Mahmud Gʻaznaviy

(G‘aznaviydan yoʻnaltirildi)

Mahmud Gʻaznaviy (Abulqosim Mahmud ibn Sabuktegin) (967— Gʻazna, 1030) — turkiy davlat arbobi va harbiy sarkarda, Gʻaznaviylar davlati hukmdori (998—1030).

Mahmud Gʻaznaviy
Abulqosim Mahmud ibn Sabuqtegin
Tavalludi 11-fevral 967-yil
Vafoti 4-iyun 1030-yil(1030-06-04)
(59 yoshda)
Gʻazna
Otasi Sebukteg`in

Sabukteginning oʻgʻli. Yoshligida otasidan harbiy sanʼatni puxta egallagan. Somoniylarga qarshi isyon koʻtargan turk amirlari Abu Ali Simjuriy va Foyiqqa qarshi janglarda otasining qoʻshinida qatnashib, katta jasorat koʻrsatgani uchun "sayf ud-davla" ("davlat qilichi") unvoni bilan taqdirlandi (994). Gʻaznaviylar davlatining Nishopurdagi noibi (994—997). Otasi vafotidan soʻng taxtni egallagan (998-yildan). Marv yaqinidagi jangda Somoniylar qoʻshinini magʻlubiyatga uchratgan (16.06.999). Somoniylar davlati agʻdarilgach, Mahmud Gʻaznaviy Bagʻdod xalifasi al-Qodirdan (991—1031) "yamin ud-davla va amin ul-milla" ("davlatning oʻng qoʻli va millatning ishonchi") degan faxriy unvon va Xuroson hokimligi haqida yorliq olgan (999). Qoraxoniylar xoni Nasr Mahmud Gʻaznaviyga elchi yuborgan; 1001-yilda Qoraxoniylar bilan tuzilgan sulh shartnomasiga muvofiq, har 2 davlat oʻrtasidagi chegara chizigʻi qilib Amudaryo belgilandi. Shunday qilib, Somoniylar davlati oʻrnida 2 ta yangi davlat tashkil topgan. Mahmud Gʻaznaviy qoʻlida Shimoliy Hindiston chegarasidan tortib Xazar dengizigacha (Kaspiygacha) choʻzilgan katta hudud birlashtirilgan. Keyinchalik bu davlat tarkibiga Shimoliy Hindiston, Xorazm va Gʻarbiy Eron ham kiritilgan. Qoraxoniylar bilan ayrim urushlardan (1006—1008) soʻng, Chagʻoniyon, keyinchalik Xuttalon, Qabodiyon viloyatlari va Termiz, Amulni (Chorjoʻyni) ham oʻz davlati tarkibiga qoʻshib olgan. Mahmud Gʻaznaviy yirik harbiy yurishlar olib borish bilan birgalikda qoʻshni davlatlar hukmdorlari bilan diplomatik aloqalar va qarindoshlik munosabatlari oʻrnatgan. Bayhaqiyning yozishicha, Xorazmdagi xalq gʻalayonlari oqibatida 1016-yilda Abul Abbos Maʼmun qatl etilib, taxtga uning jiyani yosh va tajribasiz Muhammad ibn Maʼmun oʻtirdi. Mahmud Gʻaznaviy bu xabarni eshitgach, qasos olish bahonasida katta qoʻshin (100 ming askar, 500 fil) bilan kelib, Xorazm davlati poytaxti Qiyotni egallagan (1017) va hojib Oltintoshni Xorazmda oʻz noibi qilib qoldirgan va Beruniy boshchiligidagi olimlar, shoirlar va sanʼatkorlarni, shuningdek, yosh Xorazmshohni butun sulolasi bilan Gʻaznaga olib qaytgan.

Fors tarixchisi Gardiziyning "Zayn al-axbor" ("Xabarlar koʻrki") asarida (1050—1052) yozilishicha, 1025-yilda Samarqandning janubida oʻsha davrning 2 buyuk hukmdori: Mahmud Gʻaznaviy va Qoraxoniylar tamgʻachxoni Qodirxon oʻrtasida tarixiy uchrashuv boʻlgan. Ikki oʻrtada shartnoma tuzilib, unga koʻra Qoraxoniylarning Samarqanddagi noibi Alptegin Movarounnahrga qaytarib olinib, Qodirxonning oʻgʻli Yiganteginga berilgan. Tazyiqqa uchragan 4 ming oʻtovli oʻgʻuz xonadonlari (Saljuqning avlodlari) Mahmud Gʻaznaviyning ruxsati bilan oʻsha yili Nurota atrofidan Xurosonga koʻchirilgan. Mahmud Gʻaznaviy Qoraxoniylar bilan oʻz mavqeini mustahkamlab, asosiy eʼtiborni Shimoliy Hindistonni oxirigacha zabt etishga qaratgan. U Panjob va Kashmir viloyatlariga 17 marta harbiy yurishlar uyushtirgan (1002—1028). Mahalliy aholini islom diniga kiritgan. Uning harbiy safarlarida Beruniy hamkorlik qilgan. Beruniyning mashhur "Hindiston" (1030—1031) asari ushbu safarlar natijasida vujudga kelgan. Mahmud Gʻaznaviy arab va pahlaviy (fors) tillarini puxta bilgan, turkiy tilda sheʼrlar bitgan. Oʻz davlatining poytaxti Gʻaznada nodir kitoblardan katta kutubxona toʻplagan. Bu davrda islom madaniyati rivojlanishi va islom dini tarqalishiga katta hissa qoʻshgan. Xususan, oʻz saroyida 400 dan ortiq olimlar, shoirlar va sanʼatkorlarni (Beruniy, Unsuriy va boshqalarni) toʻplab, ularga homiylik qilgan. Qudratli va jangovar harbiy qoʻshin hamda dengiz flotiga ega boʻlgan. Gʻaznada vafot etgan, qabrida maqbara oʻrnatilgan. Sharq allomalarining asarlarida Mahmud Gʻaznaviy adolatli va fuqaroparvar podsho, dushmanga nisbatan shafqatsiz sarkarda sifatida tasvirlanadi.

Adabiyot

tahrir
  • Beruniy, Hindiston [Tanlangan asarlar], 2-j., T., 1965;
  • Abu-l-Fazl Beyhaqi, Istoriya Masʼuda (1030—1041), T., 1962;
  • izd. 2, M., 1969; Abu Saʼid Gar-d iziy, Zayn al-axbar, T., 1991;
  • Bosvort K. E., Musulmanskiye dinastii, M., 1971;
  • Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001.[1]

Manbalar

tahrir
  1. Qahramon Rajabov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Oʻtmishdoshi:
Sabuktegin
Gʻazni sultoni
9981030
Vorisi:
Muhammad Gʻaznaviy