Isfayramsoy (Isfayram), Ispayram — Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Respublikalaridagi daryo, Sirdaryoning chap irmogʻi. Yuqori oqimida Tengizboy deb nomlanadi. Kichik Olay (uz. 33 km), Surmatosh (33 km), Tegir-machsoy (26 km), Koʻlsoy (21 km), Poʻmsoy (19 km) kabi yirik irmoklari va 60 ga yaqin mayda irmoklari bor. Uzunligi 122 km, havzasining mayd. 2220 km². I. xavzasida umumiy mayd. 134,6 km² boʻlgan 72 ta muzlik bor. Oʻrta va yuqori oqimida juda koʻp mayda togʻ koʻllari joylashgan. Ulardan eng yirigi dengiz sathidan 3892 m balandlikda joylashgan Zarkoʻldir. I., asosan, muzlik, qor va qisman yomgʻir, yer osti suvlaridan toʻyinadi. Uchqoʻrgʻon qishlogʻi yaqinida oʻrtacha yillik suv sarfi 21,9 m³/sek. I.da toʻlinsuv davri maysent. oylarida kuzatiladi, bu vaqtda yillik oqimining 55—70% oqib oʻtadi. Eng koʻp suvli oy —iyulda oʻrtacha oylik suv sarfi 50,7 m³/sek, eng kam suvli oylar (fev.apr.)da oʻrtacha oylik suv sarfi 10—11 m³/sek boʻladi. Daryo Fargʻona vodiysiga yiliga 160 ming t oqiziq keltiradi. Suvining deyarli hammasi sugʻorishga sarflanadi, Sir-daryogacha (chapdan) yetib bormaydi. Havo t-rasining keskin koʻtarilishi oqibatida muzliklar va qor qoplami jadal erib, I. havzasidagi koʻllarda suv sathining keskin ortishi va toʻgʻonlarni buzib oʻtishi natijasida falokatli sel toshqinlari ham boʻlib turadi. Masalan, 1966 yil 18-iyundagi ana shunday sel kelishida suv sarfi 1770 m³/sek. ga yetgan. I. boʻyida Oʻzbekistonning Quvasoy sh. Qirgʻizistonning Langar, Maliksuv, Maydon, Uchqoʻrgʻon va b. qishloklari joylashgan.[1]

Isfayramsoy
Isfayramsoy Quvasoyda
Isfayramsoy Quvasoyda
Tavsif
Uzunligi 122
Suv sarfi 21,9 m³/s
Davlat Qirgʻiziston va Oʻzbekiston

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil