Oʻzbekistonda ayollar futboli
Oʻzbekistonda ayollar futboli ayollar oʻrtasida rivojlanib borayotgan sport turi hisoblanadi[1]. Ayollar futboli faoliyati Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining ayollar futbolini rivojlantirish boʻlimi tomonidan olib boriladi. Ayollar futboliga oid qoidalar va chempionatlar nizomlari Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi Ayollar futboli qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqiladi. Hozirda Oʻzbekistonda 18 ta professional va bir qancha havaskor ayollar futbol klublari mavjud boʻlib, ular oʻrtasida Oliy Liga, Birinchi Liga, Oʻzbekiston kubogi va Oʻzbekiston Superkubogi musobaqalari oʻtkazilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi (18 yoshgacha) | |
Eng yuqori boshqaruvchi tashkilot | Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi |
---|---|
Qachondan beri | 1994-yil |
Klublar | 18 |
Xarakteristikalari | |
Jamoa aʼzolari | Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi |
Mintaqa | Oʻzbekiston |
Tarixi
tahrirOʻzbekistonda ayollar futboliga 90-yillarning boshlarida asos solingan boʻlib, birinchi havaskor klub „Spartak“ Toshkentda tashkil qilingan[2]. 1994-yilda futbol boʻyicha ayollar terma jamoasi tashkil etilgan. 1995-yilda Oʻzbekiston birinchi marta Malayziyada oʻtkazilgan Osiyo chempionatida ishtirok etib, 6-oʻrinni egallagan. 1995-yildan Oʻzbekistonning milliy futbol klublari oʻrtasida ham musobaqalar oʻtkazila boshlangan[3]. Oʻtkazilgan birinchi milliy chempionatda Ravshan Usmonxoʻjayev murabbiyligidagi „Chehra“ klubi gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Shu yilning sentyabr oyida Ravshan Usmonxoʻjayev murabbiylik qilgan „Chehra“ klubi aʼzolaridan tashkil topgan Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi 2-marta Malayziyaning Kota-Kinabalu shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida qatnashib 3-oʻrinni egallashgan[2].
2003-yilgacha oʻtkazilgan milliy chempionatlarda Andijonning „Andijanka“ klubi birinchilikni bermay kelgan boʻlsa, 2003-yilda Qashqadaryo viloyati hokimi Nuriddin Zayniyev tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan Vladislav Xan murabbiyligidagi „Talaba“ hozirgi „Sevinch“ futbol klubi oʻzining birinchi chempionatidayoq 3-oʻrinni egallab, keyingi yilda esa chempionlikni nishonlagan. „Sevinch“ Oʻzbekistonda ilk rasmiy ayollar futbol klubi sifatida tashkil etilgan boʻlsa, boshqa viloyatlardagi ayollar futbol klublari erkaklar futbol klublari qoshida boʻlib, 2018-yilda rasman ajralib chiqqan[2].
2005-yili Tailandda oʻtkazilgan yopiq sport inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida Vladislav Xan murabbiyligidagi Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi birinchi marta qitʼa chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. 2007-yilda Makaoda oʻtkazilgan ushbu turnirda jamoamiz uchinchi oʻrinni egallagan[3].
2015-yilda Toshkentdagi oliy oʻquv yurtlari talaba qizlari oʻrtasida ilk bor ayollar futboli boʻyicha birinchi turnir boʻlib oʻtgan[4][5].
2021-yildan boshlab Oʻzbekistonda ayollar oʻrtasida ham 14 yoshgacha (U-14) va 16 yoshgacha (U-16) toifalarida chempionatlar oʻtkazila boshlangan.
2023-yilda Oʻzbekistonda ilk ayollar futboli maktabi ochilgan. 2023-yil 22-iyunda boʻlib oʻtgan futbol maktabi ochilish marosimida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Ravshan Sayfitdinovich Ermatov, Oʻzbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyev tadbir mehmoni sifatida ishtirok etishgan. „Sevinch“ ayollar futbol maktabi 50 oʻringa moʻljallangan boʻlib, bu dargohda yurtimizning turli chekkalaridan yosh futbolchi qizlar jalb qilinishi rejalashtirilgan. Mahalliy futbolchilar esa mashgʻulotlarga uylaridan qatnashlari koʻzda tutilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi „Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarorida (PQ-115) ayollar oʻrtasida futbolni rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga moʻljallangan istiqbolli reja va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish belgilab qoʻyilgan[6][7].
Ayollar futboli COVID-19 pandemiyasi davrida
tahrir2020-yilda COVID-19 pandemiyasi davrida ayollar futboli jamoalari futbolchilari murabbiylar bilan onlayn mashgʻulotlar oʻtkazishgan. Pandemiya tufayli 2020-yil 15-martdan toʻxtatilgan Oliy liga oʻyinlarining 3-turi 13-iyundan boshlab davom ettirilgan. Shuningdek, oliy va birinchi liga jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi oʻyinlari ham boʻlib oʻtgan[8].
COVID-19 pandemiyasi tufayli nafaqat milliy chempionatlar, balki 2022-yilda Oʻzbekiston mezbonlik qilishi lozim boʻlgan ayollar oʻrtasidagi OFK U-20 Osiyo kubogi bellashuvlari ham bekor qilingan. Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Ijro qoʻmitasining qaroriga koʻra, ushbu musobaqa mezbon davlat oʻzgarmagan holda 2024-yilda oʻtkazilishi belgilangan[9].
Ichki chempionatlar
tahrirDaraja | Liga/Chempionatlar | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|
1 | Oʻzbekiston Superkubogi (Oʻzbekiston Kubogi sohibi va Ayollar Oliy Ligasi Chempioni oʻrtasida) | |||||||
2 | Oliy Liga (Birinchi Liganing yuqorigi 10 ta oʻrnidagi klublari oʻrtasida) |
Oʻzbekiston Kubogi | ||||||
3 | Birinchi Liga |
Oʻzbekiston Oliy ligasi
tahrirOʻzbekiston Oliy ligasi – 1995-yildan beri oʻtkazib kelinadigan Oʻzbekistonda ayollar futboli musobaqalarining oliy divizion musobaqasi hisoblanadi. 2013-yilgi mavsumdan boshlab Oliy ligada faqat professional klublar ishtirok etishi belgilab qoʻyilgan. Ligalar oʻrtasidagi almashinuv nizom bilan belgilanadi va sport tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi. Oliy ligada 10-oʻrinni egallagan jamoa Birinchi ligaga yoʻl oladi. Birinchi liga gʻolibi va ikkinchi oʻrin sohibi Oliy ligaga chiqadi. Oʻzbekiston Oliy ligasining eng muvaffaqiyatli klubi „Sevinch“ futbol klubi boʻlib, 15 marta chempionlikni qoʻlga kiritgan. Bundan tashqari maʼlum yillarda chempionatda Andijanka (6), Bunyodkor-W (2), Chexra (2), Soʻgʻdiyona-W (1), Metallurg-W (1), Navbahor-W (1), Baxo (1) klublari ham gʻolib boʻlgan.
Oʻzbekiston Birinchi ligasi
tahrirBirinchi liga Oʻzbekiston ayollar futbolining ikkinchi darajali musobaqasi hisoblanib 2011-yilda tashkil topgan. Oʻzbekiston ayollar oʻrtasidagi futbol birinchi ligasi Oʻzbekiston Professional futbol ligasi tomonidan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston ayollar Birinchi ligasi gʻolibi va 2-oʻrin sohibi Oʻzbekiston ayollar Oliy ligasiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma oladi.
Birinchi liga ishtirokchilari har yili Oʻzbekiston kubogida ishtirok etishadi.
Oʻzbekiston kubogi
tahrirOʻzbekiston kubogi – 2002-yildan boshlab ayollar oʻrtasida har yili oʻtkazib kelinayotgan milliy kubok musobaqasi hisoblanadi[10]. Oʻzbekiston Kubogi bahslari 2002-yildan beri tashkil etilgan. Birinchi Oʻzbekiston kubogi sohibi Andijonning „Andijanka“ klubi hisoblanadi.
Oʻzbeksiton Kubogi gʻoliblari futbol boʻyicha ayollar oʻrtasidagi Oʻzbekiston Superkubogida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi. „Sevinch“ 10 marta Oʻzbekiston kubogi sohibi boʻlgan musobaqadagi eng muvaffaqiyatli klub hisoblanadi. Ikkinchi oʻrinda „Andijanka“ 4 ta, „Metallurg-W“ 3 ta „Bunyodkor-W“ esa 2 ta bilan toʻrtinchi oʻrinda bormoqda[11].
Oʻzbekiston Superkubogi
tahrirOʻzbekiston Superkubogi – Oʻzbekistonda ayollar oʻrtasida 2015-yildan beri oʻtkazilib kelinadigan futbol turniri boʻlib, unda oʻtgan mavsumdagi Oʻzbekiston Kubogi sohibi va Ayollar Oliy Ligasi Chempioni toʻqnashadi. Agarda Kubok va Chempionatni bitta jamoa yutgan boʻlsa, unda Chempionatda 2-oʻrinni egallagan klub, Chempionga qarshi oʻynaydi.
Talaba-qizlar musobaqasi
tahrir2015-yilda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim va Ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston futbol federatsiyasi hamkorligida Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-qizlar oʻrtasida futbol boʻyicha musobaqa tashkil etilgan[4][12]. Musobaqada sakkiz jamoa gʻoliblik uchun bahslashgan. "Bunyodkor" stadionida oʻtkazilgan final bahsida Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti jamoasi Toshkent axborot texnologiyalari universitetia jamoasi ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozongan[5].
Xalqaro chempionatlar
tahrirParij-2024 Yozgi Olimpiadasi saralash bahslari
tahrirParij-2024 Olimpiya oʻyinlarining ayollar futboli boʻyicha Osiyo mintaqasi 1-bosqich saralash oʻyinlariga 2023-yil 12-yanvarda qur’a tashlangan. Oʻzbekiston saralashning 1-chi bosqichida „A“ guruhidan oʻrin olgan[13]. 1-bosqichda Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi Butan (9:0)[14], Sharqiy Timor (0:3)[15] va Iordaniya (7:0)[16] jamoalari ustidan ishonchli gʻalabalarga erishib saralashning ikkinchi bosqichiga yoʻl olgan[17].
Parij–2024 ayollar Olimpiya futbol turniri – Osiyo saralashining 2-bosqich oʻyinlari qur’a tashlashida Oʻzbekiston terma jamoasi „C“ guruhidan joy egallagan[18]. 2023-yil 23-oktabrdan 1-noyabrgacha Oʻzbekiston mezbonlik qilgan „C“ guruh bahslarining dastlabki turida Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi Vyetnam ustidan 0:1 hisobida gʻalaba qozongan[19], ammo Yaponiyaga qarshi oʻyinda 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchrashgan[20]. 2023-yil 1-noyabr kuni „Bunyodkor“ stadionida Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi Parij Olimpiadasi 2-saralash bosqichi doirasida Hindiston terma jamoasiga qarshi bahs olib borib 3:0 hisobida gʻalaba qozonishgan. Ushbu gʻalaba orqali terma jamoamiz tarixda ilk marotaba Olimpiada oʻyinlari sarlashining yakuniy bosqichiga yoʻl olishgan[21].
3-saralash bosqichi oʻyinlari 2024-yilning 24—28-fevral kunlari oʻtkazilgan. 2024-yil 24-fevralda Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi 2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarining Osiyo mintaqasi yakuniy saralash bosqichida Avstraliya terma jamoasiga qarshi bahsda 0:3 hisobida magʻlubiyatga uchrashgan[22]. 28-fevral kuni Avstraliyaga qarshi oʻtkazilgan ikkinchi bahsda ham terma jamoamiz 0:10 hisobida magʻlub boʻlishgan[23]. Shu bilan, Midori Honda murabbiyligidagi jamoamiz Parij Olimpiadasi yoʻllanmasiga ega chiqa olmagan va saralash bahslaridagi ishtirokini yakunlashgan[24].
OFK ayollar oʻrtasidagi Osiyo kubogi
tahrirOsiyo Futbol Konfederatsiyasida Oʻzbekiston birinchi marta 1995-yilda ishtirok etgan, lekin hozirgacha shohsupaga koʻtarilmagan. OFK Osiyo kubogining 22-mavsumi 2029-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan[25][26]. Bu haqida OFKning 2024-yil 15-mayda Tailand poytaxti Bangkok shahrida oʻtkazilgan OFK 4-ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida, OFK prezidenti Shayx Salmon tomonidan eʼlon qilingan[27].
OFK ayollar klublari oʻrtasidagi Osiyo chempionati
tahrirAyollar futbol klublari oʻrtasidagi Osiyo chempionati – Osiyodagi ayollar futbol klublari musobaqasi boʻlib[28][29], 2019-yilda asos solingan va 2024-yilda OFK ayollar chempionlar ligasi tashkil etilishi bilan tugatilgan[30]. 2022-yilda Oʻzbekistonning Qarshi shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida Jizzax viloyatining „Soʻgʻdiyona-W“ klubi gʻoliblikni qoʻlga kiritgan[31].
