Baroqxon madrasasiToshkentda qurilgan Madrasa (1531/3216-asr 2-yarmi). Hovli atrofida hujralar va ichki tarafida peshtoq boʻlib, madrasaning gʻarbiy qismi birmuncha oldinga chiqqan. Poydevori toshdan, qalin devorlari turli hajmdagi pishiq gʻishtdan ishlangan. Baʼzi joylari sinchli. Baroqxon madrasasi oʻrnida dastlab 2 (katta va kichik) maqbara boʻlgan. Kichik maqbarada Baroqxon qabri bor. Uning toʻrt tomonidagi eshiklaridan uchtasi keyinroq berkitib tashlangan (qolgan eshikdan zina bilan tomga chiqilgan). 1904-yilda masjidga aylantirilgan katta maqbarada Toshkent hokimi Suyunchxoʻja qabri joylashgan. Baroqxon ikki maqbarani oʻz ichiga olgan Madrasa qurdirgan. Madrasaning sharq tomonidagi ulkan peshtoqqa rang-barang sirkor gʻishtchalardan namoyon terilgan. U handasiy va girih naqshlar bilan hoshiyalangan. Peshtoqning yuqori qismi saqlanmagan. Asosiy peshtoqning orqa tomonida yana peshtoq va besh qirrali ravoq bor. Gʻarb tomondagi ichki peshtoq koʻk gumbazning tarkibiy qismi boʻlgan. Baroqxon madrasasi ning toʻrt burchagida choʻziq xona (qorixona)lar boʻlgan. Bino shakli va bezaklari oʻz holicha qolgan. Uning 22 m li gumbazi koʻk sirkor gʻishtchalar bilan pardozlangan (gumbaz 1868-yilgi zilzila paytida qulab tushgan). Gumbaz ostidagi 4,5 m li poygumbazga turli rangdagi sirkor gʻishtchalardan handasiy va girih naqshlar terib yaratilgan, Qurʼon suralari bitilgan. Maqbara ichki qismidagi bezaklar keyinchalik koʻchib tushgan. Ichki devorning tepa qismida ganchdan ishlangan naqshlar boʻlib, ularga oltin suvi yugurtirilgan, pastki qismida olti burchakli sopollardan terilgan keng izora bor (ular yashil sirkor, zarhalli gʻishtchalar bilan ajratilgan). 20-asr boshlaridagi taʼmir vaqtida qad. bezaklarning qoldigʻi koʻchirib tashlanib, oq ganch bilan suvalgan. Baroqxon madrasasi naqshlarining goʻzalligi, qurilish uslubi jihatidan Samarqandning eng yaxshi meʼmoriy yodgorliklari (15-asr ikkinchi yarmidagi Oq saroy va Ishratxona)ga yaqinlashadi. 1946, 1949, 1951, 1967-yillarda taʼmir ishlari olib borilgan. Baroqxon madrasasi da Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi joylashgan.

Madrasa
Baroqxon madrasasi
Baraqxon madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Shahar Toshkent
Manzil Zarqaynar koʻchasi, 103-uy
(Hazrati Imom majmuasi)
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Toshkent shahar Madaniy me'ros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Vaqf xayriya jamoat fondida tekin foydalanish shartnomasi asosida.
Madrasa turi Katta
Meʼmoriy uslub Islom meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Baroqxon
Homiylar Baroqxon
Asosiy sana:
XVI asr 2-yarmi
Maqomi Davlat himoyasida[1]
Qoʻshimcha maʼlumotlar Barakhan Madrasah

Galereya

tahrir

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil