fDezinseksiya (fransuzcha: „dés“ va lotincha: „insectum“ — hasharot) — yuqumli kasallik qoʻzgʻatuvchilarni tarqatadigan zararkunanda boʻgʻimoyoqlilarni yoʻqotish uchun qoʻllanadigan chora-tadbirlar majmui.

Dezinseksiya odam va hayvonlarda turli infeksion kasalliklarni tashib yuradigan boʻgʻimoyoqlilar (kana, pashsha, bit, chivin, iskabtopar), shuningdek, turar-joylardagi suvarak, qandala, burgalarni qirish uchun oʻtkaziladi. Dezinseksiya terminini birinchi boʻlib rus mikrobiologi N. F. Gamaleya kiritgan (1910). Profilaktik va qiruvchi dezinseksiya boʻladi. Profilaktik dezinseksiyaga shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, chiqindilarni vaqtida chiqarib tashlash, turar-joy va xoʻjalik binolarini ozoda saqlash, hovuz va ariqlarni tozalash, hasharotlar paydo boʻlishi va koʻpayishining oldini olish kiradi. Qiruvchi dezinseksiya fizik, kimyoviy va biologik usullar bilan amalga oshiriladi. Koʻproq kimyoviy vositalar (jumladan insektitsidlar) qoʻllanadi. Ular taʼsir etish mexanizmiga koʻra teri orqali taʼsir etadigan (xlorofos, trixlofos va b.), ichak orqali taʼsir etadigan (bor kislota, bura, butadion va b.) va fumigant — hasharot organizmiga nafas yoʻllari orqali taʼsir etadigan vositalarga boʻlinadi. Biologik dezinseksiya usuli zarakunandalarni "bir-biriga yedirish"ga (masalan, patogen mikroorganizmlar, gelmintlar, viruslar va hokazo), fizik dezinseksiya esa yuqori yoki past bosim bilan taʼsir etishga asoslanadi. Bu usullar yordamida hasharotlarning koʻpayishiga ancha chek qoʻyiladi. Veterinariyada dezinseksiya chorva mollari sogʻligʻiga zarar yetkazadigan va ular mahsuldorligining pasayishiga olib keladigan hasharotlar va kanalarni yoʻqotishga qaratilgan tadbirlardir. Hayvonlar, chorvachilik va parrandachilik binolari, fermalar hududlari, omborxonalar, hayvonot xom-ashyosini qayta ishlash korxonalari, qushxonalar, goʻsht kombinatlari, veterinariya-sanitariya nazorati oʻrnatiladigan boshqa obʼyektlarda oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonda veterinariya sohasida dezinseksiya masalalari bilan shugʻullanish uchun 1961-yilda Oʻzbekistan veterinariya i.-t. institutida maxsus araxnoentomologiya laboratoriyalari tashkil etildi. Laboratoriya gnus va boshqa xavfli hasharotlar va entomozlarga karshi dezinseksiya choralari joriy etish va tadqiq qilish ishlarini yoʻlga qoʻydi. 40 dan ortiq kimyoviy insektitsid, 12 mikrobiologik, 2 ta probiotik preparat, 3 ta antomofaglar va chivinlar feromoni (muskalyur) qoʻllanishga tavsiya etildi. Respublikada veterinariya amaliyotida simbush (sipermetrin), detsis, nurel, butoks va boshqalar qoʻllanilmoqda.

Dehqonchilikda dezinseksiya urugʻlik va koʻchatlar, zaxira oziq-ovqat va yem uchun mʻljallangan mahsulotlar zaxirasidagi va oʻsimliklardan olingan texnikaviy xom-ashyolardagi, omborlar, un va yorma ishlab chiqaradigan korxonalardagi zararkunanda hasharotlarni yoʻq qilishda qoʻllanadi. Odatda, kimyoviy dezinseksiyada brommetil, dixloretan, xlorpikrin, metallixlorid va boshqa bilan fumigatsiyalash, bino ichini tarkibida geksaxloran yoki uning gamma-izomerlari boʻlgan aerozollar bilan ishlash, sirtdan taʼsir qiluvchi insektitsidlar purkash, urugʻlik zaxirasini insektitsid va akaritsid dustlari bilan changlash; novda, kalamchalarni insektitsid va akaritsidlardan tayyorlangan suyuklikka botirib olish va b. qoʻllanadi. Ayrim hollarda don va oziq-ovqat mahsulotlarining idish va qoplari insektitsidlar bilan ishlanadi, past haroratda sovitiladi yoki yuqori qaroratda qizdiriladi. Dezinseksiyaning oddiy usuli — zararkunanda tushgan urugʻlik boshqa joyga koʻchiriladi yoki maxsus mashinalarda tozalanadi.

Yana qarang

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil