Gʻayrat Doʻstov „ishi“

2025-yil Oʻzbekistonda Gʻayrat Doʻstovning qamalishi haqidagi voqea

Gʻayrat Doʻstov „ishi“ – 2025-yilning dekabr oyida Oʻzbekistonning Toshkent shahrida yuz bergan hodisa. Bu hodisa mahalliy va xalqaro jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab boʻlgan. Shuningdek, Oʻzbekistonning soʻz erkinligi va ijtimoiy adolat masalalariga eʼtibor qaratgan.

Voqea tafsilotlari

tahrir

2025-yil 23-dekabr kuni Toshkentning Bektemir tumanidagi metan gaz quyish shoxobchasida haydovchi Gʻayrat Doʻstov gaz taqchilligi va shoxobchaning yopilganidan norozilik bildirib, mas‘ullarga murojaat qilgan. U chiqishi davomida gaz taʼminotidagi muammolarni ochiq tanqid qilib, vaziyatni qoralagan. Uning chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, jamoatchilikning qoʻllab-quvvatlashi va norozilik kayfiyatini yuzaga keltirgan[1]. 24-dekabr kuni uning ikkinchi murojaati tarqalgan. Unda Doʻstov birinchi murojaatda aytgan fikrlari uchun mas’ullardan uzr soʻramasligini taʼkidlagan. 24-dekabrga kelib, Doʻstovning uchinchi murojaati tarqalgan. Unda u oʻzining sogʻ-salomatligini qayd etgan[2].

Hibsga olinishi

tahrir

Voqeadan soʻng, 2025-yil 25-dekabr kuni Gʻayrat Doʻstov „mayda bezorilik“ ayblovi bilan hibsga olingan[3]. 26-dekabr kuni Bektemir tumani sudida sudya Durdona Dadaxanova uni 15 sutkaga maʼmuriy qamoq jazosiga hukm qilgan[1]. Uning qamoqqa olinganligi 31-dekabr kuni maʼlum boʻlgan. Ushbu qaror jamoatchilik orasida norozilik uygʻotgan[4].

Jamoatchilikning munosabati

tahrir

Voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan. Koʻplab fuqarolar va faollar Gʻayrat Doʻstovning harakatlarini qoʻllab-quvvatlab, uning ozod qilinishini talab qilishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar tizimi faoliyati va sud qarorlari tanqid qilingan. „Habikatura“ tomonidan ishlangan karikatura „Inson qadri uchun ozodlik“ shiori bilan instagram tarmogʻida fleshmobga aylangan va 35 mingga yaqin odam uni oʻz storislarida boʻlishgan[2].

Bundan tashqari, 1-yanvar kuni Doʻstovni qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻ yigʻish tashabbuslari boshlangan. Bir kun ichida esa 43,2 million soʻmdan ziyod mablagʻ toʻplangan[2]. Ushbu voqea mamlakatdagi gaz taqchilligi va xizmat koʻrsatish tizimidagi muammolarni yana bir bor muhokama qilish imkonini yaratgan.

Apellyatsiya sudi

tahrir

2025-yil 3-yanvar kuni Gʻayrat Doʻstovning ishi apellyatsiya sudi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan. Dastlab, bir muddat davomida Doʻstovning qonuniy vakillari, jurnalistlar va jamoatchilik faollari turli sabablarga koʻra sud zaliga kiritilmagan. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, sud ham Doʻstovning ishtirokisiz boshlangan va advokatlarning talabidan soʻng u sudga olib kelingan[5]. Sudda Doʻstovni 12 nafar advokat himoya qilgan[6].

Sud jarayonida Doʻstovning tobi qochgan va shu sababdan sudya tanaffus eʼlon qilgan. Oradan bir necha vaqt oʻtgach, Doʻstovning holati yaxshilangan va sud davom etgan[7]. Sud jarayonida Doʻstov oʻzini birinchi sud qaroridan soʻng „Panelniy“da bir kecha qolganini va soʻngra Toshkent IIBBga olib borishganini aytgan[8]. Shu bilan birga, unga boʻlgan noinsoniy munosabatlar haqida, jumladan, boshiga qop kiydirilgani va yertoʻlada saqlanganini ham gapirib oʻtgan[6]. Uning qanday sababga koʻra qamoqdan idoraga olib borilgani haqida IIV va IIBB tomonidan izoh berilmagan[9].

Sud uning jazosi 8 sutkaga qisqartirilganini va bu muddatda u qamoqda oʻtirgan kunlari hisobga olinganini inobatga olib, sud zalidan ozod qilgan[8][10][11]. Bu qaror jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan[12].

Doʻstovning apellyatsiya sudida ishtirok etgan advokat Bahrom Ermatov tanqidni „mayda bezorilik“ deb atashning xato ekanini taʼkidlagan[13]. Apellyatsiya instansiyasida Doʻstovning jazosi qisqartirilgan boʻlsa-da, unda bir qator qonun buzilishlari aniqlangan, lekin ularga huquqiy baho berilmagan. Shuningdek, sudda Doʻstovning IIBB yertoʻlalarida saqlanishi ham jamoatchilikda bir qator savollarni tugʻdirgan[14].

Munosabatlar

tahrir

Gʻayrat Doʻstov voqeasi Oʻzbekistonning soʻz erkinligi va fuqarolar noroziligini ifoda etish huquqi bilan bogʻliq masalalarni oʻrtaga chiqargan. Ushbu voqea xalqaro nashrlarda, jumladan, „The Economist“ kabi nufuzli ommaviy axborot vositalarida ham yoritilgan. Voqea mahalliy hukumat organlarining fuqarolar bilan muloqoti va inson huquqlari masalalariga eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatgan[15].

Milliy tiklanish demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov bu voqea xususida quyidagicha fikr bildirgan:

Metan bolaga tushunmadim, baraka topgur, oʻzingni qadrla, gʻayratingni bayramdan keyin qil, vazifasi surishtirish boʻlgan idoralar surishtirishga majbur, bayramni bolalaring oldida emas, surishtiruv izolyatorida oʻtkazishing aniq edi-ku? Eʼtirozning toʻgʻri-notoʻgʻriligi haqida keyinroq va kengroq, lekin bir oilada bolalar otasining tadbirsizligidan yangi yilni nafaqat kayfiyatsiz, otasiz ham kutishga majbur boʻldilar…[16]

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 „«Zapravka»da videomurojaat qilgan shaxs 15 sutkaga qamaldi“. Kun.uz (2025-yil 1-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  2. 2,0 2,1 2,2 „Gaz zapravkadan yo‘llangan videomurojaat ortidan fuqaro 15 sutkaga qamaldi. Nimalar ma’lum?“. Gazeta.uz (2025-yil 2-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  3. „Metan zapravkada gaz yo‘qligidan shikoyat qilib, masʼullarni tanqid qilgan fuqaro qamaldi“. Daryo.uz (2025-yil 1-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  4. „«Amaldorlar bitta uzr bilan qutulayotgan vaqtda...» – G‘ayrat Do‘stovning qamalishi e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda“. Kun.uz (2025-yil 1-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  5. „“Qonunlar bilan adolatli ish yuritilsa, har tomonlama yaxshi bo‘lardi” – Apellyatsiya sudi qanday o‘tdi?“. Kun.uz (2025-yil 4-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  6. 6,0 6,1 „“Vatanga xiyonat qilmadim” — zapravkadagi tanqidi ortidan qamalgan G‘ayrat Do‘stovning appelyatsiya sudi bo‘lib o‘tmoqda“. Daryo.uz (2025-yil 3-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  7. „G‘ayrat Do‘stov ustidan apellyatsiya sudida uning tobi qochgani sabab tanaffus e’lon qilindi“. Kun.uz (2025-yil 3-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  8. 8,0 8,1 „G‘ayrat Do‘stovga berilgan qamoq jazosi qisqartirildi. U sud zalidan ozod etildi“. Kun.uz (2025-yil 3-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  9. Dilshoda Shomirzayeva. „“Qonunlar bilan adolatli ish yuritilsa, har tomonlama yaxshi bo‘lardi” – Apellyatsiya sudi qanday o‘tdi?“. Kun.uz (2025-yil 4-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  10. K. Abduqahhor. „G‘ayrat Do‘stov ozod etildi: apellyatsiya sudi hibs muddatini qisqartirdi“. Gazeta.uz (2025-yil 3-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  11. „G‘ayrat Do‘stov sud zalidan ozod qilindi“ Daryo.uz (2025-yil 3-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  12. „G‘ayrat Do‘stov “ishi”: nega u bilan bog‘liq voqea jamoatchilikni xavotirga soldi?“. Daryo.uz (2025-yil 4-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  13. „“Tanqidni mayda bezorilik deb atash xato” — advokat sudlanuvchi G‘ayrat Do‘stovga qo‘yilgan ayb haqida“. Daryo.uz (2025-yil 3-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  14. Jamshid Niyozov. „Savollarni ko‘paytirgan sud: “Do‘stov ishi”da huquqiy baho berilmagan holatlar“. Daryo.uz (2025-yil 11-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  15. „The fate of a ranting driver raises doubts about the “new” Uzbekistan“. The Economist (2025-yil 23-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.
  16. „“Bir oilada bolalar otasining tadbirsizligidan yangi yilni nafaqat kayfiyatsiz, otasiz ham kutishga majbur bo‘ldi” — Alisher Qodirov“. Daryo.uz (2025-yil 3-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 25-yanvar.

Havolalar

tahrir