Oʻljas Umarovich Sulaymonov (qozoqcha: Олжас Омарұлы Сүлейменов; 1936-yil 18-may, Olmaota) — qozoq shoiri, jamoat arbobi, diplomat. Qozoq universiteti Geologiya fakultetini (1959) va Maksim Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti institutini (1961) tugatgan. 1981–1984-yillarda Qozogʻiston Kinematografiya davlat qoʻmitasi raisi, 1984-yildan 1992-yilgacha Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi birinchi kotibi vazifalarida ishlagan. 1995–2001-yillarda Qozogʻistonning Italiya, Yunoniston va Maltadagi elchisi sifatida faoliyat koʻrsatdi. „Qoyilmisan insonga, zamin!“ (1961) dostoni birinchi fazogir Yuriy Gagaringa bagʻishlangan. Shoirning birinchi asari — „Argʻumoqlar“ (1961). „Quyoshli tunlar“ (1962), „Qutlugʻ tongotar“ (1964), „Maymun yili“ (1967), „Sopol kitob“ (1969) sheʼriy kitoblari, „Oqdaryo ustida“ (1970), „Butun baxt“ (1975), „Az i Ya“ (1975) va boshqa sheʼriy, nasriy, esse kitoblari muallifi. Asarlarida qozoq xalqi hayoti, Sharq mavzusi, hozirgi yoshlar taqdiri aks etgan. Sheʼrlari falsafiyligi, ritmik izlanishlarga boyligi va sheʼriy birikmalarning murakkabligi bilan ajralib turadi. Oʻzbekistonga bir necha marta kelgan, oʻzbek shoirlari bilan ijodiy aloqada. Ayrim asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan.

Oʻljas Umarovich Sulaymonov
Oʻljas Umarovich Sulaymonov

Adabiyotlar

tahrir
  • Argʻumoqlar, Toshkent, 1976-yil.
  • Aylanayin, Toshkent, 1988-yil.
  • Aziya, Almaata, 1990-yil.