Jasorat medali — Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallaridan biri[1].

Jasorat medali
Mamlakat Oʻzbekiston
Turi Medal
Kimga topshiriladi harbiylar
Taqdirlash asosi yuksak kasbiy mahoratini, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 1994-yil 5-may
Navbat
Toʻngʻich mukofot Mardlik ordeni
Kenja mukofot Kelajak bunyodkori medali

Nizomi

tahrir

1. „Jasorat“ medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasining va ichki ishlar organlarining xodimlari respublikaning milliy xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda, harbiy burchni yoki xizmat burchini ado etish vaqtida koʻrsatgan mardlik va jasoratlari uchun mukofotlanadilar. „Jasorat“ medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar tabiiy ofat, yongʻin va boshqa favqulodda holatlar vaqtida jamoat tartibini saqlashda, odamlar hayotini, davlat va jamoat mulkini saqlab qolishda koʻrsatgan jasoratlari uchun mukofotlanishlari mumkin.

2. „Jasorat“ medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti mukofotlaydi. Medal bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

3. „Jasorat“ medali bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.

4. „Jasorat“ medalini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga binoan boshqa shaxslar topshiradi.

5. „Jasorat“ medali bilan mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining oʻn karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar. „Jasorat“ medali bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.

6. „Jasorat“ medali koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.

7. „Jasorat“ medali bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda medal, mukofotlash toʻgʻrisidagi tegishli hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.

Tavsifi

tahrir

„Jasorat“ medali dastlab 0,5 mikron qalinlikda nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻladi. Medalning havo rang emal bilan qoplangan old tomonida quyosh va taralayotgan nurlar fonida shon-shuhrat va mardlik ramzini ifodalovchi qalqon va qilich tutgan otliq jangchi tasvirlangan. Medalning quyi qismida qizil emal fonida qabariq harflarda JASORAT degan yozuv berilgan. Harflarning balandligi 2 millimetr. Medalning chetlari ikki tomonidan ham qabariq doira bilan, old tomonidan qoʻshimcha qalinligi 0,8 millimetr qizil yoʻl bilan oʻralgan. Medalning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Pastda medalning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan. Medalning qalinligi 3 millimetr. Medal uch rangli yoʻl-yoʻl shoyi mato (lenta) sirilgan besh qirrali qadagʻich (kolodka)ga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi. Matoning eni 24 millimetr. Matoning oʻrtasidan eni 4 millimetrli yashil rang yoʻl oʻtgan. Uning ikki yonidan eni 1 millimetrli oq yoʻl joy olgan. Oq yoʻllarning yonidan eni 2 millimetrli yashil rang yoʻllar va eni 5 millimetrli qizil yoʻllar oʻtadi. Matoning chekkalaridan eni 2 millimetrli yashil rang yoʻllar oʻtgan. Qadagʻichning boʻyi 48 millimetr, eni esa 45 millimetr. Medal toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.

Taqdirlanganlar

tahrir

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir