Boris Isayevich Berliner (1907-yil 2-mart, Bexerden, Ashxabod tumani – 1962-yil 13-sentabr, Toshkent) – atoqli sovet olimi, travmatolog-shifokor. Pedagog. Tibbiyot fanlari doktori (1943). Professor (1944). Oʻzbekistonda travmatologiya, ortopediya va protezlash fanining asoschisi.

Boris Isayevich Berliner
Tavalludi 2-mart 1907-yil
Vafoti 13-sentyabr 1962-yil(1962-09-13)
(55 yoshda)
Toshkent
Kasbi olim, travmatolog-shifokor, pedagog
Mukofotlari Mehnat Qizil Bayrogʻi Ordeni „Shon-sharaf belgisi“ ordeni

Tarjimai hol

tahrir

Boris Berliner 1907-yil 2-martda Turkmaniston SSR (hozirgi Turkmaniston) Ashxobod viloyatidagi Baxarden stansiyasida tibbiyot xodimi oilasida dunyoga kelgan. U rus-turkman maktabida, soʻngra Ashxoboddagi birinchi bosqich maktabida taʼlim olgan, shundan soʻng 1924-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetining tibbiyot fakultetiga taʼlim olishga yuborilgan. Universitetni tamomlagach, operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasiga prozektor yordamchisi lavozimida qoladi.

1935-yilda „Statik yassi oyoqlarning tarixiy rivojlanishi va unga qarshi kurashish choralari“ mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. „U oʻz nomzodlik dissertasiyasida yassi oyoqning patologik anatomiyasi, turlari, tasnifi, yassi oyoqlikni aniqlash usullari, simptomatologiyasi va diagnostikasi, yassi oyoqlarni davolash va oldini olish masalalarini ochib berdi“[1].

1939-yilda Toshkent shahridagi Oʻrta Osiyo vrachlar malakasini oshirish institutining (ayni paytda qayta tashkil etilgan)[2] ortopediya va travmatologiya kafedrasi dosenti etib saylangan.

1940-yilda Toshkent tibbiyot instituti rektori, Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash xalq komissarligi hay’ati aʼzosi etib tayinlanadi. Boris Berliner oʻz faoliyatining boshidanoq oʻzini butunlay fanga bagʻishlaydi. U  boshchilik qilgan „Ortopediya va travmatologiya“ kafedrasida ilmiy-tadqiqot, davolash, taʼlimiy, jamoaning tashkiliy ishlarini hayotga tatbiq qilishga yoʻnaltirildi.

„ B. I. Berliner Oʻzbekistonda travmatologiya va ortopediya, shuningdek, protezlash sohasining asoschisidir, uning Toshkent protez zavodi Oʻzbekistonda filiallarini tashkil etish va ochishda katta xizmatlari bor“[3].

Urush yillaridan soʻng

tahrir

1945-yilda Oʻzbekiston ortopediya, travmatologiya va protezlash ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgandan soʻng, professor Berliner institutga direktori etib tayinlangan[4]. Urushdan keyingi yillarda Oʻzbekiston ortopediya, travmatologiya va protezlash ilmiy-tadqiqot instituti jamoasi Ulugʻ Vatan urushi nogironlarini davolashgan. Berliner oʻz asarlarida boʻgʻinlar va oyoq-qoʻllarning oʻq jarohatlarining klinik xususiyatlarini, ularni evakuatsiya kasalxonalarida davolashni boshlab bergan.

Boris Berliner jarrohlik faoliyatida faol ishtirok etgan. U gips boʻyicha shifokorlarning malakasini oshirish kurslari va Toshkent shahridagi shifokorlar (akusher-ginekologlar, pediatrlar, jarrohlar, travmatologlar) uchun tayanch-harakat apparati deformatsiyasini erta aniqlash boʻyicha seminarlar oʻtkazgan.

