Toʻrtinchi fitna
Toʻrtinchi fitna yoki Buyuk Abbosiy fuqarolar urushi[1] Abbosiylar xalifaligi taxtini egallash uchun aka-uka Amin va Maʼmun oʻrtasidagi ziddiyat natijasida yuzaga kelgan. Ularning otasi xalifa Horun ar-Rashid Aminni birinchi merosxoʻr etib tayinlagan. Maʼmun esa ikkinchi merosxoʻr boʻlib, qoʻshimcha ravishda Xuroson noibligiga tayinlangan. Keyinroq uchinchi oʻgʻil Qosim uchinchi merosxoʻr deb eʼlon qilingan. 809-yilda Horun vafot etgach, Bagʻdoddagi xalifalik taxtini Amin egalladi. Hukmron mavqeidan ruhlangan Amin Xurosonning avtonom maqomini buzishga harakat qila boshladi. Qosim tezda merosxoʻrlikdan chetlashtirildi. Bunga javoban Maʼmun Xurosonning viloyat elitalaridan yordam soʻrab, oʻz muxtoriyatini taʼminlashga harakat qildi. Ikki aka-uka oʻrtasidagi kelishmovchilik kuchayib borgach, Amin oʻz oʻgʻli Musoni merosxoʻr deb eʼlon qilib, katta qoʻshin toʻpladi. 811-yilda Amin qoʻshinlari Xurosonga qarshi yurish boshladi. Maʼmun sarkardasi Tohir ibn Husayn Ray jangida ularni magʻlub etib, Iroqqa bostirib kiradi va Bagʻdodni qamal qiladi. Bir yildan keyin shahar egallanib, Amin qatl qilindi va Maʼmun xalifa boʻldi.
Toʻrtinchi fitna | ||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Maʼmunning Amin ustidan gʻalabasi. Nigoriston qoʻlyozmasidan. Eron, ehtimol Sheroz. 1573—1574-yillar | ||||||||
| ||||||||
Raqiblar | ||||||||
Al-Amin kuchlari | Maʼmun kuchlari | Mahalliy hukmdorlar va isyon yetakchilari | ||||||
Qoʻmondonlar | ||||||||
Maʼmun poytaxtga kelishdan koʻra, Xurosonda qolishni afzal koʻrdi. Bu holat xalifalik viloyatlarida fuqarolar urushi sabab paydo boʻlgan hokimiyat boʻshligʻining kuchayishiga imkon berdi. Jazira, Suriya va Misrda bir qancha mahalliy hukmdorlar paydo boʻldi. Bundan tashqari, Kufada Abul Sarayodan boshlanib, janubiy Iroq, Hijoz va Yamanga qadar tarqalgan bir qator Alilar qoʻzgʻolonlari sodir boʻldi. Maʼmunning qudratli bosh vaziri Fadl ibn Sahl amalga oshirgan Xurosoniyparastlik siyosati va Maʼmunning Ali ar-Rizo timsolida Alilar vorisligini qoʻllab-quvvatlashi oʻzlarini borgan sari marginallashayotganday his qilgan anʼanaviy Bagʻdod elitasini xalifadan uzoqlashtirdi. Binobarin, Maʼmunning amakisi Ibrohim 817-yilda Bagʻdodda parallel ravishda xalifa deb eʼlon qilinishi vaziyatga Maʼmunning shaxsan aralashuvini taqozo qildi. Fazl ibn Sahl oʻldirildi. Maʼmun Xurosondan Bagʻdodga joʻnab ketib, 819-yilda shaharga kirdi. Keyingi yillarda Maʼmun hokimiyatining mustahkamlanishi va gʻarbiy viloyatlardagi mahalliy qoʻzgʻolonchilarga qarshi kurashlar kuzatilib, bu jarayon 827-yilda Misr tinchlantirilgunga qadar yakunlanmadi. Baʼzi mahalliy qoʻzgʻolonlar, masalan, Xurramiylar, 830-yillarga qadar davom etdi.
Tarixchilar ziddiyatni turlicha talqin qilishgan. Eronshunos Elton L. Danielning soʻzlariga koʻra, urush „juda layoqatsiz, qoʻpol Amin va uning zukko, iqtidorli ukasi Maʼmun oʻrtasidagi vorislik toʻqnashuvi, haram fitnalarining mahsuli; vazirlar Fadl ibn Rabiy va Fadl ibn Sahl oʻrtasidagi shaxsiy raqobatning kengayishi yoki arablar va forslar oʻrtasidagi hukumatni nazorat qilish uchun kurash mahsuli“ boʻlishi mumkin[2].
Kelib chiqishi
tahrirFuqarolar urushining kelib chiqishi sababi Horun ar-Rashid (h. 786–809) va Abbosiylar xalifaligining ichki siyosiy dinamikasi bilan bogʻliq edi. Taxtga ikki asosiy daʼvogar Muhammad al-Amin va Abdulloh al-Maʼmun olti oylik farq bilan hijriy 170-yilda (786/7) tugʻilgan boʻlib, Maʼmunning yoshi kattaroq edi[3][4]. 792-yilda Amin birinchi merosxoʻr deb eʼlon qilindi. Maʼmun esa 799-yilda ikkinchi merosxoʻr boʻldi. Merosxoʻrlikning ushbu tartibi uchun asos esa shahzodalarning nasl-nasabi va siyosiy oqibatlari natijasi edi. Amin abbosiylar naslidan tugʻilgan boʻlib, otasi Horun Abbosiylar xalifasi, onasi Zubayda esa ikkinchi abbosiy xalifa Mansurning (h. 754–775) qizi boʻlgan. Maʼmunning onasi esa Xurosonda joylashgan Badgʻislik fors kanizaki Marojil edi[3][4][5].
Maʼmunning kelib chiqishi sof arab Aminiga qaraganda obroʻli boʻlmasa-da, uning Xuroson va Eronliklar hukmron boʻlgan sharqiy viloyatlar bilan aloqalari merosxoʻr sifatida tanlanishida muhim omil boʻlgan[5]. Faqat arablar hukmronlik qilgan Umaviylar xalifaligidan farqli oʻlaroq, Abbosiylar davlati Eron, xususan, Xurosoniylar taʼsirida edi[6]. Abbosiylarni hokimiyat tepasiga olib kelgan Abbosiy inqilobi Xurosonda shakllangan va Abbosiylar sulolasi harbiy rahbar va boshqaruvchi sifatida asosan Xurosoniylarga tayangan. Abbosiylar bilan gʻarbga kelgan Xurosoniy arab qoʻshinlarining (Xurosoniyya) koʻpchiligiga Iroqda va Abbosiylarning yangi poytaxti Bagʻdodda mulklar berilib, ular „abna al-davla“ („davlat/sulola oʻgʻillari“) deb nomlanuvchi elita guruhiga aylandi[7][8]. Xuroson xalifalik viloyatlari orasida imtiyozli mavqeini saqlab qoldi[9]. Horun ar-Rashid, asosan, Xurosoniy Barmakiy oilasini hokimiyat lavozimlariga ko‘tarib, xalifalikning Eron elitalari bilan aloqalar o‘rnatishiga ehtiyot bo‘ldi[10]. Amin ham, Maʼmun ham yoshligida barmakiylardan, Amin Fadl ibn Yahyodan, Ma’mun esa Ja’far ibn Yahyodan saboq olganlar. Amin barmakiylardan uzoqlashib, Bag‘dodning abna aristokratiyasi bilan chambarchas bog‘langan, Maʼmun esa Jaʼfar va uning sheriklari taʼsirida qolgan[3].
802-yilda Horun va Abbosiylar hukumatining eng qudratli amaldorlari Makkani ziyorat qilishdi. Ziyorat chogʻida aniq vorislik kelishuvi tuzildi. Unga koʻra, Amin Bagʻdodda Horunning oʻrniga oʻtiradi, Maʼmun esa Aminning vorisi boʻlib, qoʻshimchasiga amalda mustaqil boʻlgan Xurosonga noiblik qiladigan boʻldi. Uchinchi oʻgʻli Qosim (Muʼtamin) uchinchi merosxoʻr boʻldi va Vizantiya imperiyasi bilan chegaradosh hududlarga noiblik qiladigan boʻldi[3][4][11]. Tarixchi Tabariy keng miqyosda qayd etgan shartnoma shartlari Maʼmunning keyingi apologistlari tomonidan, ayniqsa, Maʼmunning sharqiy hududlar uchun noibligiga berilgan muxtoriyat darajasi nisbati buzib yuborilgan boʻlishi mumkin[12].
Bagʻdodga qaytgandan soʻng deyarli darhol, 803-yil yanvarda Abbosiylar saroyida Barmakiylar oilasining hokimiyatdan keskin qulashi kuzatildi. Bir tomondan, bu qaror Barmakiylar xalifaga yoqmaydigan darajada kuchayib ketgan vaqtda yuz bergan boʻlishi mumkin. Biroq ushbu hodisaning sodir boʻlgan vaqti vorislik masalasiga ham bog‘liqligini ko‘rsatadi. Amin Abna, Maʼmun esa barmakiylar tarafdori bo‘lgan. Ushbu ikki lager kundan-kunga bir-biridan uzoqlashib borar ekan, agar Amin muvaffaqiyat qozonishni istasa, barmakiylar kuchini sindirishi kerak edi[4][13][14]. Darhaqiqat, Barmakiylar qulagandan keyingi yillarda boshqaruvning markazlashuvi va abnaʼ taʼsiri kuchaygan. Abna aʼzolarining koʻpchiligi viloyat noibi lavozimlarini egallab, bu viloyatlar nazoratini Bagʻdodga yaqinlashtirish uchun yuborilgan[14].
Bu siyosat viloyatlarda, xususan, Xurosonda tartibsizliklarga sabab boʻldi. Elton L. Danielning fikriga koʻra bu yerda „Abbosiylar siyosati ikki chegara oʻrtasida [oʻzgarib turardi]. Bir gubernator Iroq, markaziy hukumat va kamdan-kam hollarda oʻz manfaati uchun oʻz viloyatidan imkon qadar koʻproq mablagʻ toʻplashga harakat qilardi. Odamlar ochiqcha norozilik bildira boshlaganida, noiblar vaqtincha mahalliy manfaatlarga rioya qiladiganlar bilan almashtirilardi“[15]. Xurosoniy elita azaldan abna bilan raqobatda edi. Garchi abna aʼzolari asosan hozirgi Iroq hududida yashasalar ham, Xuroson ishlari ustidan nazoratni saqlab qolishni va maoshlarini taʼminlash uchun viloyat daromadlarini gʻarbga yuborishni talab qilishdi. Bu talablarga mahalliy arab va eroniy elitalar qattiq qarshilik koʻrsatdilar. Namunali valiy sifatida maqtovga sazovor boʻlgan Fadl ibn Yahyo 793-yilda Xuroson noibi etib tayinlangach, mavjud kesinlik biroz yumshaganday koʻrinsa-da, viloyat noibligiga 796-yilda abna aʼzosi Ali ibn Iso ibn Mohon tayinlangach, vaziyat yana keskinlashdi[16][17]. Ali ibn Isoning soliqqa tortish siyosati kuchli tartibsizliklarni keltirib chiqardi. Ushbu holat xorijiylarning qoʻzgʻolonlari va nihoyat, Samarqand hokimi Rofe ibn Lays qoʻzgʻolonida yaqqol namoyon boʻldi. Bu qoʻzgʻolon Horunni Maʼmun, qudratli harbiy guruhi (hojib) va bosh vazir Fadl ibn ar-Rabiy hamrohligida 808-yilda viloyatga borishga majbur qildi. Maʼmun qoʻshinning bir qismi bilan Marvga yuborildi. Horun esa Tusda qolib, shu yerda 809-yil 24-martda vafot etdi[4][14][18][19].
Amin va Maʼmun oʻrtasidagi fuqarolar urushi (809—813)
tahrirHorun vafot etgach, Amin Bagʻdod taxtiga oʻtirdi. Poytaxtda Aminning obroʻsi baland edi. Maʼmun esa Marvda qolib, shu yerdan qolgan isyonchilarga qarshi yurishni rejalashtirdi. Biroq Amin qo‘shin va xazinani sharqdan chaqirib oldi. Natijada Ma’mun harbiy yurishini tugallay olmay qoldi. Aynan shu davrda Maʼmun oʻz vaziri, sobiq barmakiylar himoyachisi Fadl ibn Sahlga tayanib, muxtoriyat va imtiyozlarni kafolatlagan holda mahalliy elita bilan murosa va hamkorlik siyosatini amalga oshira boshladi[1][4]. 802-yildagi ahd Bagʻdodning markazlashtirish ambitsiyalari va Xurosonning maqomi borasidagi kelishmovchiliklar tufayli tez orada parchalana boshladi. Buning sababi Horun qamoqqa tashlagan, lekin Amin davrida ozod qilinib, xalifa qoʻriqchilari boshligʻi etib tayinlangan Ali ibn Iso boshchiligidagi abna Xuroson va uning daromadlarini bevosita markaziy hukumat nazoratiga qaytarishni talab qilishdi. Biroq, bu talab Makka kelishuvi shartlarini buzish anglatar edi. Abnaning talabini boshqa nufuzli amaldorlar, jumladan Fadl ibn ar-Rabiy ham qoʻllab-quvvatlashdi[1][20][21].
Baʼzi zamonaviy olimlar aka-uka oʻrtasidagi ziddiyatni xalifalikning arab va eron elitasi oʻrtasidagi qarama-qarshilik sifatida talqin qilishga urinadilar. Bunday xulosaga kelishga asos esa taxt uchun ikki daʼvogarning onalari kelib chiqishi boʻladi[22]. Eronliklar hukmron bo‘lgan Sharq asosan Ma’munni qo‘llab-quvvatlagan boʻlsa-da, Amin ongli ravishda „arabizm“ tarafdori boʻlmagan[22]. Shuningdek, Maʼmunning tarafdorlari „singillarining oʻgʻli“ uchun tashviqot olib borishga boʻlsa-da, Maʼmunni qoʻllab-quvvatlash uning eroniy kelib chiqishi tufayli boʻlgan edi. Maʼmun Xurosonning mahalliy elitasi qoʻllovidan foydalanganining asosiy sababi ushbu elita Maʼmun siymosida yangidan qoʻlga kiritgan muxtoriyatlari uchun kurashuvchini koʻrganlari hamda Maʼmunning oʻzi bu fikrni tirishqoqlik bilan mustahkamlagani edi. Keyinchalik, urush davrida Maʼmunning gʻalaba qozonish ehtimoli ham Xurosonliklar uchun yangi tuzumda yanada imtiyozli mavqega ega boʻlishni kafolatladi[23]. Biroq, mojaro, birinchi navbatda, sulolaviy nizo boʻlib, Amin toʻgʻridan-toʻgʻri patrilineal vorislik oʻrnatishga harakat qildi. Bunda Amin Mansurdan keyingi aka-uka va amakivachchalarning daʼvolariga qarshi kurashganlar kabi yoʻl tutishdan boshqa biror ish qilmadi. Horun ar-Rashid ham akasi al-Hadiyning (h. 785–786) qisqa hukmronligi davrida qamoqqa tashlangan edi[24]. Amin oʻzining befarqligi va siyosiy qobiliyatga ega emasligini hisobga olib, bu loyihani amalga oshirishni Amin yonidagi „yovuz daho“ sifatida taʼriflangan[22] va mojaroning asosiy qoʻzgʻatuvchilaridan biri hisoblanadigan[25] Fadl ibn ar-Rabiyga ishonib topshirdi. Qisqa muddatda Amin ukasi Qosimni merosxoʻrlikdan mahrum qila oldi. Dastlab Qosim Jazira hokimligidan chetlashtirildi. Koʻp oʻtmay, vorislikdan ham butunlay mahrum qilinib, Bagʻdodda maxsus qoʻriqlovga olindi[4][26]. Maʼmun xalifaning bevosita nazorati ostidagi hududdan uzoqda yashagani uchun bu qismatdan qutulib qoldi[24].
Ikki guruh oʻrtasidagi kelishmovchilik 810-yilda Amin oʻz oʻgʻli Musoni merosxoʻr etib tayinlaganda yaqqol namoyon boʻldi[24]. Keyin Amin Marvga elchi yuborib, Maʼmundan Bag‘dodga qaytishni so‘radi. Maʼmun oʻz xavfsizligidan qoʻrqib, rad javobi berganidan soʻng, Amin akasining mulkiga aralasha boshladi. Amin taslim boʻlgan ibn al-Laysni Maʼmun afv etishiga norozilik bildirdi va ramziy boʻysunish belgisi sifatida Xurosonning gʻarbiy viloyatlari hokimlaridan soliq talab qildi. Soʻngra akasidan Xurosonning gʻarbiy hududlarini tasarruf etishni, xalifalik soliq va pochta agentlarini viloyatga qabul qilishni, Xuroson daromadlarini Bagʻdodga oʻtkazishni talab qildi[1][24][27]. Tayanadigan katta harbiy kuchlari boʻlmagan va shu sababli mavqei zaif boʻlgan Maʼmun avvaliga ukasining talablarini qabul qilishga moyil boʻlgan. Biroq Fadl ibn Sahl Maʼmunni bu yoʻldan qaytarib, xalifa hokimiyatiga qarshi chiqqan Xurosonning tub aholisidan yordam soʻrashga undadi[24][28].
Ali ibn Isoning haddan tashqari ortiqcha ekanligiga allaqachon ishonch hosil qilgan Maʼmun ongli ravishda mahalliy aholini qoʻllab-quvvatlash, soliqlarni kamaytirish, adolat o'rnatish, mahalliy hukmdorlarga imtiyozlar berish va viloyatda abbosiylar harakati boshlanish davri epizodlarini namoyon etishga kirishdi. Maʼmun endi „Eroniylarga xayrixohlar uchun siyosiy magnit“ga (Al-Hibriy) aylandi. O‘z viloyatidan voz kechish yoki Bag‘dodga qaytishdan bosh tortib, Bag‘dodning markazlashtirish siyosatidan norozi bo‘lganlar yoki Abbosiylar inqilobidan keyin shunchaki hokimiyatdagi ulushidan mahrum boʻlganlarni atrofiga to‘play boshladi[29][30].
Amin va Maʼmun bosh vazirlari taʼsiri ostida siyosiy muhitni yanada qutblashtirgan va vaziyatni oʻnglab boʻlmaydigan darajaga keltirgan qadamlar qoʻydi. Maʼmun Amin nomini ramziy maʼnoda tangalar va juma xutbasidan chiqarib tashlagach, 810-yil noyabrda Amin Maʼmun va Muʼtaminni vorislik huquqidan mahrum qilib, ularning oʻrniga oʻz oʻgʻillari Muso va Abdullohni nomzod qilib koʻrsatdi. Bu harakatlarga Maʼmun oʻzini imom deb eʼlon qilish orqali javob berdi. Bu diniy unvon xalifaga toʻgʻridan-toʻgʻri qarshi chiqishni anglatmasa-da, mustaqil hokimiyatni nazarda tutardi. Shuningdek, bu Abbosiylarni hokimiyat tepasiga olib kelgan Hoshimiylar harakatining dastlabki kunlariga ham ishora qilardi[24][31][32].
Baʼzi yuqori martabali vazir va gubernatorlarning eʼtirozlariga qaramay, 811-yil yanvarda Amin Ali ibn Isoni Xuroson noibi etib tayinlab, abnodan olingan 40 000 kishilik gʻayrioddiy yirik qoʻshin bilan Maʼmun hokimiyatini agʻdarish uchun Xurosonga joʻnatib, rasmiy ravishda fuqarolar urushini boshladi. Xabar qilinishicha, Ali ibn Iso Xurosonga yoʻl olar ekan, oʻzi bilan Maʼmunni bogʻlab, Bagʻdodga keltirish uchun kumush zanjirlar toʻplamini olgan[32][33]. Alining yaqinlashayotgani haqidagi xabar Xurosonni vahimaga solib, hatto Maʼmun qochish haqida oʻylay boshladi. Buning sababi Maʼmun qoʻl ostidagi yagona harbiy kuch Tohir ibn Husayn boshchiligidagi 4000-5000 kishidan iborat kichik armiya edi. Tohir Alining olgʻa siljishiga qarshi turish uchun yuborilishini hatto Tohirning otasi ham deyarli oʻz joniga qasd qilish missiyasi sifatida qabul qildi. Ikki qoʻshin Xurosonning gʻarbiy chegarasidagi Ray shahrida toʻqnashdi. 811-yilning 3-iyulida boʻlib oʻtgan jang Xurosonliklarning gʻalabasi bilan yakunlandi. Jangda Ali halok boʻldi, qoʻshini esa gʻarbga qaytayotganda tarqalib ketdi[31][32][25].
Tohirning kutilmagan gʻalabasi hal qiluvchi boʻldi. Natijada Maʼmunning mavqei mustahkamlandi. Maʼmunning asosiy raqiblari boʻlmish abno esa odamlari, obroʻsi va eng harakatchan rahbarini yoʻqotdi[34]. Tohir endi gʻarbga qarab yurdi. Abdurahmon ibn Jabala boshchiligidagi 20 000 kishilik yana bir abno qoʻshinini Hamadon yaqinidagi bir qancha ogʻir janglardan soʻng magʻlub etib, qishgacha Hulvonga yetib keldi[25][34][35]. Amin esa arab qabilalari, xususan, Jaziradagi Banu Shaybon va Suriyadagi Qayslar bilan ittifoq tuzish orqali oʻz kuchlarini mustahkamlashga astoydil harakat qildi. Faxriy Abdulmalik ibn Solih Ali ibn Isoning o‘g‘li Husayn bilan birga Suriyaga qo‘shinlarni safarbar qilish uchun jo‘natildi. Biroq Aminning saʼy-harakatlari Qays va Kalb oʻrtasidagi uzoq vaqtdan beri mavjud boʻlgan qabilalararo boʻlinish, suriyaliklarning fuqarolar urushiga qoʻshilishni istamasligi[a], shuningdek, abnoning arab qabilalari bilan hamkorlik qilishni va ularga siyosiy yon berishni istamagani sababli muvaffaqiyatsizlikka uchradi[25][34]. Arab qabilalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ushbu muvaffaqiyatsiz urinishlar Amin uchun teskari taʼsir koʻrsatdi. Chunki abno ushbu harakatlar oʻz manfaatlariga toʻgʻri kelishiga shubha qila boshladi[34]. 812-yil mart oyida Husayn ibn Ali Bagʻdodda Aminga qarshi qisqa muddatli toʻntarishga rahbarlik qildi. Maʼmun haqli xalifa deb eʼlon qilindi. Abno ichidagi boshqa guruhlar boshchiligidagi qarshi toʻntarish natijasida Amin hokimiyati qayta tiklandi. Ammo urushning asosiy qoʻzgʻatuvchilaridan biri boʻlgan Fadl ibn ar-Rabiy Aminning oʻrni yoʻqolgan degan xulosaga kelib, hukumat idoralaridan isteʼfoga chiqdi[25]. Taxminan shu vaqtda Maʼmun rasman xalifa deb eʼlon qilindi. Fadl ibn Sahl esa oʻziga xos Zulliriʼasatayn („ikki boshliq“) unvoniga ega boʻldi. Bu unvon Fadlning boshqaruvda fuqarolik va harbiy hokimiyatni nazorat qilishini anglatardi[25].
812-yilning bahorida Tohir Harsama ibn Aʼyon qoʻmondonligi ostidagi qoʻshimcha kuchlar bilan kuchayib, hujumni qayta boshladi. Tohir Xuzistonga bostirib kirib, u yerda Muhallabiylar hokimi Muhammad ibn Yazidni magʻlub etib, oʻldirdi. Basra muhallabiylari taslim boʻldilar. Tohir Kufa va al-Madoinni egallab, Bagʻdodga tomon gʻarbdan, Harsama esa sharqdan yurish boshladi[25]. Shu bilan birga, Maʼmun tarafdorlari Mosul, Misr va Hijozni oʻz nazoratiga olishi bilan bir vaqtda Suriya, Armaniston va Ozarbayjonning katta qismi mahalliy arab qabila rahbarlari nazorati ostiga oʻtib, bu hududlarda Amin hokimiyati quladi[34][36]. Tohir qoʻshini Bagʻdodni qurshab olgach, umidsizlikka tushgan xalifa shaharning oddiy aholisidan yordam soʻrab, ularga qurol-yarogʻ bergach, Amin va abno oʻrtasidagi ziddiyat yanada chuqurlashdi. Abno aʼzolari guruh-guruh boʻlib Tohir tomoniga oʻtib keta boshladi. 812-yil avgustida Tohir qoʻshini shahar yaqiniga kelgach, Tohir oʻz qarorgohini anʼanaga koʻra, Harbiyya chekkasidagi abno qoʻrgʻoniga joylashtirdi[34].
Tarixchi Hugh N. Kennedy shaharning qamal qilinishini „ilk islom jamiyati tarixida deyarli o‘xshashi bo‘lmagan epizod“ va „eng yaqin ilk islom tarixidagi ijtimoiy inqilobga urinish“ deb ta’riflagan. Chunki shahar bir yildan ortiq vaqt davomida shafqatsiz partizanlar urushi girdobida boʻlib, Bag‘dod proletariati o‘z kuchlarini himoya qilgan[37][38]. Darhaqiqat, shahardagi ocharchilik va qamal qiluvchilarning kasbiy tajribasi ham aynan shu „inqilobiy“ vaziyatda shaharning qulashiga sabab bo'ldi. 813-yil sentyabrda Tohir baʼzi boy fuqarolarni Dajla daryosi ustidagi ponton koʻpriklarni kesishga koʻndiradi. Shaharni tashqi dunyodan ajratib qoʻyilishi Maʼmun odamlariga shaharning sharqiy qismlarini egallashga imkon berdi. Maʼmun qoʻshinlari soʻnggi hujumni boshladilar. Hujum natijasida Amin qoʻlga olindi. Amin eski oilaviy doʻsti Harsamadan boshpana soʻrashga uringanda Tohirning buyrugʻiga binoan qatl etildi[36][39]. Maʼmun bu harakatga aloqador boʻlmasa-da, qatl Maʼmun uchun siyosiy jihatdan qulay edi. Chunki endi Maʼmun ham de-yure, ham de-fakto qonuniy xalifa boʻlish imkoniga ega boʻldi[40].
Sahlid hukmronligi va reaksiyasi (813—819)
tahrirShunga qaramay, qotillik Maʼmunning gʻalabasiga zarba berdi. Ko‘p o‘tmay Tohir jamoatchilik e’tiboridan chetda qolib, Raqqadagi muhim bo‘lmagan lavozimga tayinlandi. Biroq uning qilmishi Abbosiylar sulolasining obro‘sidagi doimiy dog‘ boʻlib qoldi[31][41]. Elton Danielning soʻzlariga koʻra, „Bu hodisa Abbosiy xalifalari shaxsiyatini muqaddaslashtirgan aurani parchalab tashladi. Abbosiylar hukmdori birinchi marta isyonkor fuqarolar tomonidan xoʻrlandi va oʻldirildi“[42]. Maʼmun Marvda qolib, xalifalik poytaxtiga qaytish niyatini bildirmagach, xalifalikning gʻarbiy hududlarida, xususan, Bagʻdod shunchaki oddiy viloyatga aylanib qolishidan qoʻrqib ketgan Bagʻdod va uning atrofida yashovchi arablarning xalifa Maʼmun va xalifaning „fors“ tarafdorlariga nisbatan antipatiya toʻlqini kuchayib ketdi. Vaziyat yangi xalifa davlat boshqaruvini Fadl ibn Sahlga ishonib topshirgach, yanada keskinlashdi. Fadl ibn Sahl musulmon dunyosining kuch markazini doimiy ravishda sharqqa, Xurosonga koʻchirishni niyatida boʻlib, u yerda oʻzi va yaqinlari boshqa guruhlarni istisno qilgan holda hokimiyat jilovini mustaqil nazorat qilishi mumkin edi[42][43][44]. Fadl, shuningdek, Maʼmunning koʻplab tarafdorlariga ham masʼul edi. Harsama ibn Aʼyon Ma’munga g‘arbdagi haqiqiy vaziyat haqida xabar berish uchun Marvga borgan vaqtida Sahlidlar xalifani unga qarshi qayrab, 816-yil iyun oyida xiyonatda ayblanib qatl etilishiga erishdilar. Bunga javoban Harsamaning o‘g‘li Hatim Armanistonda qisqa muddatli qo‘zg‘olon ko‘tardi[45][46].
Bu siyosatning natijasida xalifalik bo‘ylab qo‘zg‘olonlar va mahalliy hokimiyat uchun kurashlar avj oldi. Faqat Xuroson va Vizantiya imperiyasi bilan chegaradosh tumanlarda tinchlik holati kuzatildi[42][44]. Ayniqsa, Iroq deyarli anarxiya holatiga tushib qoldi. Iroqning yangi gubernatori Fadlning ukasi Hasan ibn Sahl tez orada abnoning qoʻllovidan mahrum boʻldi. Mahalliy aholi Maʼmunning tuzumidan uzoqlashganidan 815-yil 26-yanvarda Abul Sarayo boshchiligida Kufada qoʻzgʻolon koʻtargan Zaydiy Aliylar[b] foydalandilar. Abbosiylarga qarshi eski noroziliklari boʻlgan turli guruhlar qasos olish uchun imkoniyatdan foydalangani sababli qoʻzgʻolon Iroq hududiga tez tarqaldi. Qoʻzgʻolonga nominal ravishda Aliy Ibn Tabataba, uning oʻlimidan keyin esa Horun ar-Rashid buyrugʻi bilan 799-yilda qatl etilgan imom Muso al-Kozimning oʻgʻli Zayd boshchilik qildi. Qo‘zg‘olon Bag‘dodning o‘ziga ham tahdid sola boshladi va faqatgina qobiliyatli Harsamaning aralashuvi bilan bostirilib, Abul Sarayo oktyabr oyida qo‘lga olinib, qatl etildi[31][36][47]. Ikkilamchi Aliy tarafdorlari Yaman (Muso al-Kozimning yana bir oʻgʻli Ibrohim al-Jazzar qoʻl ostida boʻlgan) va Tihamani, jumladan Aliy imom Ja’far as-Sodiqning nabirasi Muhammad al-Dibaj 815-yil noyabrida xalifaga qarshi deb e’lon qilgan joy boʻlmish Makkani ham qoʻlga olishdi. Bu qoʻzgʻolonlarni bostirish Ali ibn Isoning oʻgʻli Hamdavayh va abno qoʻshini zimmasiga topshirildi. Hamdavayh bu viloyatlarni oʻziga boʻysundirishga muvaffaq boʻlib, keyin oʻzi xalifalikdan mustaqil boʻlishga urinib koʻrdi[36].
816-yilda Maʼmun oʻz obroʻ-eʼtiborini kuchaytirish uchun „Xudoning xalifasi“ unvonini oldi. Gʻarbiy viloyatlarda Aliylarning keng qoʻllab-quvvatlanishiga eʼtibor qaratgan Maʼmun nafaqat xalifaga qarshi boʻlgan Aliylar hayotini saqlab qoldi, balki 817-yil 24-martda Muso al-Kozimning uchinchi o‘g‘li Aliy Ali ibn Muso ar-Rizoni o‘zining merosxo‘ri deb eʼlon qilib, hatto rasmiy sulola rangini Abbosiylar qorasidan Aliy yashiliga ham o‘zgartirgan[47][48]. Maʼmunning Aliylar vorisligiga boʻlgan fikrining jiddiyligi noaniq boʻlsa-da[47], buning taʼsiri halokatli edi. Jiddiylikning shubha ostiga olinishining sababi Ali ar-Rizo shunchalik keksa ediki, uning Maʼmun oʻrniga xalifa boʻlishi imkonsiz edi, degan taxminlar bor. Maʼmunning bu qarorini nafaqat xalq deyarli xalq qoʻllab-quvvatlamadi, balki Bagʻdoddagi Abbosiylar oilasi aʼzolari orasida ham shov-shuvga sabab boʻldi. Hasan ibn Sahl allaqachon shaharni tark etishga majbur boʻlgan edi. Chunki, shaharda turli fraksiya rahbarlari hokimiyatni boʻlishishgan boʻlib, Aliylar vakilining vorisligi haqidagi xabar Hasanning murosaga kelish boʻyicha urinishlarini barbod qildi. 817-yil 17-iyulda Bagʻdoddagi Abbosiylar oilasi aʼzolari Horun ar-Rashidning ukasi Ibrohimni yangi xalifa sifatida tan olishdi[43][49][50]. Ibrohim Bagʻdod elitasi, Maʼmunning ukasi Abu Isʼhoq (boʻlajak xalifa Muʼtasim, {hukmronlik|833|842}}) kabi abbosiy shahzodalari, Fazl ibn al-Rabiy (hojib lavozimida hukumatga qaytgan) kabi hukumat aʼzolari, abno rahbarlari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Olim Muhammad Rekaya taʼkidlaganidek, „boshqacha qilib aytganda, bu 813-yildan beri tinchlikda yashagan ikki lager [Bagʻdod va Xuroson] oʻrtasidagi urushning qayta jonlanishi edi“[50].
Ibrohim Iroq ustidan nazoratni taʼminlashga harakat qildi. Kufani qoʻlga kiritgan boʻlsa-da, Vositni oʻzining harbiy bazasiga aylantirgan Hasan ibn Sahl Basraga birinchi boʻlib yetib keldi. Biroq Misr noibi Abdulaziz al-Azdiy Ibrohimni xalifa deb tan oldi[50]. Xurosondagi sahliylar dastlab Bagʻdod voqealariga past baho berib, Maʼmunga Ibrohim oʻzini xalifa emas, balki faqatgina hokim (amir) deb eʼlon qilgan, deya yolgʻon xabar berishdi. Nihoyat, 817-yil dekabrda Ali ar-Rizo Ma’munga Iroqdagi haqiqiy vaziyat haqida xabar berishga muvaffaq bo‘lib, xalifani xalifalikdagi g‘alayon Sahlidlar taxmin qilganidan ham kattaroq ekanligiga va Bag‘dod bilan yarashish zarurligiga ishontirdi. Maʼmun endi imperiyani shaxsan nazoratga olishga qaror qildi. 818-yil 22-yanvarda Marvni tark etib, gʻarbga, Bagʻdodga qarab juda sekin yura boshladi. Fazl ibn Sahl 13-fevralda, ehtimol, Maʼmunning buyrugʻi bilan oʻldirildi. Uning qolgan oila aʼzolari barmakiylar boshiga tushgan quvgʻindan qutulib qolishgan. Darhaqiqat, Hasan ibn Sahl hozircha ukasining lavozimiga tasdiqlandi va Maʼmun Hasanning qizlaridan biriga unashtirilgan edi. Ali ar-Rizo ham 5-sentabr kuni zaharlanish oqibatida vafot etdi. Uning dafn etilgan joyi hozirda Mashhad („shahidlik joyi“) deb nomlanuvchi Sanoboddagi shialarning asosiy ziyoratgohiga aylandi[43][50][51].
Bu orada Bagʻdodga qaytgan Ibrohim qochqinlar, isyonlar va fitnalarga duch keldi. Fitnalardan biri oʻgay ukasi Mansur bilan bogʻliq edi. Hasan ibn Sahl g‘alayondan foydalanib, shimolga yo‘l oldi va Madoinni qo‘lga kiritdi. Oylar oʻtishi bilan Bagʻdodda norozilik kuchaydi. Ibrohimning tarafdorlari, jumladan Fazl ibn ar-Rabiy uni tark eta boshladilar. 819-yil aprel va iyul oylarida Ibrohimni asirga olib, Maʼmun qoʻshinlariga taslim qilish uchun fitna uyushtirildi. Bu fitnadan zo‘rg‘a qutulgan Ibrohim taxtni tashlab, yashirindi va Ma’munga Bag‘dodni qaytarib olishi uchun yo‘l ochdi[52]. 819-yilning 17-avgustida Maʼmun qarshiliksiz Bagʻdodga kirgach, siyosiy gʻalayon tezda barham topdi[43][50][51]. Maʼmun endi muxolifat bilan yarashmoqchi boʻldi. Aliylar vorisligini bekor qildi, qora rangni sulola rangi sifatida qayta tikladi, Hasan ibn Sahlni nafaqaga chiqardi va Tohirni Raqqa surgunidan chaqirib oldi. Biroq Maʼmun xalifaning standart unvoniga aylangan imom unvonini saqlab qoldi[51][53].
812—813-yillarda Bagʻdodni qamal qilish paytida Tohir abno bilan yaqin aloqalar oʻrnatgan edi. Bu aloqalar esa abnoning Maʼmunni oson qabul qilishida foydali boʻldi. Tohir 821-yil sentyabrida Xuroson noibligi bilan taqdirlandi. 822-yil oktyabrda Tohir vafot etgach, uning oʻrniga oʻgʻli Talha taxtga oʻtirdi. Keyingi ellik yil davomida Tohiriylar markazi Xurosonda joylashgan ulkan sharqiy viloyat noibligini bajarish bilan birga Bagʻdod hokimlarini taʼminlagan, poytaxt Samarraga koʻchirilgandan keyin esa Bagʻdodning xalifalik hukumatiga sodiqligini taʼminlab bergan edi[54][55].
Xalifalikning qayta birlashishi va tinchlanishi (820—837)
tahrirMaʼmun Bagʻdodga qaytgan vaqtda xalifalikning gʻarbiy viloyatlari Abbosiylar nazoratidan chiqib ketgan, mahalliy hukmdorlar markaziy hukumatdan turli darajada muxtoriyatga daʼvo qilayotgan edi. Misr ikki ashaddiy dushman guruh oʻrtasida boʻlinib ketdi. Ular Fustat va mamlakat janubni nazorat qilayotgan Ubaydulloh ibn as-Soriy va uning raqibi Ali ibn Abdulaziz al-Jaraviy boshchiligida Nil deltasi atrofidagi mamlakat shimolini nazorat qilayotgan Qaysiy arab qabilalari edi. Bundan tashqari, Iskandariya bir guruh Andalusiya qochqinlari qoʻlida edi. Shimoliy Suriya va Jazirada Abdulloh ibn Bayhos va Nasr ibn Shabat al-Uqayliy boshchiligidagi anʼanaviy hukmron Qays qabilasi nazoratni oʻz qoʻliga oldi. Ifriqiya Aglobiylar nazorati ostiga oʻtdi, Yamanda esa Aliy tarafdorlari qoʻzgʻolonlari avj oldi. Ehtimol, bu davrdagi eng xavfli isyon Ozarbayjon va Armanistonning katta qismini qamrab olgan musulmonlarga qarshi Xurramiylar harakati edi[56][57].
Maʼmun bu qoʻzgʻolonlarga qarshi kurashish uchun Tohirning yana bir oʻgʻli Abdulloh ibn Tohirga murojaat qilib, unga oʻz qoʻshini qoʻmondonligini ishonib topshirdi. Ibn Tohirning dastlabki nishoni Suriya shimoli va Jazirada hukmronlik qilayotgan Nasr ibn Shabat boʻldi. Nasr Maʼmun hokimiyatini tan olishga tayyor edi. Biroq, oʻz tarafdorlari uchun yon berishni talab qilib, Abbosiylarning forsiy amaldorlariga dushman boʻlib qoldi. Shuning uchun 824-825-yillarda poytaxti Kaysum oldida kuch bilan boʻysundirildi[58][59][60]. Ibn Tohir shimoliy qanotni mustahkamlab olgach, Suriya orqali Misrga yurish qildi. U yerdagi har ikki raqib, garchi Maʼmunning xalifa boʻlishiga qarshi boʻlmasalar-da, status-kvoni saqlab qolishga ishtiyoqmand edilar. Ular 824-yilda Xolid ibn Yazid ibn Mazyod boshchiligidagi bosqinni qaytardilar. Ibn Tohir ikkalasini ham yengishga muvaffaq boʻldi. shuning uchun Ali al-Jaraviy tezda taslim boʻldi. Ubaydulloh boʻysundirilib, Bagʻdodga surgun qilindi. Ibn Tohir Andalusiyalarning Iskandariyadan chiqib ketishini taʼminladi. Ular shaharni tark etib, Vizantiyaning Krit orolini bosib olishdi va u yerda Musulmon amirligiga asos soldilar[58][59]. Abdulloh ibn Tohir 827-yilda Bag‘dodga qaytgach, gʻalaba ziyofati uyushtirildi va 828-yilda Talha o‘rniga Xuroson noibi etib tayinlandi. Uning gʻarbdagi lavozimini Maʼmunning ukasi Abu Isʼhoq al-Muʼtasim egalladi[58][59]. Yamanda Abdurrahmon ibn Ahmad davrida 822-yil yana bir Aliy qoʻzgʻoloni koʻtarildi. Biroq Maʼmun muzokaralar yoʻli bilan uning taslim boʻlishini taʼminlay oldi[60].
Biroq, boshqa hududlarda konsolidatsiya jarayoni qiyinroq kechdi yoki butunlay muvaffaqiyatsiz boʻldi. Jumladan, Aglobiylar boshqarayotgan Ifriqiya avtonom maqomini olib, Abbosiylar nazoratidan butunlay chiqib ketdi. Ozarbayjonda esa Maʼmunning generali Iso ibn Abu Xolid shaharlardagi turli mahalliy musulmon hukmdorlar ustidan nazoratni qayta tikladi, lekin Xurramiylar qoʻzgʻolonini bostira olmadi. 824-yilda Sadaka ibn Ali al-Azdiy va 827—829-yillarda Muhammad ibn Humayd at-Toiy boshchiligida Xurramiylarga qarshi harbiy qoʻshinlar yuborildi. Biroq ularning ikkalasi ham togʻli hudud va Xurramiylarning partizanlik taktikasi oldida muvaffaqiyatsizlikka uchradi, Ibn Humayd halok boʻldi. Xurramiylarga qarshi turk qul askarlaridan (mavaliy yoki gʻilmon) iborat yangi harbiy korpusni tashkil qilgan Muʼtasim taxtga oʻtirgach, qoʻzgʻolon koʻp yillik kurashlardan soʻng 837-yilda bostirildi[60][61][62]. Aksariyat viloyatlarda xalifalik hokimiyati tiklanganiga qaramay, xalifalikda qoʻzgʻolonlar davom etdi. Jumladan, Maʼmun hukmronligining keyingi davrida Quyi Iroqda Zuttlar bir qator qoʻzgʻolonlar koʻtarishdi, Misrda zulmkor soliqqa tortish siyosatiga qarshi uch yil davom etgan qoʻzgʻolon koʻtarildi. 829-yilda Armaniston va Ozarbayjon noibi Ibn Humaydning vorisi Ali ibn Hishom boshchiligida nasroniy qibtiylar hamda musulmonlar ishtirok etgan muvaffaqiyatsiz qoʻzgʻolon boʻlib oʻtdi[63].
