Ishkoshim tizmasi
Ishkoshim tizmasi – Pomir togʻli oʻlkasining janubi-gʻarbidagi (Tojikiston) Shoxdara tizmasining gʻarbiy davomi. Shimolda Xorugʻ shahri yaqinidan janubda Panj daryosining oʻng sohili boʻylab (meridianal yoʻnalishda) davom etadi. Uzunligi 100 km chamasida. Eng baland joyi 6096 m (Mayakovskiy choʻqqisi). Hozirgi zamon muzliklari bor. Uchlamchi davr alp burmalanishida koʻtarilgan. Asosan, gneys, amfibolit va boshqa metamorfik jinslardan tuzilgan. Yon bagʻirlarida dasht va choʻl oʻsimliklari oʻsadi, chuqur vodiylarda onda-sonda archa uchraydi. Qaynoq mineral buloqlar bor. Gʻarmchashma bulogʻi atrofi balneologik kurort hisoblanadi[1].