Berliner Wier, Pirogov, Kirchner, Gritti va Krukenberg operatsiyalarining bir qator modifikatsiyalarini ishlab chiqqan. Oʻsha paytda mavjud boʻlgan amputatsiya sxemalarini hisobga olgan holda tuzilgan original amputatsiya sxemasini taklif qilgan. Oyoq-qoʻllarni amputatsiya qilish sxemalari har bir shifokor uchun asosiy maʼlumotlarni olish imkonini bergan va oyoq-qoʻllarni amputatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar juda ixcham shaklda taqdim etilgan[5].

Boris Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash vazirligining yetakchi mutaxassislaridan biri edi. 1937-yil oxiridan 1950-yil oktabrgacha OʻzSSR Xalq Nazorat Komissarligining tibbiyot boʻlimi mudiri, kollegiya aʼzosi hamda Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari boʻlib ishlagan.

Shifokor 1957-yilda tanlov asosida Toshkent tibbiyot institutining travmatologiya-ortopediya kafedrasi mudiri lavozimiga saylangan. U hayotining soʻnggi yillarida poliomielit bilan ogʻrigan bemorlarni davolash muammosi bilan shugʻullangan. Uning Travmatologiya va ortopediya kafedrasi xodimlari bilan birgalikda yozgan asarlaridan biri shol, boʻshashgan boʻgʻimlarning harakatchanligini cheklash uchun fenoldan foydalanish usulini ishlab chiqish haqidadir. Boris Berliner travmatologiya va ortopediya xizmatini tashkil etishni takomillashtirish bilan muntazam shugʻullanib, Oʻzbekistonda ham, qoʻshni respublikalarda ham amaliyotchi shifokorlar va olimlar guruhining ilmiy faoliyatiga rahbarlik qilgan.

Klinikada professor Berliner, yirik mutaxassis fiziolog, dotsent S. A. Palatnik rahbarligida hamda tadqiqotchilar E. V. Luzina, E. S. Fridman, N. K. Ishanxoʻjayev, N. F. Fayzullayeva, O. A. Kulagina va G. S. Pyatigorskaya ishtirokida poliomielit oqibati bilan ogʻrigan bemorlarni davolash boʻyicha chuqur tadqiqotlar olib borgan. Uning rahbarligida 14 ta nomzodlik va 2 ta doktorlik dissertatsiyalari tayyorlangan. Boris Isayevichning shogirdlari tomonidan 200 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan. Shifokor ortopediya, travmatologiya va protezlarga oid 25 dan ortiq asarlar toʻplamlari, monografiyalar va risolalarning muharriri boʻlgan[6].

Boris Berliner „Sogʻliqni saqlash aʼlochisi“ koʻkrak nishoni va „Buyuk Fargʻona kanali qurilishi uchun“ koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

1962-yil 13-sentabrda oʻtkir meningoensefalitdan vafot etgan va Toshkentdagi Botkin qabristoniga dafn qilingan[7].

Manbalar

tahrir
  1. " Staticheskaya ploskaya stopa v eyo istoricheskom razvitii i meri borbi s ney" / Berliner B. I. – Tashkent: Gosudarstvennoe izdatelstvo UzSSR, 1935.
  2. „Ташкентский институт усовершенствования врачей“. 2-fevral 2015-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2-fevral 2015-yil.
  3. "k 100-letiyu so dnya rojdeniya Borisa Isaevicha Berlinera" / Kollektiv Respublikanskogo Nauchnogo Tsentra neyroxirurgii, Assotsiatsiya vrachey Uzbekistana – Tashkent: Nauchno-prakticheskiy meditsinskiy jurnal „Byulleten Assotsiatsii vrachey Uzbekistana“, 2007.
  4. „Научно-исследовательский институт Травматологии и Ортопедии“ (deadlink). 2015-yil 2-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 2-fevral.
  5. " Boris Isaevich Berliner" / Ungbaev T. E. – Moskva: Jurnal „Ortopediya, travmatologiya i protezirovanie“, yanvar 1991.
  6. "Boris Isaevich Berliner (k 75-letiyu so dnya rojdeniya)" / Shakirov A. Sh., Luzina Ye. V. – Moskva: Jurnal „Ortopediya, travmatologiya i protezirovanie“, 1982.
  7. „Место захоронения“. 2022-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-iyun.