Osiyo oʻyinlarida ayollar futboli
tahrir2023-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkazilgan 2022-yilgi Yozgi Osiyo oʻyinlarining ayollar futboli bahslarida Oʻzbekiston yarim finalgacha yetib borgan, lekin yarim final bahslarida magʻlubiyatga uchrab musobaqani 4-oʻrin bilan yakunlagan[32][33].
Ayollar oʻrtasidagi Turkiya kubogi
tahrirOʻzbekiston ushbu turnirda 4 marta (2019, 2021, 2022, 2023) ishtirok etgan va 2021-yilda 2-oʻrinni[34][35][36][37][38][39], 2022-yilda esa 3-oʻrinni egallagan[40][41].
Umid kubogi-2019
tahrir2019-yilning sentabr oyida Qirgʻizistonning Qorakoʻl shahrida oʻtkazilgan „Umid kubogi-2019“ xalqaro futbol musobaqasida Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi Tojikiston terma jamoasini 12:0 hisobida, Qirgʻiziston terma jamoasini 0:9 hisobida magʻlub etib, finalga yoʻllanma olgan[42][43][44]. Final bahsida Bahrom Norsafarov murabbiyligidagi terma jamoamiz Nepal terma jamoasi ustidan 3:2 hisobida gʻalaba qozonishgan, biroq toʻplar nisbatiga koʻra turnirda 2-oʻrinni egallashgan[3][45][46][47].
CAFA Ayollar futbol chempionatlari
tahrirMarkaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tomonidan unga aʼzo davlatlar uchun har yil ayollar orsaida oʻsmirlar va kattalar yosh toifasida tashkil etiladigan futbol musobaqalarida Oʻzbekistonning kattalar, yoshlar va oʻsmirlar jamoalari yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda[48][49][50][51][52].
- CAFA-2016 – 2016-yil 17-oktyabr kuni 19-yoshgacha boʻlgan ayollar oʻrtasidagi Markaziy Osiyo Futbol Assosiasiyasi kubogi – „CAFA CUP–2016“ning final oʻyinida terma joamiz qizlari Eron jamoasi ustidan 3:0 hisobida gʻalaba qozonib, chempionlikni nishonlashgan[53][54].
- CAFA-2018 – 2018-yilning 23-noyabridan 1-dekabrigacha Toshkentda oʻtkazilgan CAFA-2018 bahslarida Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi chempionlikni qoʻlga kiritgan[55].
- CAFA-2019 – 2019-yil oxirida Tojikistonda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining „CAFA U-23 Womenʼs Championship-2019“ musobaqasida qizlarimiz muddatidan oldin chempionlikni hal qilishgan[3].
- CAFA-2022 – 2022-yilning 8—20 iyul kunlari oʻtkazilgan „CAFA ayollar chempionati-2022“ bahslarida Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi qizlari ishonchli gʻalaba qozonishgan[56][57].
CAFA oʻsmirlar chempionati
tahrir- CAFA oʻsmirlar chempionatining U-17 bahslari 2019-yildan boshlab oʻtkazilib kelinmoqda. Oʻzbekiston ushbu chempionatda 2 marta (2021, 2023) gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
- CAFA oʻsmirlar chempionatining U-15 toifadagi bahslari 2017-yildan boshlab oʻtkazilib kelinmoqda. Oʻzbekiston bu bahslarda 2 marta (2017, 2022) gʻoliblikni qoʻlga kiritgan[58][59][60], 2019-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilgan chempionatda esa Oʻzbekiston U-15 terma jamoasi 4-oʻrinni egallagan. 2024-yildagi bahslarda esa Oʻzbekistonning U-15 terma jamoasi Erondan keyin 2-oʻrinni egallagan.
- CAFA oʻsmirlar chempionatining U-14 bahslari 2023-yildan boshlangan. 2023-yilning 15–19-oktabr kunlari Tojikistonda oʻtkazilgan oʻyinlarda Oʻzbekiston qizlari 3-oʻrinni egallagan[61].
Navroʻz kubogi
tahrirNavroʻz kubogi ayollar oʻrtasida birinchi marta 2022-yilda Namanganda tashkil etilgan boʻlib, unda Oʻzbekiston terma jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.
Milliy terma jamoa
tahrirOʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi xalqaro turnirlar va futbol oʻyinlarida Oʻzbekistonni himoya qiluvchi milliy ayollar terma jamoa boʻlib, 1994-yilda tashkil etilgan. Hozirda terma jamoa bosh murabbiyi yaponiyalik Midori Honda hisoblanadi. 2024-yil 14-iyun kuni ayollar futbolida yangilangan FIFA reytingiga koʻra, Oʻzbekiston ayollar milliy terma jamoasi reytingda bir pogʻona koʻtarilib, 47-oʻringa chiqqan va Osiyoda Yaponiya, KXDR, Avstraliya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Vyetnam, Filippin, Xitoy Taypeyi va Tailand termalaridan soʻng 10-pogʻonani egallab turibdi[62]. FIFAning 2024-yil 16-avgustdagi reytingida esa, Oʻzbekiston bir pogʻona quyilab, jahon boʻyicha 48-oʻrinni egallagan[63].
- 16-Avgust 2024-yil[64]
Oʻzbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasining FIFA Jahon reytingi tarixi | |||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Oʻrin | Yil | Oʻtkazilgan oʻyinlar | Gʻalaba | Magʻlubiyat | Durang | Eng yuqori oʻrin | Eng quyi oʻrin | ||
Oʻrin | Koʻtarilish | Oʻrin | Tushish | ||||||
48 | 2024 | 11 | 6 | 4 | 1 | 38 | 2 | 50 | 1 |
Ayollar futbol klublari
tahrir# | Jamoa | Viloyat | Asos solingan | Oliy Ligadagi gʻalaba | Oʻzbekiston Kubogidagi gʻalaba | Murabbiy |
---|---|---|---|---|---|---|
1 | Sevinch | Qashqadaryo viloyati | 2003 | 15 | 13 | Vladislav Xan |
2 | Bunyodkor-W | Toshkent | 2018 | 2 | 2 | Elmira Gulamova |
3 | Soʻgʻdiyona-W | Jizzax viloyati | 2018 | 1 | 1 | Sherali Boboqulov |
4 | Paxtakor-W | Toshkent | 2018 | 0 | 0 | Akbar Maʼrufaliyev |
5 | Qizilqum-W | Navoiy viloyati | 2018 | 0 | 0 | Yuriy Lukin |
6 | Lokomotiv-W | Toshkent | 2018 | 0 | 0 | Voxid Xalbayev |
7 | Buxoro-W | Buxoro viloyati | 2018 | 0 | 0 | Obid Rajabov |
8 | Neftchi-W | Fargʻona viloyati | 2018 | 0 | 0 | Muxlisa Otaqoʻziyeva |
9 | Navbahor-W | Namangan viloyati | 2018 | 1 | 0 | Karima Yuldasheva |
10 | OGMK-W | Toshkent viloyati | 2018 | 0 | 0 | Ilhom Xanjariyev |
# | Jamoa | Viloyat | Asos solingan | Oliy Ligadagi gʻalaba | Oʻzbekiston Kubogidagi gʻalaba | Murabbiy |
---|---|---|---|---|---|---|
1 | Andijon-W | Andijon viloyati | 2021 | 0 | 0 | Bahodir Abdullayev |
2 | Metallurg-W | Toshkent viloyati | 2018 | 0 | 0 | Bahodir Davlatov |
3 | Dinamo-W | Samarqand viloyati | 2018 | 0 | 0 | Mavlyuda Sattarova |
4 | Shoʻrtan-W | Qashqadaryo viloyati | 2021 | 0 | 0 | Oʻgʻiloy Parmonova |
5 | Mashʼal-W | Qashqadaryo viloyati | 2021 | 0 | 0 | Goʻzal Muxiddinova |
6 | Aral-W | Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 2021 | 0 | 0 | Rufat Babajanov |
7 | Xorazm-W | Xorazm viloyati | 2021 | 0 | 0 | |
8 | Surxon-W | Surxondaryo viloyati | 2018 | 0 | 0 | Baxtiyor Amanturdiyev |
Hamkorlik
tahrir2015-yilda Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi ayollar futbolini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va Ayollar futbol qoʻmitasi bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Bunga koʻra, 2015-yilning 5-dekabridan 2016-yilning 4-martiga qadar Oʻzbekistonda ayollar futboli murabbiylarining malakasini oshirish maqsadida oʻzbek-german qoʻshma loyihasi tatbiq etilgan. Germaniya tashqi ishlar vazirligi, Germaniya Olimpiya sport Ittifoqi va Oʻzbekiston Ayollar futbol qoʻmitasining tashabbusiga koʻra, loyiha doirasida germaniyalik taniqli murabbiy, FIFAning sobiq konsultanti Monika Shtaab bir muddat Oʻzbekistonda faoliyat olib borgan[4].
Muammoli vaziyatlar
tahrir2021-yilda ayollar futbolidagi baʼzi klublar, jumladan, „Guli“ (Navoiy), „Navbahor“ (Namangan), „Metallurg“ (Bekobod) va „Bunyodkor“ (Toshkent) ayollar klublari vakillarining koʻrsatmalariga asosan futbolchilarga haq evaziga kelishilgan oʻyinlarda qatnashish va totalizatorlik faoliyati bilan shugʻullanish taklifi bilan chiqilgani maʼlum boʻlgan. Ayrim futbolchi va mutaxassislar bunga rozilik bildirib, oʻziga aytilgan noqonuniy vazifalarni bajargani ham fosh etilgan.
OʻFA Etika qoʻmitasining yigʻilishida ushbu faoliyatda ishtirok etgan futbolchi va mutaxassislar 1 yildan 5 yilgacha boʻlgan muddatga futbol bilan bogʻliq har qanday faoliyatdan chetlatilishi belgilangan[65].
Eʼtirof
tahrirOʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi yilning oxirida oʻtkaziladigan „Uz Football Awards“ tanlovida har yilning eng yaxshi futbolchi, murabbiy va hakamlarini taqdirlab boradi. 2023-yilgi taqdirlashda „Sevinch“ ayollar futbol klubi sardori Lyudmila Karachik „Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi“ deb topilgan. „Soʻgʻdiyona“ futbol klubi sardori Diyora Habibullayeva ketma-ket 3-marta Oliy liganing eng yaxshi toʻpurari sifatida eʼtirof etilgan. „Sevinch“ klubi futbolchisi Umida Zoirova „Ayollar Oliy ligasida yilning eng yaxshi futbolchisi“ nominatsiyasini qoʻlga kiritgan. „Yilning eng yaxshi ayol hakami“ sovrinini Gulshoda Saitqulova qoʻlga kiritgan[66].
Manbalar
tahrir- ↑ stadion.uz. „O‘FAda ayollar futbolini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi“ (uz) (2022-yil 10-fevral). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Vladimir Safarov „35. Ayollar va sohil futboli“, . Oʻzbekiston futbol ensiklopediyasi 1912-2012. Toshkent, 2014 — 333-341-bet.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 uza.uz. „Ayollar futbolidagi muammolar yechimini kutmoqda“ (2020-yil 13-iyun). Qaraldi: 2024-yil 28-sentyabr.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 kun.uz. „Toshkentda talaba-qizlar musobaqasi“ (2016-yil 3-mart). Qaraldi: 2024-yil 28-sentyabr.
- ↑ 5,0 5,1 uza.uz. „Talaba-qizlar musobaqasi 2015“ (2015-yil 29-iyun). Qaraldi: 2024-yil 28-sentyabr.
- ↑ futsal.uz. „TALABALAR LIGASI“ (2023-yil 13-aprel). Qaraldi: 2024-yil 8-oktyabr.
- ↑ Lex.uz. „Ayollar futbolini rivojlantirish PQ-115“ (2023-yil 8-aprel). Qaraldi: 2024-yil 8-oktyabr.
- ↑ uza.uz. „2020-yilgi ayollar futboli musobaqalariga qur'a tashlash“ (2020-yil 17-iyun). Qaraldi: 2024-yil 1-oktyabr.
- ↑ „Latest update on the AFC National Team Competitions in 2021 and 2022“ (2021-yil 5-iyul). Qaraldi: 2024-yil 1-oktyabr.
- ↑ uff.uz. „Термизда аёллар футболи бўйича ЎзПФЛ кубоги баҳслари бўлиб ўтди“. 2023-yil 16-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-may.
- ↑ „Аёллар ўртасида Ўзбекистон кубоги. Финал олдидан ҳисоб-китоблар“. 2022-yil 31-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 31-oktyabr.
- ↑ kun.uz. „Toshkent oliygohlarining talaba qizlari o‘rtasida futbol turniri o‘tkazilmoqda“ (2015-yil 22-iyun). Qaraldi: 2024-yil 8-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „O’zbekiston ayollar milliy terma jamoasi Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarining saralash bosqichidagi raqiblarini bilib oldi“ (uz) (2023-yil 12-yanvar). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ daryo.uz. „O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Butan darvozasiga javobsiz 9 ta gol urdi“ (uz) (2023-yil 5-aprel). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „O’zbekiston ayollar milliy terma jamosi Timor Leste ustidan ishonchli g’alaba qozondi“ (uz) (2023-yil 8-aprel). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „O’zbekiston ayollar milliy terma jamoasi Iordaniyani mag’lub etdi“ (uz) (2023-yil 11-aprel). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. Saralash oʻyinlarining 2-bosqichiga yoʻl olgan jamoalar „Saralash oʻyinlarining 2-bosqichiga yoʻl olgan jamoalar“ (uz) (2023-yil 12-aprel). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „Parij–2024 ayollar Olimpiya futbol turniri – Osiyo saralashining 2-bosqich oʻyinlariga qur’a tashlandi“ (uz) (2023-yil 18-may). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Vyetnam ustidan g‘alaba qozondi“ (uz) (2023-yil 26-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Yaponiyaga mag‘lub bo‘ldi“ (uz) (2023-yil 29-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Parij Olimpiadasi yakuniy saralash bosqichiga yoʻl oldi“ (uz) (2023-yil 1-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „Womenʼs Olympic Football Tournament Paris 2024: Oʻzbekiston Avstraliyaga magʻlub boʻldi“ (uz) (2024-yil 24-fevral). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ „Женская сборная Узбекистана по футболу с разгромным счетом проиграла австралийкам“.
- ↑ ufa.uz. „Womenʼs Olympic Football Tournament Paris 2024: Oʻzbekiston ikkinchi bahsda ham Avstraliyaga magʻlub boʻldi“ (uz) (2024-yil 28-fevral). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „Oʻzbekiston 2029-yilgi ayollar Osiyo kubogi mezboni“ (2024-yil 15-may). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ zamon.uz. „2029-yilda futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi“ (uz) (2024-yil 15-mart). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ „Расман: Ўзбекистонга аёллар Осиё кубоги мезбонлиги топширилди“ (2024-yil 15-may).
- ↑ „"OFK Ayollar futbol qo'mitasi ayollar klublari o'rtasidagi Osiyo chempionatini tasdiqladi“ (27-sentabr 2019-yil.). 2022-yil 17-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 14-avgust.
- ↑ „AFC Women's Football Committee approves AFC Women's Club Championship“. AFC (2019-yil 27-sentyabr). 2021-yil 22-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 28-sentyabr.
- ↑ Shelat, Neel „AFC Women's Club Championship: Urawa Reds Complete Continental Dominance“. Forbes (2024-yil 10-may). Qaraldi: 2024-yil 18-may.
- ↑ afc.com. „Oʻzbekiston Osiyo chempionati gʻolibi“ (2024-yil 13-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „Osiyo o‘yinlari – 2023: O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 4-o‘rinni egalladi“ (uz) (2023-yil 6-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ olympic.uz. „Xanchjou-2022: Futbolchi qizlarimiz bronza medali uchun bahs olib borishadi“ (uz) (2023-yil 3-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 26-oktyabr.
- ↑ championat.asia. „O'zbekiston ayollar terma jamoasi Antalyadagi xalqaro musobaqada ishtirok etadi“ (uz) (2021-yil 1-fevral). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ futboltv.asia. „O'zbekiston ayollar terma jamoasi «Festival Women's Trophy 2021»da 2-o'rinni oldi“ (uz) (2021-yil 23-fevral). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ uff.uz. „Победный аккорд женской сборной Узбекистана в Турции.“ (uz) (2021-yil 23-fevral). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ ufa.uz. „Женская национальная сборная Узбекистана заняла второе место на турнире «Festival Women’s Trophy 2021»“ (ru) (2021-yil 26-fevral). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ sports.uz. „Женская сборная Узбекистана на “Festival Women’s Trophy 2021” в Анталии“ (ru) (2021-yil 15-fevral). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ stadion.uz. „Ўзбекистон аёллар терма жамоаси «Festival Women's Trophy 2021»да 2-ўринни олди“ (uz) (2021-yil 23-fevral). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ championat.asia. „Ayollar futboli. O'zbekiston - Ekvator Gvineyasi 5:0“ (uz) (2021-yil 18-fevral). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ championat.asia. „O'zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov bilan suhbat“ (uz) (2021-yil 17-fevral). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ xabar.uz. „Umid Kubogi-2019“ (uz) (2019-yil 8-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ futboltv.asia. „O'zbekiston ayollar milliy terma jamoasi “Umid kubogi-2019” finaliga yo'l oldi“ (uz) (2019-yil 10-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ uff.uz. „Ўзбекистон аёллар миллий терма жамоаси “Умид кубоги-2019” финалига йўл олди“ (uz) (2019-yil 10-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ uza.uz. „Победа в международном турнире“ (ru) (2019-yil 12-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ stadion.uz. „O‘zbekiston ayollar terma jamoasi «Umid kubogi-2019»da bosh sovrinni qo‘lga kiritdi“ (uz) (2019-yil 12-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ championat.asia. „Ўзбекистон аёллар миллий терма жамоаси “Умид кубоги-2019”да бош совринни қўлга киритди“ (uz) (2019-yil 13-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ „اتحادیه فوتبال آسیای مرکزی ایجاد شد“ (forscha). BBC (22-fevral 2015-yil). Qaraldi: 22-fevral 2015-yil.
- ↑ „'Central Zone' gets thumbs up from Tajikistan“. The AFC (10-iyun 2014-yil). Qaraldi: 10-iyun 2014-yil.
- ↑ „AFC adds a fifth zone as Extraordinary Congress approves amendments to AFC Statutes“. The AFC (12-yanvar 2015-yil). Qaraldi: 9-yanvar 2015-yil.
- ↑ „Central Asians meet Sheikh Salman to create CAFA“. aff.org.af (17-may 2014-yil). 2014-yil 29-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 29-oktabr 2014-yil.
- ↑ http://the-cafa.com/competitions/
- ↑ daryo.uz. „CAFA CUP—2016. O‘zbekiston I Turkmanistonni, O‘zbekiston II Afg‘onistonni mag‘lub etdi“ (uz) (2016-yil 7-avgust). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ „CAFA-2016“ (2016-yil 18-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 28-sentyabr.
- ↑ „Perfect Uzbekistan emerge champions“. www.the-afc.com.
- ↑ kun.uz. „O‘zbekiston terma jamoasi birorta gol o‘tkazmasdan ayollar o‘rtasidagi xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi“ (uz) (2022-yil 23-iyul). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ interfax.uz. „O‘zbekiston ayollar jamoasi futbol bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatida g‘alaba qozondi“ (uz) (2022-yil 21-iyul). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ „O'zbekiston - CAFA U-15 Girls turniri g'olibi“ [Uzbekistan - Winner of the CAFA U-15 Girls Tournament] (uz). championat.asia (2017-yil 30-avgust). Qaraldi: 2024-yil 11-may.
- ↑ „Ozbekiston qizlar terma jamoasi CAFA U-15 Girls turniri golibiga aylan di“ [The Uzbekistan girls' national team became the winner of the CAFA U-15 Girls Tournament.] (uz). darakchi.uz (2017-yil 29-avgust). Qaraldi: 2024-yil 11-may.
- ↑ afc.com. „Uzbekistan lift second CAFA U-15 Women’s Championship title“ (uz) (2022-yil 26-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ cafa.com. „Exciting CAFA U14 Girls’ Championship Caps Off CAFA Competitions Season 2023“ (en) (2023-yil 20-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ „FIFA ayollar terma jamoalari reytingini e'lon qildi. Oʻzbekiston nechanchi pogʻonada?“ (2024-yil 14-iyun). Qaraldi: 2024-yil 12-oktyabr.
- ↑ fifa.com. „Oʻzbekiston ayollar futbol jamoasining FIFA boʻyicha reytingi“ (2024-yil 16-avgust). Qaraldi: 2024-yil 25-oktyabr.
- ↑ „The FIFA/Coca-Cola World Ranking - Associations - Uzbekistan - Women's“. FIFA (2021-yil 20-avgust). Qaraldi: 2021-yil 28-avgust.
- ↑ xabar.uz. „O‘zbekiston ayollar futbolining «hunari» chiqdi“ (uz) (2021-yil 16-yanvar). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
- ↑ stadion.uz. „O‘zbek futbolida barcha nominasiyalar bo‘yicha 2023 yilning eng yaxshilari taqdirlandi“ (uz) (2023-yil 26-dekabr). Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.