariga chiqib, dushmanga qarshi turishga qaror qildi. Abdurrahmon qoʻshinlari ikki marta shaharga chekindi. Tohir ibn Husayn shaharni qamal qilgach, Abdurrahmon qoʻshinlari shahar devorlaridan oʻqlar yogʻdirib, toshlar ota boshladilar. Oxir-oqibat, Abdurrahmon Hamadon aholisining qamaldan noroziligi va zahira tez tugayotgani tufayli shaharni tashlab chiqib, maʼlum shartlar asosida kelishishga majbur boʻldi[2].
Abdurahmon ibn Jabala shaharni tark etgach, Tohir ibn Husayn Hamadonda ortiqcha vaqtni boy bermay, gʻarbga, Bagʻdod tomon yoʻl oldi. Qoʻshin Asadobod degan dovonda Abdurrahmon ibn Jabala pistirmasiga uchradi. Toʻsatdan qilingan hujum Tohirning qoʻshinlarini sarosimaga soldi. Ammo qoʻshin tartib qatʼiy boʻlgani uchun piyoda askarlar dushmanni Tohir ibn Husayn otliqlari hujumga tayyor boʻlgunga qadar ushlab turishga muvaffaq boʻldi. Shu joyda Abdurrahmon ibn Jabala halok boʻlib, qoʻshini magʻlubiyatga uchradi[2].
Qisqa muddatdan keyin Tohir ibn Husayn Bag‘dodga yurishini davom ettirdi. Avval Ali ibn Iso ibn Mahon, keyin esa Abdurrahmon ibn Jabalaning mag‘lubiyatga uchragani haqidagi xabar xalifa Aminni qattiq iztirobga soldi. Bag‘dodliklarga Tohir ibn Husaynni to‘xtatib bo‘lmaydigandek tuyuldi. Shunga qaramay, Ahvozda Muhammad ibn Yazid al-Muhallabiy boshchiligidagi qoʻshin Tohir ibn Husayn qo‘shinlariga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Muhallabiy qoʻshinini magʻlub etgan Tohir Bagʻdod darvozasiga yetib bordi. Harsama ibn Aʼyon boshchiligidagi qoʻshinlar ham oʻz vaqtida yetib kelib, Tohir qoʻshiniga qoʻshildi[1].
Qamal
tahrirQamal oʻsha davrdagi urushda tengi yoʻq edi[2]. Shaharning oʻzi devor bilan oʻralgan boʻlsa-da, aholining katta qismi devori boʻlmagan shahar atrofida yashagan. Shunday qilib, qamal mustahkamlangan qalʼaga hujum bilan emas, balki koʻcha janglari, uyma-uy bosqin va vaqtinchalik istehkomlardagi kurashlar bilan kechdi. Bu, ayniqsa, tinch aholi uchun juda halokatli boʻldi[2]. Tohir ibn Husayn darhol qoʻmondonlariga, yaʼni Zuhayr ibn al-Musayyab ad-Dabbiyga va Harsama ibn Aʼyonga Qasr Raqqat Kalvadha va Nahr Binda qarorgoh qurishni buyurib, oʻzi Anbar darvozasida qarorgoh qurdi[1]. Qoʻshinlar qamal uskunalari va manjaniqlarni oʻrnatdilar va xandaqlar qazdilar. Har ikki tomon qamal qurollaridan foydalangani maʼlum. Bir paytlar Amin generali as-Samarqandiy Dajla daryosi boʻylab manjaniqlarni tashish uchun qayiqlardan foydalangan va Bagʻdod atrofidagi dushman pozitsiyalarini bombardimon qilgan. Bu taktika esa qamal qiluvchilardan koʻra tinch aholiga koʻproq zarar yetkazgan[2]. Aminning Qasr Xolih saroyida, Darb al-Hijora va ash-Shammasiya darvozasida bir qancha shafqatsiz janglar boʻldi. Qamalning keyingi bosqichlarida Amin qoʻshinlari orasida tartibsizliklar boshlandi[1].
Vaziyat yomonlashib, Tohir ibn Husayn shaharga kirgach, Amin xavfsizligi uchun muzokaralar olib borishga harakat qildi. Tohir ibn Husayn oʻzi istamasa-da, Amin xalifalik mansabining muhri, asosi va boshqa nishonlarini topshirishi sharti bilan kelishuvga rozi bo‘ldi. Amin buni xohlamay, qayiqda shahardan chiqib ketmoqchi boʻldi. Tohir ibn Husayn qayiqni payqab qolib, odamlarini xalifaning ortidan jo‘natadi. Amin asirga olinib, bir xonaga keltiriladi va shu xonada qatl qilinadi. Xalifaning boshi Anbar darvozasiga osib qoʻyilgan. Muhammad ibn Jarir at-Tabariy Tohirning yangi xalifa Maʼmunga yozgan maktubidan iqtibos keltirgan. Xatda Maʼmunga Aminning qoʻlga olinishi, qatl etilishi va Bagʻdoddagi tinchlik holati haqida xabar berilgan[1].
Oqibati
tahrirNatijada Maʼmun Abbosiylarning yangi xalifasiga aylandi. Biroq, shahardagi vayronagarchilik va tartibsizliklar tufayli 819-yilgacha Bagʻdodga bormadi.
Manbalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- The History of al-Ṭabarī, Volume XXXI: The War between Brothers, The Caliphate of Muhammad al-Amin, A.D. 809–813/A.H. 193–198. Albany, New York: State University of New York Press, 1992. ISBN 0-7914-1085-4.
- Kennedy, Hugh N.. The Armies of the Caliphs: Military and Society in the Early Islamic State. London and New York: Routledge, 2001. ISBN 0-415-25093-5.