Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Ostona sammiti — 2017-yilning 8-9 iyun kunlari tashkilotga aʼzo davlat rahbarlarining Ostonada boʻlgan sammiti[1].

Ostonadagi ShHT sammiti (2017)

ShHT davlat rahbarlari
Sana 8-9 iyun 2017-yil
Joy Ostona, Qozogʻiston
Qatnashuvchilar Qozogʻiston bayrogʻi Qozogʻiston (mezbon)
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Xitoy bayrogʻi Xitoy
Hindiston bayrogʻi Hindiston
Pokiston bayrogʻi Pokiston
Rossiya bayrogʻi Rossiya
Qirgʻiziston bayrogʻi Qirgʻiziston
Tojikiston bayrogʻi Tojikiston
Keyingisi ShHT sammiti (2018)
Oldingisi Toshkentdagi ShHT sammiti (2016)
ShHT qatnashuvchilari keng tarkibda

Ostona sammiti

tahrir

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev raisligida oʻtgan yigʻilishda, Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Xi Jinping, Qirgʻiziston Prezidenti Almazbek Atambayev, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari — Afgʻoniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf Gʻani, Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Moʻgʻuliston Respublikasi prezidenti Tsakhiagiin Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Navoz Sharif, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ibrohim Rahipur ishtirok etdi. Majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʻmitasi direktori Yevgeniy Sisoev qatnashdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi António Guterres, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari Amanjol Janquliyev, ASEAN Bosh kotibi Le Liong Min ishtirok etdi.

Oʻtgan yillar davomida ShHT nufuzli davlatlararo tashkilot sifatida xalqaro maydonda mustahkam oʻrin egalladi, koʻp tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmiga aylandi.

Tashkilotning 2016 yilgi Toshkent sammitida Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga aʼzo davlat maqomini olish yoʻlidagi majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandumlar imzolangan edi.

Sammitda Hindiston va Pokiston tashkilotga aʼzo sifatida qabul qilindi.

Hindiston va Pokistonning ShHT aʼzosi maqomiga ega boʻlishi tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro maydonda dolzarb muammolarni hal etish, mintaqa va dunyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda koʻp tomonlama mexanizm sifatida tashkilot rolini yanada oshirishga xizmat qiladi.

ShHTga aʼzo davlatlar xalqaro terrorizm, separatizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik va psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga, axborot xavfsizligiga tahdid solayotgan xavflarga qarshi faol, izchil kurashmoqda.

Sammit ishtirokchilari ShHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi faoliyatiga oid axborotlarni tinglab, ularning faoliyatini ijobiy baholadi. Ushbu tuzilmalarga Tashkilot doirasida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash borasida, xususan, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini jadal rivojlantirish, sanoat infratuzilmalarini modernizatsiyalash, sarmoyaviy loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, ishbilarmon doiralar va moliyaviy tuzilmalar oʻrtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish orqali amaliy koʻmak berishga yoʻnaltirilgan faoliyatni kengaytirish boʻyicha oʻzaro aloqalarni faollashtirishni tavsiya etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida sammit ishtirokchilari eʼtiborini Afgʻonistondagi vaziyatni yaxshilash zarurligiga qaratib, u yerda sodir etilayotgan davomli teraktlar dunyoning barcha mamlakatlari uchun xavf solayotganini alohida taʼkidladi. Ushbu tahdidlarga hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirgan holda qarshi kurashish zarurligini qayd etdi.

Yoshlarni turli yot gʻoyalardan asrash, ularning zamonaviy taʼlim-tarbiya olishi, komil inson boʻlib voyaga etishida davlatlararo hamkorlikning ahamiyati katta.

Samarqand shahrida Islom hamkorlik tashkiloti koʻmagida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam boʻladi, - dedi Mirziyoyev.

Oʻzbekiston ShHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, „Bir makon, bir yoʻl“ loyihasi doirasida transport-kommunikatsiya sohasini jadal rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.

Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishida alohida ahamiyatga ega. Shavkat Mirziyoyev ShHT davlatlari temir yoʻl sohasi rahbarlarining uchrashuvlarini tashkil qilish zarurligini taʼkidladi.

ShHTning doimiy faoliyat yurituvchi xalq diplomatiyasi markazini tashkil etish gʻoyasini ilgari surdi.

Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari boʻyicha qabul qilingan Ostona deklaratsiyasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid asosiy yondashuvlar, koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun barcha saʼy-harakatlarni yoʻnaltirishga qaratilgan mushtarak intilishlar oʻz ifodasini topgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali boʻlgani, imzolangan hujjatlar ShHT mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari ShHT sammiti yuksak saviyada tashkil etilganini taʼkidlab, Qozogʻiston tomoniga samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdilar.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik Xitoy Xalq Respublikasiga oʻtdi.

Manbalar

tahrir