Ketmonchopti togʻlari — Hisor tizmasi tarkibidagi Boysun togʻlarining janubi-gʻarbiy qismida, Surxondaryo viloyatidagi togʻlar. Eng baland joyi 3159 m. Janubi-gʻarbda Sherobod daryosi va shimoli-sharqda Olchasoy (shimolida) bilan Qayroqsoy (jan.da) vodiylari oraligʻida joylashgan. Uz. 23 km. Shimoli-sharqda Xoʻja Gurgurota togʻiga (eng baland joyi 3109 m) tutash. Ketmonchopti togʻlari yuqori paleozoyning vulkanogen jinslari, choʻkindi yotqiziklari, qumtosh, yura davrining ohaktoshlari, yon bagʻirlarida boʻr davrining chukindi jinslaridan tuzilgan. Janubi-gʻarbiy yon bagʻirlari tikroq. Suvayirgʻich qismi nisbatan kam parchalangan, yassi. Pekin, yura davrining ohaktoshlari nurashga chidamliligi sababli tik devorsimon shakl hosil qilgan. Xuddi ketmon bilan chopilgandek kurinishga ega (togʻning nomi shundan kelib chiqqan boʻlishi mumkin). Bu ajoyib shakl Boysun, Tuda, Avlod, Shayton qoʻrgʻonlaridan yaxshi koʻrinib turadi. Buloq koʻp. Yon bagʻirlarida toʻk, boʻz tuproqlarda turli xil bugʻdoyiqzorlar, shuningdek, naʼmatak, zirk, togʻolcha, bodom, olma va b. tarqalgan. Jigarrang tuproqlarda yongʻoqzorlar, dulanazorlar, jigarrang va och qoʻngʻir tuproklarda archazorlar mavjud. Bu yerlarda zarafshon archasi keng tarqalgan. 2800 m dan yuqorida boʻliq oʻtli oʻtloq-dasht oʻsimliklari oʻsadi. Asosan, yaylov chorvachiligi, togʻ mevachiligi, dorivor giyohlar tayyorlashda, ovchilikda foydalaniladi. Boy va qulay rekreatsiya resurslari mavjud. Ketmonchopti togʻlari etaklarida Boysun sh. joylashgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil