Baxtiyor Qudratillayev
Baxtiyor Zafarovich Qudratillayev (Бахтиёр Зафарович Қудратиллаев, 1971-yil, 19-oktyabr, Toshkent, OʻzSSR) – oʻzbekistonlik jinoyat olamining nufuzli shaxslaridan biri, mamlakat mustaqilligi eʼlon qilingandan keyingi davrdagi ilk qonundagi oʻgʻri. Baxti Tashkentskiy, Baxtishka, Yangiabadskiy nomlari bilan tanilgan
Baxtiyor Zafarovich Qudratillayev | |
---|---|
Tavalludi |
19-oktyabr 1971-yil |
Bolalari | 2ta |
Vikiiqtibosda Baxtiyor Qudratillayevga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Biografiyasi
tahrirToshkent shahrining Yangiobod mahallasida yashagan. Oʻgʻrilik, bosqinchilik va boshqa jinoyatlarni sodir etgani uchun bir necha marta jazo oʻtagan. 1997-yilda Toshkent shahrining „Sangorod“ qamoqxonasida boʻlgan „sxodka“ (oʻgʻrilar majlisi)da unga „qonundagi oʻgʻri“ maqomi berilgan[1]. Keyinchalik, Rossiyaga koʻchib borgan. Uning jinoyat olamidagi „choʻqintirgan ota“lari – „Ded Xasan“ nomi bilan tanilgan Aslan Usoyan, „Dato Tashkentskiy“ laqabli Datiko Sixelashvili va „qoʻngʻiz“ laqabli Yoʻldosh Ashurov hisoblanadi[2][3][4][5][6].
2008-yilda Moskva viloyat ichki ishlar boshqarmasining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boʻlimi xodimlari tomonidan narkotik moddalarni saqlashda gumonlanib qoʻlga olingan va Oʻzbekistonga deportatsiya qilingan. Toshkentdagi sud qarori bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Belgilangan jazoni katta qismini Jasliq qamoqxonasida oʻtagan, keyinroq Qarshida joylashgan axloq tuzatish koloniyasiga oʻtkazilgan. 2014-yil 27-dekabrda „salomatligi yomonlashgani sababli“ muddatidan avval ozodlikka chiqarilgan[7][8].
Oʻsh shahrining sobiq rahbari, millatchiligi bilan tanilgan Melis Myrzakmatovni oʻzbeklarni haqoratlagani uchun kaltaklagani bilan mashhur boʻlgan[9][1].
Yirik tadbirkor Salim Abduvaliyev, taniqli sportchilar Artur Taymazov va Murod Xontoʻrayev, artistlar Shukrullo Isroilov va Mirzabek Xolmedov, imomlar Abror Muxtor Aliy, Rustamjon Hamidov bilan bir davradaligi aks etgan suratlar va videolar tarmoqlarda keng tarqalgan[1].
2018-yil 20-avgustda Toshkent shahrida sobiq sovet davlatlari hududidagi yirik „qonundagi oʻgʻri“larning yigʻilishi boʻlib oʻtgan. Unga Baxtiyor Qudratillayev raislik qilgan[10][11].
2023-yil 25-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi „mamlakatda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida dolzarb qirq kunlik tezkor profilaktik tadbirlari olib borilishi“ haqida qaror qabul qilgan. 28-noyabrda Baxtiyor Qudratillayev va unga aloqador boshqa shaxslar – Saidaziz Saidaliyev, Dilshod Sharipov va Anvar Mirzoxonovlar qoʻlga olindi[12]. Qoʻlga olish jarayonida qattiq qarshilik koʻrsatgani sababli Baxtiyor Qudratillayev 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga tortilgan[13]. Keyinroq Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tergov izolyatoriga olib kirilgan. U Jinoyat kodeksining „juda koʻp miqdorda tovlamachilik“, „giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar“ moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan[14][15]. 24-dekabr kuni uning ikki nafar oʻgʻli – Ixtiyor Baxtiyorovich Qudratullayev (1996-yilda tugʻilgan) va Bekzod Baxtiyorovich Zafarov (1994-yilda tugʻilgan) qoʻlga olindi. Ular tovlamachilikda ayblangan[16]. 2024-yil 22-fevral kuni Baxtiyor Qudratillayevning akasi Shuhrat Qudratillayev qoʻlga olindi[17]. 3-iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Yunusobod tumani sudida Baxtiyor Qudratullayev, uning akasi, oʻgʻillari, jami 37 kishiga nisbatan ochiq sud jarayoni boshlangan[18]. Barchasi tovlamachilik, reket, firibgarlik, qasddan badanga shikast yetkazish, bezorilik jinoyatlarida ayblanishgan. Baxtiyor Qudratillayev 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan[19]. Sudlanganlardan biri – 60 yoshli Shukurali Qurbonov sud hukmi o‘qilganidan bir kun o‘tib, vafot etgan[20].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 „Дед Хасан решил задачу успешнее, чем Бахти Ташкентский“.
- ↑ „Вора в законе Бахти Ташкентского могут приговорить к тюремному сроку“.
- ↑ „Биография вора в законе «Бахти Ташкентский», которого многие считают главным преступником Узбекистана“. 2023-yil 3-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 3-dekabr.
- ↑ „Бахти Ташкентский“.
- ↑ „Тошкентда ўнлаб "жиноят олами" аъзолари ҳибсга олинди“.
- ↑ „Toshkentdagi klubni militsiya bosdi“.
- ↑ „“Вор в законе” Бахти Ташкентский қамоқдан чиқди“.
- ↑ „Главный вор в законе Узбекистана «Бахти Ташкентский»“.
- ↑ вор в законе Бахти Ташкентский на стрелке YouTubeda
- ↑ „Keyingi 20 yil ichida ilk marta Toshkentda o‘g‘riboshilar “sxodkasi” bo‘lib o‘tdi“.
- ↑ „Узбекские воры в законе решили подчиниться российскому криминалу“.
- ↑ „Uyida qurol saqlagan Salimboy, “Baxti Tashkentskiy” haqida “ko‘plab maʼlumotlar”, qidiruvga berilmagan G‘ofur Rahimov — poytaxtda o‘tkazilgan reyd tadbirlari haqida“. daryo.uz.
- ↑ „Baxti Tashkentskiy“ 15 sutkaga qamaldi
- ↑ „«Бахти Ташкентский» қўлга олинди“.
- ↑ „“Baxti Tashkentskiy” va yana bir qancha “ko‘cha bolalari” qo‘lga olindi“.
- ↑ „“Baxti Tashkentskiy” ning o‘g‘illari ham qo‘lga olindi“.
- ↑ „“Baxti Tashkentskiy”ning akasi Shuxrat Qudratullayev qo‘lga olindi“. Gazeta.uz.
- ↑ "Baxti Tashkentskiy" va boshqalar ustidan sud boshlandi YouTubeda
- ↑ „“Shu yerda o‘tirgan bolalarga yengillik qilib bersangiz” - Baxtiyor Qudratullayev va boshqalar sudda so‘nggi so‘zini aytdi“. kun.uz.
- ↑ „“Baxti Tashkentskiy” ishida sudlanganlardan biri vafot etdi“. kun.uz.
Havolalar
tahrir- Baxtiyor Qudratillayev Instagram sahifasi