Oqibati va taʼsiri
tahrirUzoq davom etgan fuqarolar urushi ilk abbosiylar davlatining ijtimoiy-siyosiy tuzumini parchalab tashladi. Ma’mun davrida Abbosiylar xalifaligining o‘rta davriga xos yangi tuzum vujudga kela boshladi. Eng sezilarli oʻzgarish yangi tuzumni qoʻllab-quvvatlagan elita tarkibida boʻldi. Jumladan, abno, eski arab oilalari va Abbosiylar sulolasi aʼzolarining oʻzi maʼmuriy va harbiy mexanizmdagi mavqei, oʻz taʼsiri va nufuzini yoʻqotdi[64][65]. Xalifalik viloyatlari yirikroq qismlarga birlashtirilib, Xurosondagi Tohiriylar yoki Movarounnahrdagi Somoniylar kabi eroniy nasl-nasabli sulolalar tomonidan boshqarila boshladi. Shu bilan birga, Maʼmun oʻz imperiyasining Eron siyosiy doiralariga qaramligini kamaytirishga harakat qilib, ikkita yangi harbiy korpus, akasi Abu Isʼhoqning turk qullari va Maʼmunning oʻgʻli Abbos qoʻmondonligi ostida qayta tashkil etilgan Vizantiya chegarasidagi arab qabilalari armiyasi, yaratish orqali kuchlarni muvozanatlashtirdi[60][66]. Bu tuzum Abu Isʼhoq (Muʼtasim) davrida yanada takomillashtirilib, oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻldi. Muʼtasim kuchli nazorat ostida markazlashgan davlat yaratdi va oʻzining turk korpusini samarali harbiy kuchga aylantirib, mazkur qoʻshin bilan Vizantiyaga va ichki qoʻzgʻolonlarda birdek samarali kurash olib bora oldi. Turkiy yetakchilar viloyat noiblari sifatida siyosiy hokimiyatga erishdi, eski arab va eron elitasi esa butunlay chetda qoldi[67]. Maʼmunning gʻalabasi Abbosiylarning rasmiy ilohiy taʼlimotida ham oʻz aksini topdi. 829-yilda Maʼmun islomiy taʼlimotlardagi tafovutlarni va ijtimoiy tengsizliklarni kamaytirish maqsadida moʻtazilizmni qabul qildi[68].
Shu bilan birga, Maʼmun va uning vorislari xalifalikning, ayniqsa, Sharqiy Erondagi arab boʻlmagan aholini qabul qilishi, shuningdek, bu viloyatlar boshqaruvini sezilarli muxtoriyatga ega boʻlgan mahalliy sulolalarga topshirishga tayyorligi diniy sabablarga koʻra boshlanib, uzoq davom etgan qoʻzgʻolonlarni tugatishga yordam berdi. Ularning mazkur siyosati aholini Islom bilan yaqinlashtirdi. Maʼmun davrida dinni qabul qilish darajasi sezilarli darajada oshdi va bu paytda Eron yerlarining aksariyat mahalliy hukmron oilalari nihoyat musulmon boʻlgan edi. El-Hibriy taʼkidlaganidek, „bu rivojlanish jarayoni vaqt oʻtishi bilan sharqda xalifalik markaziy hokimiyatiga faqatgina nominal sodiq qolgan avtonom mahalliy sulolalarning paydo boʻlishi uchun debocha boʻldi“[60][69].
Izohlar
tahrir^ a: Fuqarolar urushi boshlanishi bilan Suriyaning katta qismi Abbosiylarga bayʼat qilishdan bosh tortdi. Damashq hokimi, Abbosiy shahzodasi Sulaymon ibn Abu Jaʼfar Umaviylar tarafdori boʻlgan kuchlar tomonidan Kalb qabilasining alohida qoʻllovi bilan haydab yuborilgan. Umaviylar xalifasi Muoviya Ining avlodi Abu Umaytir as-Sufyoniy 811-yilda Damashqda xalifa deb e’lon qilinib, xalifaligini Hims va Suriyaning boshqa hududlari e’tirof etgan[70]. Bu holat Kalbning azaliy raqiblari — Qays tomonidan yaxshi qabul qilinmagan. Qays qabilasi Abbosiylar tarafdori boʻlgan qabila boshlig‘i Ibn Bayhos al-Kilobiy boshchiligida Abu Umaytir va Kalbga qarshi kurashga safarbar etilgan[71][72]. Ular 813-yilda Damashqdagi Umaviylar hukumatini agʻdargach, Maʼmun ularni hudud gubernatori sifatida tan olgan. Ibn Bayhos yarim mustaqil tarzda hukmronlik qilib, hatto oʻz tangalarini ham zarb qilgan. Ibn Bayhosni 820-yillarning oʻrtalarida Maʼmunning Suriya va Jazira boʻyicha noibi Abdulloh ibn Tohir ibn Husayn ishdan boʻshatguniga qadar oʻz lavozimida qoldi[73].
^ b: Abbosiylar va Aliylar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar barqaror boʻlmay, koʻp oʻzgarishlarga uchragan. Aliylar Muhammaddan kelib chiqqanini daʼvo qilib, Umaviylarga qarshi bir qancha muvaffaqiyatsiz qoʻzgʻolonlarga boshchilik qilishgan. Umaviylar rejimini zolim va Islom taʼlimotidan koʻra xalifalikning dunyoviy jihatlari bilan koʻproq shugʻullangan degan eʼtiqodga asoslanishgan. Faqat „Muhammad oilasidan tanlangan kishi“ (ar-riza min Al-Muhammad) Qurʼon va Sunnat asosida hukmronlik qilishi hamda musulmon jamiyatiga adolat keltiradigan haqiqiy islomiy hukumatni yaratish uchun zarur boʻlgan ilohiy rahbarlik qobiliyatiga ega boʻladi, deb hisoblashgan. Biroq, aynan Abbosiylar oilasi, xuddi Aliylar kabi Banu Hoshim qabilasining bir qismini tashkil qilgan. Shu sababli xalifalik hokimiyatini muvaffaqiyatli qoʻlga kiritish uchun „Paygʻambar oilasi“ aʼzosi boʻlishga daʼvo qila olgan[74][75]. Abbosiylar inqilobidan soʻng, Abbosiylar Aliylarning qoʻllab-quvvatlashi yoki hech boʻlmaganda saroyda maosh va sharaflar orqali kelishuvni taʼminlashga harakat qilishdi. Biroq Aliylardan baʼzilari, asosan Aliylarning Zaydiy va Hasaniylar tarmoqlari, Abbosiylarni tortib oluvchilar sifatida rad etishda davom etdilar. Shundan soʻng, xalifalar murosa harakatlarini bostirish harakatlari bilan almashtirgach, Aliylar qoʻzgʻolonlar koʻtardi. Bu esa oʻz navbatida Aliylar va ularning tarafdorlariga keng koʻlamli taʼqiblar davom etishiga sabab boʻldi[76][77].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Kennedy 2004, s. 147.
- ↑ Daniel 1979, s. 17.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 Kennedy 2004, s. 142.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 4,6 Rekaya 1991, s. 331.
- ↑ 5,0 5,1 El-Hibri 2010, s. 282.
- ↑ El-Hibri 2010, s. 301.
- ↑ El-Hibri 2010, s. 274.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 133–134.
- ↑ Kennedy 2004, s. 135.
- ↑ El-Hibri 2010, ss. 281–282.
- ↑ Daniel 1979, ss. 175–176.
- ↑ El-Hibri 2010, ss. 282–283.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 142–143.
- ↑ 14,0 14,1 14,2 El-Hibri 2010, s. 283.
- ↑ Daniel 1979, s. 168.
- ↑ Daniel 1979, ss. 169–171.
- ↑ Kennedy 2004, s. 144.
- ↑ Daniel 1979, ss. 171–175.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 144–145.
- ↑ Daniel 1979, s. 176.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 331–332.
- ↑ 22,0 22,1 22,2 Gabrieli 1960, s. 438.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 331, 333.
- ↑ 24,0 24,1 24,2 24,3 24,4 24,5 Rekaya 1991, s. 332.
- ↑ 25,0 25,1 25,2 25,3 25,4 25,5 25,6 Rekaya 1991, s. 333.
- ↑ Fishbein 1992, ss. 20, 22, 27.
- ↑ Daniel 1979, ss. 176–177.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 147–148.
- ↑ El-Hibri 2010, s. 284.
- ↑ Daniel 1979, ss. 177–178.
- ↑ 31,0 31,1 31,2 31,3 El-Hibri 2010, s. 285.
- ↑ 32,0 32,1 32,2 Kennedy 2004, s. 148.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 332–333.
- ↑ 34,0 34,1 34,2 34,3 34,4 34,5 Kennedy 2004, s. 149.
- ↑ Daniel 1979, ss. 179–180.
- ↑ 36,0 36,1 36,2 36,3 Rekaya 1991, s. 334.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 149–150.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 333–334.
- ↑ Kennedy 2004, s. 150.
- ↑ Gabrieli 1960, ss. 437–438.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 150, 151.
- ↑ 42,0 42,1 42,2 Daniel 1979, s. 180.
- ↑ 43,0 43,1 43,2 43,3 El-Hibri 2010, s. 286.
- ↑ 44,0 44,1 Kennedy 2004, ss. 150–151.
- ↑ Kennedy 2004, s. 151.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 334–335.
- ↑ 47,0 47,1 47,2 Kennedy 2004, s. 152.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 334, 335.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 151–153.
- ↑ 50,0 50,1 50,2 50,3 50,4 Rekaya 1991, s. 335.
- ↑ 51,0 51,1 51,2 Kennedy 2004, s. 153.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 335–336.
- ↑ Rekaya 1991, s. 336.
- ↑ El-Hibri 2010, ss. 288–289.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 153–154, 159–160.
- ↑ El-Hibri 2010, ss. 286–287.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 154–155.
- ↑ 58,0 58,1 58,2 El-Hibri 2010, s. 287.
- ↑ 59,0 59,1 59,2 Kennedy 2004, s. 154.
- ↑ 60,0 60,1 60,2 60,3 60,4 Rekaya 1991, s. 337.
- ↑ El-Hibri 2010, ss. 287–288.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 153–154, 165.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 337–338.
- ↑ El-Hibri 2010, s. 290.
- ↑ Kennedy 2004, s. 155.
- ↑ El-Hibri 2010, ss. 288–290.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 156–166.
- ↑ Rekaya 1991, ss. 336–337.
- ↑ El-Hibri 2010, s. 295.
- ↑ Madelung 2000, ss. 327, 331, 333–334.
- ↑ Cobb 2001, ss. 60–61.
- ↑ Madelung 2000, s. 334.
- ↑ Madelung 2000, ss. 339–340.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 123–127.
- ↑ El-Hibri 2010, ss. 269–271.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 130–131, 136, 139, 141.
- ↑ El-Hibri 2010, s. 272.
Adabiyotlar
tahrir- Cobb, Paul M.. White Banners: Contention in 'Abbasid Syria, 750–880. SUNY Press, 2001. ISBN 978-0791448809.
- Daniel, Elton L.. The Political and Social History of Khurasan under Abbasid Rule, 747–820. Minneapolis & Chicago: Bibliotheca Islamica, Inc., 1979. ISBN 0-88297-025-9.
- El-Hibri, Tayeb „The empire in Iraq, 763–861“, . The New Cambridge History of Islam, Volume 1: The Formation of the Islamic World, Sixth to Eleventh Centuries. Cambridge: Cambridge University Press, 2010 — 269–304-bet. ISBN 978-0-521-83823-8.
- The History of al-Ṭabarī, Volume XXXI: The War Between Brothers: The Caliphate of Muḥammad al-Amīn, A.D. 809–813/A.H. 193–198, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1992. ISBN 978-0-7914-1085-1.
- Gabrieli, F. (1960). "al-Amīn". in Gibb, H. A. R.. Encyclopaedia of Islam. Volume I: A–B (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 437–438 b. OCLC 495469456. https://doi.org/10.1163/1573-3912_islam_SIM_0599.
- Kennedy, Hugh. The Prophet and the Age of the Caliphates: The Islamic Near East from the 6th to the 11th Century, Second, Harlow: Longman, 2004. ISBN 978-0-582-40525-7.
- Madelung, Wilferd (2000). "Abūʾl-Amayṭar al-Sufyānī". Jerusalem Studies in Arabic and Islam 24: 327–341.
- Rekaya, M. (1991). "al-Maʾmūn". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VI: Mahk–Mid (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 331–339 b. ISBN 978-90-04-08112-3. https://doi.org/10.1163/1573-3912_islam_SIM_4889.
Qoʻshimcha oʻqish uchun
tahrir- Amabe, Fukuzo. The Emergence of the ʿAbbāsid Autocracy: The Abbasid Army, Khurāsān and Adharbayjān. Kyoto: Kyoto University Press, 1995. ISBN 9784876980246.
- El-Hibri, Tayeb. Reinterpreting Islamic Historiography: Hārūn al-Rashı̄d and the Narrative of the ʿAbbāsid Caliphate. Cambridge University Press, 1999. ISBN 0-521-65023-2.
- Yücesoy, Hayrettin (2002). "Between Nationalism and the Social Sciences: A History of Modern Scholarship on the Abbasid Civil War and the Reign of al-Ma'mun". Medieval Encounters 8: 56–78. doi:10.1163/157006702320365940.
- Yücesoy, Hayrettin. Messianic Beliefs and Imperial Politics in Medieval Islam: The ʻAbbāsid Caliphate in the Early Ninth Century. University of South Carolina Press, 2009. ISBN 9781570038198.