Eron togʻligi
Eron togʻligi — Gʻarbiy Osiyodagi yirik togʻlik, asosan, Eronda, shuningdek, Afgʻoniston va Pokistonda, qisman Iroq va Turkmaniston janubida. Gʻarbda Mesopotamiya pasttekisligi va sharqda Hind vodiysi oraligʻida joylashgan. Uzunligi gʻarbdan sharqqa 2500 km, shimolidan janubga 1500 km ga choʻzilgan, maydoni 3,7 mln. km². Eron togʻligi alphimolay geosinklinal oblastida alp orogenezi natijasida vujudga kelgan. Relyefi murakkab, burmali va burmalipalaxsali togʻlar bilan birga ular orasida akkumulyativ tekisliklar ham uchraydi. Keng ichki yassitogʻliklar (balandligi 500 m dan 2000 m gacha) shimolidan Elburs (balandligi 5604 m), TurkmanistonXuroson, Paropamiz, Hindukushning gʻarbiy tizmalari bilan, janubidan Zagros, Makron, Sulaymon togʻlari bilan oʻralgʻan. Yassitogʻliklar ichki qismida berk botiqdar, chekkalarida Dashti Kavir, Dashti Margʻo, Dashti Lut va boshqalar qumli choʻllar, shoʻrxoklar bor. Choʻlli botiqlar qir va togʻlar (Koʻhirud, Sharqiy Eron va boshqalar) bilan ajralgan. Iqlimi subtropik kontinental, quruq iqlim. Ichki yassitogʻliklarda yillik yogʻin 100 mm, togʻlarda 500 mm gacha, Sulaymon va Elburs togʻlarining tashqariga qaragan yon bagʻirlarida 1000-2000 mm gacha. Daryolari (Hilmand, Safedrud, Hirirud va boshqalar) kamsuv, qisqa, asosan, sugʻorishda foydalaniladi. Oʻsimliklari chala choʻl va choʻl hamda quruq dashtga xos. Sharqiy yon bagirlarida savanna, siyrak oʻrmonlar, shimoliy yon bagʻirlarida sernam keng bargli subtropik oʻrmonlar bor. Tuprogʻi, asosan, boʻz tuproq. Hayvonot dunyosida sudralib yuruvchilar, hasharotlar va oʻrgimchaklar keng tarqalgan. Voha dehqonchiligi va yaylov chorvachiligi bilan shugʻullaniladi.
Geografiyasi
tahrirEron togʻligi- Old Osiyo togʻliklari orasida maydoni jihatidan eng kattasi Eron togʻligidir. Uning maydoni 2,7 mln. km2 , gʻarbdan sharqqa 2500 km, shimoldan janubga 1500 km masofaga choʻzilgan. Eron tabiiy geografik oʻlka sifatida shimolda Turon pastekisligi va Kaspiy dengizi, gʻarbda Armaniston togʻligi, janubi-gʻarbda Mesopotamiya pastekisligi, janubda Fors, Omon qoʻltiqlari va Arabiston dengizi, sharqda Hind-Gang pastekisligi va Hindukush togʻlari bilan chegaralanadi. Oʻlka uchun yoysimon shaklda choʻzilgan chekka tizma togʻlar, ichki keng yassi togʻliklar va berk botiqlar, kam rivojlangan gidrografik toʻr, quruq iqlim, choʻl va chala choʻl landshaftlarining hukmronligi xarakterli. Eron togʻligining yoysimon choʻzilgan chekka tizma togʻlari ikki polosaga boʻlingan. Shimoliy polosa Elburs balandligi 2000-3000 m atrofida boʻlgan Turkman-Xuroson, Paropamiz togʻ tizmalaridan tashkil topgan. Bu tizmalarning eng baland joylari Elbursda (Demovend, 5604 m), Turkman-Xurosonning shimoliy qismi Kopetdogʻ (Xazormasjid, 3117 m), janubiy qismi Nishapurda (Koʻhi Binlaud, 3314 m) va Bandi Turkistonda 3809 m. Kopetdogʻ va Nishapur tizmalari oraligʻida Kuchan-Mashhad botigʻi joylashgan. Gʻarb tomonda bu togʻlar Turkmaniston Kaspiyboʻyi pastekisligining janubiy qismi hisoblangan Gorgan pastekisligiga tik tushgan. Janubiy polosa Zagros, Makran va Sulaymon tizmalaridan iborat. Janubiy tizmalarning maksimal balandliklari Zagrosning markaziy qismidagi Baxtiar togʻ massivida (Zardkoʻh, 4548 m), Sulaymon (Obashta, 3441 m) va Markaziy Makran tizmalari (2293 m) joylashgan. Eron togʻliginingʻ ichki qismi Oʻrta Eron, Oʻrta Afgʻon togʻlari bilan keng choʻl tekisliklarga va botiqlarga boʻlingan. Ichki togʻlarning balandligi 1500-2000 m atrofida. Ularningʻ ayrim choʻqqilari 4000 m dan ham oshadi, jumladan, Koʻhirud tizmasining Xazar choʻqqisi dengiz sathidan 4419 m, Shirkoʻh choʻqqisi 4075 m, Sarhad togʻidagi Teftan soʻngan vulkani 4042 m baland. Ichki hududda joylashgan Dashti Kabir, Dashti Lut, Jazmuriyon, Seyiston, Registon, Dashti Margoh tekisliklari va botiqlari shoʻrhok, gilli, toshloq va qum choʻl landshaftlari bilan band. Tekislik va botiqlar yuzasining balandligi 200 m dan 600 m gacha, togʻ etaklariga yaqin joylarda 800 m gacha boradi. Oʻlka hududidagi kristall, vulkanik va choʻkindi jinslarda xilma-xil foydali qazilmalar vujudga kelgan. Eronning janubi-gʻarbiy qismida, Zagros togʻ etaklarida, Kaspiyboʻyi pastekisligida neft konlari mavjud. Ichki va chekka togʻ tizmalarida temir, mis, rux, qoʻrgʻoshin ruda konlari, oltin keng tarqalgan, shimoliy botiqlardan toshkoʻmir qazib olinadi. Zagros tizmasining janubiy qismida, ichki hududlardagi shoʻr koʻllar atrofida katta zahiraga ega boʻlgan osh, kaliy va glauber tuz konlari mavjud. Eron togʻligi subtropik iqlim mintaqasida joylashgan. Ichki tekisliklari va botiqlari togʻ tizmalari bilan oʻralganligi sababli uning hududida quruq kontinental iqlim, yozda yuqori harorat ustunlik qiladi. Togʻlikning katta qismida iyulning oʻrtacha harorati +24°S atrofida. Markaziy tekisliklarda va janubda harorat +30°,+32°S gacha boradi. Yozda tropik havo shakllanib harorat +40°,+50°S gacha koʻtariladi. Yanvarning oʻrtacha harorati Kaspiyboʻyida +10°S, janubda +15°S. Ichki botiqlarda va togʻlikning katta qismida esa 0°S atrofida. Ichki choʻllarda yogʻin miqdori 50-100 mm dan oshmaydi, chekka togʻlarning ichki yonbagʻirlarida 200-300 mm gacha koʻpayadi. Elburs togʻining shimoliy yonbagʻrida va Kaspiy sohilida 1000-2000 mm ni tashkil etadi. Musson taʼsirida boʻlgan Xayber va Sulaymon togʻlarining janubi-sharqiy yonbagʻirlariga 1000 mm yogʻin tushadi. Oʻlka yer usti suvlariga juda kambagʻal. Daryolari Kaspiy dengizi, Fors va Omon qoʻltiqlari hamda berk havzalarga qaraydi. Eng yirik daryolari Atrek, Gorgan, Gerirud, Keshefrud, Gilmend, Xashrudlardir. Koʻpchilik vohalar daryo vodiylari boʻylab joylashgan. Yer usti suvlari aholining suvga boʻlgan talabini toʻliq qondira olmaydi. Shuning uchun kishilar koʻpchilik joylarda quduqlar va korizlar qazib yer osti suvlaridan ham foydalanadilar. Eron togʻligida koʻllar sayoz, shoʻr, aksariyati yozda qurib qoladigan koʻllardir. Bular Daryochai-Namak, Bextegan, Jazmurian, Gaudi-Zira, Sabari va boshqalar. Ularning atrofini shoʻrxoklar qoplab olgan. Koʻllarning suv rejimi va qiyofasining oʻzgarishi atmosfera yogʻinlariga bogʻliq. Oʻlka hududida choʻl boʻz tuproqlari va chala choʻl qoʻngʻir tuproqlari, tekislik va botiqlarda shoʻrxok tuproqlar rivojlangan. Ayniqsa Dashti Kabirning katta maydoni shoʻrxok choʻllar bilan band. Togʻlarda och tusli va qoramtir kashtan tuproqlar, Elburs va Sulaymon togʻlari yonbagʻirlarida oʻrmon qoʻngʻir tuproqlari uchraydi. Oʻsimlik qoplamida togʻ choʻliga va quruq dashtlarga xos kserofitlar formatsiyasi hukmronlik qiladi. Ular ichki tekisliklarda, platolarda, kam yogʻin tushadigan togʻ yonbagʻirlarida quruq iqlimga moslashgan holda oʻsadi. Kserofit flora tarkibida astragallar, akantolimonlar, espartsetlar koʻp uchraydi. Gilli choʻllarda tropik mintaqaga xos akasiyalar, baland boʻyli boshoqli oʻtlar, choʻl lishayniklari oʻsadi. Keng bargli oʻrmonlar Janubiy Kaspiy pastekisligida va Elburs togʻining 2000 m balandlikkacha boʻlgan shimoliy yonbagʻrida oʻsadi. Ularning tarkibida kashtan bargli eman, boshqa turdagi emanlar, buk, grab, gledichiya, doimiy yashil shamshod, temir daraxti koʻpchilikni tashkil etadi. Turkman-Xuroson, Paropamiz va Sulaymon togʻlarida pistazorlar, daraxtsimon mojjevelniklar uchraydi. Balandda ular butazorlar va alp oʻtloqlari bilan almashinadi. Daryo vodiylari boʻylab qamishzorlar, yulgʻunzorlar va oleandrazorlar polosasi choʻzilgan. Dengiz sohillarida, vodiylarda va togʻ etaklarida yirik vohalar joylashgan. Janubiy hududlarda shakar qamish, finik palmasi plantasiyalari bor. Ichki tekisliklarda va togʻlarda antilopa jayron, togʻ echkisi, togʻ quyi, yovvoyi choʻl mushugi, chiya boʻri va kemiruvchi hayvonlar yashaydi. Togʻ oʻrmonlarida qoʻngʻir ayiq, kosulya, yoʻlbars, qoplonlar uchraydi. Toʻqayzorlarda yovvoyi choʻchqa, janubiy choʻllarda gʻizol, bengal echkemari, mangustalar bor. Daryo va koʻl-boʻyi chakalakzorlari qushlarga boy
Havolalar
tahrir- https://uz.wikipedia.org/wiki/G%CA%BBarbiy_Osiyo
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Afg%CA%BBoniston
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Pokiston
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Turkmaniston
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Janub
- https://uz.wikipedia.org/wiki/G%CA%BBarb
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Mesopotamiya_pasttekisligi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Sharq
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Vodiy
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Hind
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Uzunlik
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Maydon
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Alp_burmalanishi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Akkumulyativ_tekisliklar
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Yassitog%CA%BBlik
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Elburs
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Turkmaniston-Xuroson_tog%CA%BBlari
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Paropamiz_tog%CA%BBlari
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Hindukush
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Zagros
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Makron
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Sulaymon_tog%CA%BBlari
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Botiq
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Dashti_Kavir
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Dashti_Lut
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Qumli_cho%CA%BBl_tuproqlari
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Sho%CA%BBrxoklar
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Cho%CA%BBl
Manbalar
tahrir- T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
- X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]