Kibriyo Qahhorova (Lutfullayeva) – taniqli oʻzbek tarjimoni va adabiyotshunosi[1]. Koʻplab nodir asarlarni tarjima qilgan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhorning turmush oʻrtogʻi[2][3][4]. O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1987). SSSR Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Kibriyo Qahhorova

Kibriyo Qahhorova turmush oʻrtogʻi Abdulla Qahhor bilan, 1950-yillar
Tavalludi
Kibriyo Lutfullayeva

1914-yil 14-aprel
Vafoti 1996-yil 26-sentyabr
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Leningrad universiteti
Kasbi tarjimon, adabiyotshunos
Faoliyat yillari 1930—1996
Mashhur ishlari "Chorak asr hamnafas", „Abdulla Qahhor“ hamda koʻplab tarjima asarlar
Unvoni O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Turmush oʻrtogʻi Abdulla Qahhor
Otasi Lutfullo Maxsum Fayzulloyev
Mukofotlari

Olima adabiyotshunoslik, tarjima va nasr sohalarida faoliyat olib borgan. Tarjimon sifatida rus, fors va tojik tilidagi koʻplab kitoblarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, Abdulla Qahhorning bir qancha asarlarini oʻzbekchadan tojikchaga tarjima qilgan[5].

Adabiyotshunos sifatida oʻzbek tilida soʻzlarning yasalishi hamda toʻgʻri qoʻllanishi haqida izlanishlar olib borgan. Yozuvchi sifatida, Abdulla Qahhor haqida xotira asarlarini yozib qoldirgan[6].

Hayoti

tahrir

Kibriyo Qahhorova 1914-yilning 14-aprelida Turkiston general-gubernatorligiga qarashli Samarqand viloyatida ziyoli oilasida tugʻilgan. Otasi Lutfullo Maxsum Fayzullayev ziyoli inson boʻlib, Buxorodagi „Koʻkaldosh“ madrasasida tahsil olgan. Qahhorova shahardagi 9-sonli oʻrta maktabni tamomlagach, oʻqituvchilarni tayyorlash maxsus kursini oʻqiydi. 1930-yilda Samarqand shahridagi 16-maktabga oʻqituvchi sifatida ishga kiradi. 1932-yilda Samarqanddagi yirik nashriyotga Sadriddin Ayniyning koʻmagi asosida ishga qabul qilinadi. 1938-yilgacha nashriyotda muharrir, adabiy boʻlim mudiri sifatida faoliyat yuritgan. Shu yili, Leningdrad universitetining sharqshunoslik fakultetiga oʻqishga kiradi. Oʻqish chogʻida Tojikiston davlat nashriyotining Leningrad shahri boʻlimi boshligʻi sifatida ham faoliyat olib borgan. 1941-yilda Ikkinchi jahon urushi boshlangach Leningraddan Dushanbe shahriga qaytib, Tojikiston radioqoʻmitasining bosh muharriri va Tojikiston komsomol qoʻmitasining mas’ul xodimi lavozimlarida ishlaydi. Dushanbeda ishlayotgan chogʻlarida taniqli fargʻonalik shoir Mirsaid Mirshakar bilan oila qurgan[7].

1943-yilda Toshkent shahriga koʻchib oʻtgan. Soʻng, Xarkov shahridagi harbiy-siyosiy bilim yurtiga yuboriladi hamda 1943-yildan 1945-yilgacha Sovet Armiyasida xizmat qilgan. Unga „Leytenant“ harbiy unvoni beriladi. Xizmat paytida Toshkent harbiy okrugi muassisligidagi „Frunzevets“ gazetasida harbiy tarjimon sifatida faoliyatini boshlaydi. 1945-yilning 12-aprelida taniqli oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qahhor bilan turmush quradi[8].

1987-yilda Qahhorova tashabbusi bilan Abdulla Qahhor uy-muzeyi tashkil etilgan. Muzeyda u tomonidan 5000 dan ortiq eksponatlar jamlangan. Muzeyda uning oʻzi vafotiga qadar ilmiy xodim sifatida ham faoliyat olib borgan[9].

Faoliyati

tahrir

Tarjimonlik faoliyati

tahrir

Kibriyo Qahhorova oʻzbek, tojik, arab, fors va rus tillarini mukammal bilgan. Abdulla Qahhor bilan turmush qurganidan soʻng, tarjimonlik faoliyatini boshlagan. Eng yirik tarjima ishi – rus yozuvchisi Lev Tolstoyning „Urush va tinchlik“ epopeyasi hisoblanadi. 4 qismdan iborat ushbu epopeyaning birinchi qismini Abdulla Qahhorning oʻzi, ikkinchi va uchinchi qismlarini Qahhor bilan hamkorlikda tarjima qilgan. Abdulla Qahhor 1968-yili vafot etganidan soʻng, epopeyaning qolgan 4-qismini oʻzi mustaqil tarjima qilgan[10].

Bundan tashqari, atoqli rus yozuvchisi Maksim Gorkiyning „Ona“, „Mening universitetlarim“ romanlarini, Aleksandr Serafimovichning „Temir oqim“ asari, Mixail Zoshchenkoning koʻplab hikoyalarini, Chingiz Aytmatovning „Oq kema“ qissasi, „Sevgi“ romanlarini rus tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, Mixail Zoshchenkoning „Lenin haqidagi hikoyalar“ asari, Sadriddin Ayniyning „Eski maktab“ qissalarini tojik tilidan oʻzbekchaga tarjima qilgan[11].

Oʻrta asrlar namoyondalari Avfiy Buxoriy, Nizomiddin Ubaydullo Zokoniy hamda Faxriddin Ali Safiylarning asarlari, Abul Faroj Rumiyning „Qiziqarli vaqealar“ asarini, fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan[12].

Qahhorova nafaqat boshqa tillardan oʻzbek tiliga asarlarni tarjima qildi, balki Abdulla Qahhorning ayrim asarlarini tojik tiliga ham tarjima qilgan. Jumladan Qahhorning „Anor“, ​​"Oʻgʻrilar", „Boshsiz odam“, „Maston“, „Tobutdan ovoz“, „Adabiyot oʻqituvchisi“, „Beshik“, „Ming bir jon“, „Muhabbat“, „Oʻtmish ertaklari“, „Oltin yulduz“ asarlari[13].

Adabiyotshunoslik faoliyati

tahrir

Qahhorovaning adabiyotshunos sifatida salmoqli ishlarni amalga oshirgan. Adabiyotshunosning 1989-yilda „Sharq yulduzi“ gazetasiga bergan intervyusida, oʻzbek tilida qoʻllanadigan soʻzlarni tahlil qilib chiqib bir qancha fikrlarni bildirgan[14]:

...Bugungi kunda biz matbuot tilini ko‘zdan kechirsak, tepa sochimiz tikka bo‘ladi. Qaysi bir no‘noq jurnalistning aybi bilan tilimizga „noqoratuproq“ degan so‘z kirib ketgan edi, endilikda qayerda do‘ppi tor kelsa „no“ni ishlatamiz-qo‘yamiz. Qaysi bir dehqon „bizning yerlar noqoratuproq“ deb gapiradi. Men aminmanki, hammasi „bizning yerlar bo‘z yer“ deydi.

„Sun’iy“ degan so‘z turgan joyda „notabiiy“ deymiz. „G‘ayriqonuniy“ning o‘rniga „noqonuniy“ deb ishlatamiz. „Odobsiz“, „uyatsiz“, „manmanlikka berilgan“ degan so‘zlardan «nokamtarin»ni afzal ko‘ramiz...

— Bunday sun’iy so‘z yasalishiga xohlagancha misol keltirsa bo‘ladi: nozarur, noreal, nomuhim, nosoz, noishlab chiqarish, noodil, noteng…

Bundan tashqari, asli kelib chiqishi turkiy tiliga borib taqaladigan soʻzlarni ham tadqiq qilgan[15].

Yozuvchilik faoliyati

tahrir

1958-yilda SSSR Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻladi. Qahhorova turmush oʻrtogʻi Abdulla Qahhorning xotirasiga bagʻishlab „Chorak asr hamnafas“ nomli kitobini chop etgan[16][17]. Shuningdek, 1987-yilda „Abdulla Qahhor“ nomli asari ham nashr etilgan[18].

Mukofotlari

tahrir

Kibriyo Qahhorovaning uzoq yillik faoliyati hukumat tomonidan eʼtirof etilgan. 1987-yilning sentyabr oyida „O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi“ faxriy unvoni taqdim etiladi. 1995-yilda „„1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushidagi gʻalabaning 50 yilligi“ yubiley medali“ bilan mukofotlangan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, Shuhrat medali bilan mukofotlangan[19].

Xotirasi

tahrir

2023-yil 14-aprel kuni adabiyotshunos tavalludining 109 yilligiga bagʻishlab, „Buyuk inson ayoli“ shiori ostida ziyorat tadbiri oʻtkazilgan. Tadbir davomida bir guruh ziyolilar Abdulla Qahhor uy-muzeyiga tashrif buyurishgan[20].

2024-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Kibriyo Qahhorova tavalludining 110 yilligi munosabatu bilan, „Abdulla Qahhor mohir hikoyanavis“ nomli adabiy, ilmiy-maʼrifiy tadbir oʻtkazilgan[21].

Samarqand viloyati tarkibidagi Samarqand shahrining koʻchalaridan biriga „Kibriyo Qahhorova“ nomi berilgan[22].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „КАХХАРОВА Кибрие“. centrasia.org. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  2. „«Yashash va sevgi san’atini o‘rgansa bo‘ladi» - yozuvchi Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova uyidan fotoreportaj“. kun.uz. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  3. „Abdulla Qahhor — biografiya“. SPUTNIK Uzbekistan. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  4. Шоқаҳҳор САЛИМОВ. „ҲАР БИР СЎЗНИНГ ҚАДРИ, ЎРНИ БОР!“ (PDF). O‘zbekiston bekiston adabiyoti va san dabiyoti va san’ati. № 38-son. 4-bet.
  5. „КАХХАРОВА Кибрие“. centrasia.org. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  6. Шоқаҳҳор САЛИМОВ, (2022). „ҲАР БИР СЎЗНИНГ ҚАДРИ, ЎРНИ БОР!“. O'zbekiston adabiyoti va san'ati. № 38. 4-bet.{{cite magazine}}: CS1 maint: extra punctuation ()
  7. Ortiqboy Abdullayev (1989). „Men dardimni kimga aytaman“. Sharq yulduzi. № 12-son.
  8. „Одна на всю жизнь: к 100-летию первой таджикской журналистки Кибриё Каххаровой посвящается Подробнее: https://asiaplustj.info/ru/news/life/person/20140415/odna-na-vsyu-zhizn-k-100-letiyu-pervoi-tadzhikskoi-zhurnalistki-kibrie-kakhkharovoi-posvyashcha“. AsiaPlusTj. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  9. „«Yashash va sevgi san’atini o‘rgansa bo‘ladi» - yozuvchi Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova uyidan fotoreportaj“. Kun.uz. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  10. „ADIBDAN QOLGAN ERTAKLAR MANZILI“. jadid.uz. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  11. „O`ZBEK ADABIYOTINING FEMINIST VAKILASI KIBRIYOXONIM QAHHOROVA“. NamDU. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  12. „ADIBDAN QOLGAN ERTAKLAR MANZILI“. jadid.uz. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  13. „ADIBDAN QOLGAN ERTAKLAR MANZILI“. jadid.uz. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  14. Ortiqboy Abdullayev (1989). „Men dardimni kimga aytaman“. Sharq yulduzi. № 12-son.
  15. Ortiqboy Abdullayev (1989). „Men dardimni kimga aytaman“. Sharq yulduzi. № 12-son.
  16. „Kibriyo Qahhorova “Chorak asr hamnafas”“. UzA. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  17. „Муз кўчди…“. Hurriyat. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  18. „Kibriyo Qahhorova“. kitobxon.com. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  19. „КАХХАРОВА Кибрие“. centrasia.org. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  20. „Буюк инсон ортида турган аёл – Кибриё Қаҳҳорова“. Ishonch.uz. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  21. „Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova xotirasi yodga olindi“. UzA. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.
  22. „Ilmiy-ekspert kengashining 2024-yil 10-13-sentabr kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sayyor yig‘ilishi“. api-portal.gov.uz. Qaraldi: 22-yanvar 2025-yil.