Naqshbandiya
Naqshbandiya (Naqshbandiylik) — tasavvuf tariqatlaridan biri. Bahouddin Naqshband asos solgan.
Naqshbandiya xojagon tariqati negizida paydo boʻlib, Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Ahmad Yassaviy qarashlarini omuxta etdi, ularga yangi ruh berib rivojlantirdi. XV—XVIII asrlarda savdo va hunarmandchilik bilan shugʻullanadigan shahar aholisi hamda koʻchmanchi chorvador aholi orasiga keng yoyildi. Naqshbandiya taʼlimotining asosida "koʻngil xudoda boʻlsin-u, qoʻl ish bilan band boʻlsin" ("dil ba yoru, dast ba kor") shiori yotadi. Naqshbandiyada pir-u muridlik qoidalari hiyla osonlashtirilgan, sirtdan turib eʼtiqod qoʻyish, imon mustahkamligi, Haqtaologa sidqidildan itoat etish, ixlos va maʼnaviy kamolot asosiy oʻrin egallaydi. Rasm-rusumlar, odatlarni koʻr-koʻrona ado etish, riyo, soxta dindorlik qoralanadi. Axloqiy poklik, qanoatli, sabrli boʻlish, ixtiyoriy faqirlik bilan Allohga intilish yuksak fazilat hisoblanadi. Naqshbandiyada odamning qadri mansabi, boyligi bilan emas, maʼnaviy komilligi bilan oʻlchanadi. Naqshbandiyada hunar, kasb egallab, oʻz mehnati bilan halol luqma yeb yashash talab qilinadi, tilanchilik, darbadarlik bilan kun kechirish sufiy uchun isnod sanaladi. Qul, xizmatkor saqlash, oʻzganing mehnatidan foydalanish ham man etiladi. Naqshbandiyaning yuqoridagi shiori tarkidunyochilikka, tekinxoʻrlikka qarshi qaratilgan. Naqshbandiyada manmanlik, sufiy, shayxman deb kerilish, shovqin-suron koʻtarib zikru samoʼ bilan odamlar diqqatini oʻziga qaratish qoralanadi. Naqshbandiyada asosiy talab — qalbni dunyo gʻuborlaridan tozalash, oʻz nafsi bilan kurashib ruhda charogʻonlik topish, qalbda Alloh nomlarini naqshlab borish usullari ishlab chiqilgan. Zikri xufiya (yashirin zikr tushish) shunga xizmat qilgan. "Tashqaridan xalq bilan, ichkaridan Haq bilan boʻlish", har bir nafasni Xudo yodi bilan chiqarish, qadamni savob ishlar, ezgu amallar sari qoʻyish, yurt kezib, aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilish, gʻofillarni hushyor etish, har qanday holatda qalb ogoxligiga erishish — Naqshbandiyaning asosiy maʼnaviy tarbiya usuli hisoblangan.
Naqshbandiyada pir va murid orasidagi maʼnaviy orifona suhbatga katta eʼtibor qilingan. Naqshbandiyaga koʻra, suhbat — anjuman ichra boʻlish, bilmaganni bilib olish, yuksalish, karomatlar sir-u asrori, ilohiyot olami nurlaridan baxramandlik boʻlsa, buning aksi — xilvat esa kishini bilimdan, maʼrifatdan mahrum qiladi. Naqshbandiyada oʻzini oʻzi nazorat qilib borish, olgan bilimlarini dilda mustahkamlash, umrning har bir damini savob ishga, har bir nafsni maʼnaviy kamolot uchun sarflash lozim deyiladi. "Vuqifi zamoniy" (muayyan vaqtda toʻxtab oʻzini tekshirish), "vuqufi adadiy" (ishlarini sarhisob qilib tekshirish), "vuqufi qalbiy" (qalb amallari qanday boʻlayotganligini toʻxtab, tekshirib borish) kabi shiorlar ("qudsiy soʻzlar") ham ana shu nazorat usuliga kiradi. Naqshbandiya, shu tariqa, tasavvufni islom shariati va paygʻambar sunnati bilan yanada mustahkamroq bogʻladi. "Urvatul vusqo", yaʼni barcha ishda paygʻambar soʻzlari va ishlariga suyanish Naqshbandiya shiorlaridan biriga aylandi. Naqshbandiyada sufiylik isteʼdodiga ham eʼtibor berilgan, yaʼni baʼzi kishilarning men falon silsiladanman, naslnasabim falon-falonchilarga borib taqaladi, degan gaplariga qarshi Bahouddin Naqshband "ran silsilada emas", ran Allohning jazbasida" deb aytadi. Jazba boʻlmasa, sufiylikda maqomatlarga koʻtarilish qiyin.
Naqshbandiya Bahouddin Naqshband hayotligidayoq keng shuhrat qozondi. Naqshbandiyani nazariy jihatdan ishlab chiqishda Muhammad Porso, Alouddin Attor xizmatlari katta boʻldi. Bu tariqatga faqatgina oddiy xalq emas, balki Buxoro va Samarqand ulamolari, Amir Temur avlodidan boʻlgan shoh va shahzodalar kira boshladilar. XV asrdayoq Naqshbandiya Eron, Afgʻoniston, Misr, Hijoz, Shimoliy Kavkaz, Turkiyaga tarqala boshladi. Ayniqsa, "hazrati Eshon" unvoniga musharraf boʻlgan Xoja Axror valiy — Nosiriddin Ubaydulloh faoliyati tufayli Naqshbandiyaning obroʻ-eʼtibori yana ham oshdi. Bahouddin Naqshband zamonida mansabdor shaxslar, shox-u amirlardan uzoq turish lozim deyilgan boʻlsa, Xoja Ahror valiy davrida Naqshbandiya siyosiy doiralarga kirib bordi. Naqshbandiya XVI asrda Hindistonga tarqaldi. Bunda Bobo valiy, Xoja Boqibilloh (1563—1603), Axmad Sirhindiy (1564—1624) faoliyati yaxshi samara bergan. Ayniqsa, Ahmad Sirhindiy u yerda sunniylik yoʻnalishini mustahkamlash uchun Naqshbandiyadan unumli foydalangan. Naqshbandiyani Turkiyada yoyilishida Mulla Abdulloh Simaviy (1490-yilda vafot etgan), Ahmad Buxoriy va boshqa shaxslarning xizmati bor. Naqshbandiya XVI—XVII asrlarda Misr va Hijozga (Arabistonga) kirib boradi. Eronning Nishopur, Isfahon, Yazd shaharlariga tarqalib, shular orqali Falastin, Iroq, Iordaniyada koʻplab tarafdorlarga ega boʻlgan. Hindiston orqali u Indoneziya, Malayziya, Seylonga tarqaldi. Keyingi asrlarda Rossiya, Bosniya va boshqa Yevropa mamlakatlariga yoyilgan. Hozirda AQSH, Kanada, Avstriyada Naqshbandiya markazlari, xonaqolari, jamgʻarmalari bor.
Naqshbandiya tariqatining umuminsoniy gʻoyalar, maʼnaviy kamolot, botiniy poklikni targʻib etishi uning dunyoda keng tarqalishiga olib keldi. Uning muxlislari bir necha million kishini tashkil etadi[1].
Manbalar
tahrirAdabiyot
tahrir- Alisher Navoiy, Toʻla asarlar toʻplami, 17-j., T., 2002;
- Abul Muqsin Muhammad Boqir ibn Muhammal Ali, Bahouddin Balogardon, T., 1993;
- Idris shoh, Naqshbandiy tariqati, T., 1993;
- Komilov N., Tasavvuf. Birinchi kitob, T., 1996;
- Navruzova G., Naqshbandiya tasavvufiy taʼlimoti va barkamol in-son tarbiyasi, T., 2002.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |