Abdulla Boboxonov
Abdulla Boboxonovich Boboxonov (1910-yil 8-fevral, Toʻqmoq – 1992-yil 18-iyun, Moskva) – meʼmor, SSSR Xalq meʼmori (1970). Oʻrta Osiyo industrial institutini bitirgan (1933). „Toshkent shahri loyihalash idorasi“da bosh meʼmor (1938—1944), Oʻzbekiston Meʼmorlar uyushmasi boshqaruvining raisi (1944—1946, 1964—1968), Oʻzbekiston Qurilish vaziri oʻrinbosari (1955—1959), Qurilish va meʼmorlik akademiyasida ilmiy xodim va boʻlim mudiri (1960—1963), ToshPIda oʻqituvchi (1963), professor (1965). 1963—1989-yillar davomida oʻzining bilim va tajribalarini yosh meʼmorlarga oʻrgatgan.
Abdulla Boboxonovich Boboxonov | |
---|---|
Tavalludi |
8-fevral 1910 va 1910 |
Vafoti |
1992-yil 18-iyun Moskva viloyati, Rossiya |
Fuqaroligi | Rossiya imperiyasi SSSR Rossiya |
Taʼlimi |
Oʻzbekiston industrial instituti, Oʻzbekiston Milliy universiteti |
Kasbi | meʼmor |
Turmush oʻrtogʻi | Nadejda Vasilevna Boboxonova (1938-yildan beri) |
Bolalari | Leonard Abdullayevich Boboxonov (1938—2010) (oʻgʻli) |
Mukofotlari |
Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan quruvchi SSSR Xalq meʼmori, , |
Asosiy ishlari: Kattaqoʻrgʻon (1940—1941) va Janubiy Surxon (1964—1967) suv omborlari majmuasining meʼmoriy qismi, Shohimardondagi Hamza maqbarasi (1950), Samarqanddagi Ulugʻbek rasadxonasi (1962) va boshqa 100 dan ortiq klub, madaniyat saroylari, kinoteatrlar va turar joy binolari loyihasini yaratgan. Boboxonov loyihalari asosida qurilgan binolarda milliy meʼmoriy anʼanalar zamonaviy meʼmoriy uslublar bilan uygʻunlashtirilgan.
Tarjimai holi
tahrirAbdulla Boboxonov 1910-yil 8-fevral kuni Toʻqmoqda (hozirgi Qirgʻiziston) tugʻilgan.
1920-yil Toshkentdagi „Namuna“ maktab-internatida tarbiyalangan.
1924-yilda Oʻzbekiston industrial institutiga (Oʻzinpros) oʻqishga kirib, pedagogika yoʻnalishida oʻqigan. Institutni tugatgach, Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Qoʻqon shaharlaridagi maktablarda fizika-matematika fanlaridan dars bergan. 1929-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) meliorativ muhandislik fakultetida arxitektura va qurilish qurilishi boʻlimi ochilib, Abdulla oʻqishni davom ettirdi. 1933-yilda oʻqishni tamomlagan. 1934—1938-yillarda Moskva arxitektura instituti aspiranturasida tahsil olgan.
1938-yilda Toshkentga qaytib, Toshkent loyihalash institutining bosh meʼmori boʻlgan.
Ulugʻ Vatan urushi ishtirokchisi. 191-muhandis polkida jang qilgan. Harbiy koʻpriklar, qoʻmondonlik punktlari, blindajlar, plotlar va transheyalar qurgan. Kursk yoyi, Belorussiya va Ukraina frontlaridagi janglarda qatnashgan.
1946-yildan 1956-yilgacha Oʻzbekiston Davlat loyihalash instituti direktori boʻlgan.
1963-yildan Toshkent politexnika institutining arxitektura kafedrasiga mudirlik qilgan. Professor.
Bir qancha monografiyalar, kitoblar, ilmiy maqolalar va dokladlar muallifi.
Oʻzbekiston SSR Meʼmorlar kengashi boshqaruv raisi (1944—1946, 1964—1968).
1989-yilda Boboxonovlar oilasi Moskva viloyatiga koʻchib oʻtdi va oʻgʻlining yoniga joylashdi.
1992-yil 18-iyunda Moskva viloyatida vafot etgan[1].
Oilasi
tahrirTurmush oʻrtogʻi (1938-yildan beri) – Nadejda Vasilevna Boboxonova (1917, Kineshma—?), teatr liboslari dizayneri[2].
Oʻgʻli – Leonard Abdullayevich Boboxonov (1938—2010), oʻzbek, sovet rejissori, aktyori va ssenariychisi.
Loyihalashtirgan binolari
tahrir- Toshkentdagi 300 oʻrinli kolxoz klubining ikki qavatli binosi (1930-yillar);
- Kattaqoʻrgʻon (1940—1941) va Janubiy Surxon (loyiha 1964-1967) suv omborlari, Katta Fargʻona kanali majmualarining meʼmoriy qismlari;
- Shohimardondagi Hamza Hakimzoda Niyoziy maqbarasi;
- Samarqanddagi Ulugʻbek rasadxonasi;
- Dushanbedagi A. Lohutiy nomidagi drama teatri (1953);
- Eski Toshkentdagi S. Rahimov nomidagi kinoteatr;
- Toshkent, Dushanbe va Markaziy Osiyoning boshqa shaharlarida jamoat binolari.
Mukofotlari va unvonlari
tahrir- Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan quruvchi;
- SSSR Xalq meʼmori (1970)
- Qizil Yulduz ordeni
- II darajali Ulugʻ Vatan urushi ordeni
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Manbalar
tahrir- ↑ „Абдулла Бабаханов. Мастер архитектуры или Народный зодчий — Письма о Ташкенте“. 2019-yil 11-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 11-dekabr.
- ↑ „Архивированная копия“. 2019-yil 11-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-mart.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |