Jagʻ-jagʻ
Jagʻ-jagʻ, oddiy jagʻ-jagʻ, achambiti (Capsella bursa-pastoris (L.) Medik.) – karamdoshlarga mansub bir yillik begona oʻt. 6 ta turi maʼlum. Oʻzbekistonda 1 turi – C. bursa-pastoris uchraydi. Tukli, baʼzan tuksiz poyasi oddiy yoki shoxlangan, boʻyi 10-50 sm. Toʻpbargdagi barglari bandli, oddiy, koʻpchiligi patsimon. Gullari mayda, siyrak shingilga toʻplangan. Tojbargi oq. Mevasi teskari yuraksimon uchburchak shaklli yoki ponasimon qoʻzoq. Bir oʻsimlik 70 minggacha yashovchan urugʻ beradi. Oʻsimlik erta bahorda una boshlaydi va kech kuzgacha rivojlanishi davom etadi. Maysalari yer betida toʻpbarg hosil qiladi. Jagʻ-jagʻ qor ostida qishlab, erta bahorda yana rivojlanishni davom ettiradi. Hamma yerda tarqalgan. Koʻpgina ekinzorlarda, begona oʻt sifatida oʻsadi. Shuningdek, yoʻl yoqalari, ariq boʻylarida oʻsadi.
Kurash choralari: kuzgi shudgor, ekishdan oldin tuproqqa ishlov berish, qator oralarini kultivatsiya qilish. Boronalashdan avval treflanning (4-6 kg/ga) suvli emulsiyasini purkash va tezda borona qilish. Shuningdek, kotoran (1,0-1,6 kg/ga), kotofor (0,8-1,3 kg/ga), prometrin (1,3-2,5 kg/ga) sepiladi.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |