Odina masjidi

Qarshi shahridagi qadimiy masjid

Odina masjidi (Nasaf Katta jomeʼ masjidi[2]) — Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida saqlanib qolgan eng qadimiy meʼmoriy yodgorlik. Masjid 1380-yillarda bunyod etilgan. Odina masjidi Registon majmuasiga kirgan meʼmoriy inshootlardan biri hisoblangan. Masjid Qarshi qal’asining markazida joylashgan[3].

Odina masjidi

Odina masjidining old tarafdan koʻrinishi (2023-yil)
Eski nomlari Nasaf Katta jomeʼ masjidi
Masjidi kalon
Umumiy maʼlumot
Maqomi davlat muhofazasida[1]
Joylashuvi Eski shahar
Manzili Odina bog‘i
Shahar Qarshi
Mamlakat O‘zbekiston
Koordinatalar 38°52′04″N 65°48′11″E / 38.867688°N 65.803166°E / 38.867688; 65.803166
Qurilishi tugagan XIV asrning 80-yillari
Buzilgan sana 1868-yil
Texnik holati
Material pishgan gʻisht
Qavatlar soni 1 qavat
Map
Odina masjidi xaritada
Odina masjidi

Amir Temur 1385—1386-yillardagi yurishi paytida Samarqanddan kelishda Qarshining markazida usbu masjidni bunyod ettirgan[3].

Hozirda masjid Qarshi shahrining „Eski shahar“ qismidagi Odina bog‘ida joylashgan[4].

Meʼmoriy yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[1].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktyabrdagi farmoyishiga muvofiq, 2021-yil Odina masjidida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilgan[5].

Nomlari

tahrir

Masjid tarixiy manbalarda „Nasaf Katta jomeʼ masjidi“ (Masjidi Kalon)[2] nomi bilan ham tilga olingan. Xalq orasida Odina masjidi deb ataladi. Ushbu masjidda 1924—1925-yillarda yozilgan uchta vaqf hujjati saqlanib qolingan. Mazkur vaqf hujjatida masjid „Odina masjidi“ sifatida qayd etilgan[3].

Tarixi

tahrir

Tarixchi olimlardan Boʻriboy Ahmedov va Mixail Massonlar oʻz asarlarida ushbu masjid qurilishini Amir Temur nomi bilan bogʻlaydilar[6].

Odina masjidi 1860-yillarining so‘ngida toʻpga tutilib vayron qilingan[3][7]. Masjid gumbazi va minoralarining qoldiqlari 1914-yilgacha saqlangan. Shoʻrolar davrida Odina masjidida turli idoralar joylashtirilib, keyinchalik omborxona sifatida ham foydalanilgan[8]. 1938-yilga kelib masjidning atrofi baland devor bilan oʻrab olingan va u mahbuslar saqlanadigan uyga aylantirilgan[9][10]. Mahbuslar saqlanadigan uyning bitta kamerasiga yigirmaga yaqin odam qamalgan[11]. Qarshi shahrining 2700-yilligi munosabati bilan 2004—2005-yillarda mahbuslar saqlanadigan uy shaharning chetiga koʻchirilgan.

Odina jome masjidida asosan, juma kunlari, Ramazon va qurbon hayitlarida namozlar oʻqilgan, qolgan (besh vaqt) namozlar mahallalardagi masjidlarda ado etilgan[3].

Meʼmorchiligi

tahrir
 
Said Olimxon (1880—1944)

Odina masjidning tomonlari 50x40 metr mutanosiblikda qurilgan[7]. Masjid ichidagi ibodat joylari keng, baland, tepasi kichik gumbazli har-har joyda qalin qilib terilgan gʻisht ustunlari bir-biriga ravoqlar orqali ketgan, ana shunday oʻnlab ravoq gumbazli xonalardan oʻtib, gumbazli namozgohga chiqilgan. Masjid gʻarbiy tomonida katta mehrob boʻlgan. Mehrob ravoqning atrofiga Qur’oni Karimdan „Oyatal Kursiy“ duosi oltin harflar bilan bitilgan. Mehrobning oʻng tomonida yetti zinali marmar boʻlib, unda juma va hayit namozlarida xutba oʻqilgan[3].

Registon maydonidan yetti zina koʻtarilib, Odina masjidi oldidagi maydoncha („kovush partav“ — kovush yechiladigan joy)ga chiqilgan. Maydonchaning ustida chor istilochilari kelmasidan ilgari ayvon boʻlib, u ham toʻp oʻqlari bilan vayron qilingan. 1914-yilda Said Olimxon tomonidan qal’aning taʼmirlanishi paytida bu ayvon ham qayta tiklangan. Taʼmirlash davomida vayron boʻlgan masjidning gumbazi va minoralarini tiklashning iloji boʻlmagan[7]. Ayvonning oʻymakor naqshli ustunlari ostidagi toshi marmardan yasalgan, bu joy bi­noga kirish vazifasini bajargan. Ayvon 1920-yildan soʻng, Buxoro amirligi tugatilgach, shoʻrolar hukmronligining dastlabki yilidayoq buzib yuborilgan[12].

2021-yil Qashqadaryo viloyati hokimi tomonidan Odina masjidida tashkil etilgan Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi kanalizatsiya, ventilyatsiya va ichimlik suvi tаʼminotini yaxshilash uchun byudjetdan 500 million soʻm mablagʻ ajratilgan[13].

Tavsifi

tahrir

Tarixiy manbalarda Odina masjidi Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik — Masjidi Kalon nomi bilan tilga olinadi. Xonaqohning tashqi poygumbazi baland, moviy gumbazi uzoqdan koʻzga tashlanib turadi. Buxorodagi Masjidi Kalondan namuna olib qurilgan, degan taxminlar bor. Faqat, hajmi undan kichikroq boʻlib, mehrobi shimoliy qutbga nisbatan 250° daraja atrofida[12].

Galereya

tahrir

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • Poyon Ravshanov. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 647-bet. ISBN 5-633-01899-0. 
  • Nasriddinov K, Xujayarov U. Qarshi shahrining me'moriy yodgorliklari. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2011 — 136-bet. ISBN 978-9943-08-629-6. 
  • Abdusattor Jumanazar. Nasaf. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204-bet. ISBN 978-9943-06-029-6. 

Havolalar

tahrir