Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad – movarounnahrlik alloma, muhaddis olim Imom Buxoriy hamda Oʻzbekiston va musulmon dunyosidan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning ilmiy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qoʻshgan hissasini chuqur tadqiq etish va keng targʻib qilish, kelgusi avlodni millatlar va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinch-totuv hayotni qadrlash va mustahkamlash ruhida tarbiyalash, shuningdek, xalqaro miqyosdagi maʼnaviy-maʼrifiy muloqot va hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.
Qisqartma | IBXITM |
---|---|
Shiori | Jaholatga qarshi – ma'rifat |
Ishga tushgan sanasi | 2017-yil |
Joylashuvi | Samarqand viloyati, Payariq tumani, Xoʻja Ismoil shaharchasi |
Hududiy xizmati | Oʻzbekiston |
Direktori | Shovosil Ziyodov |
Vebsayti | bukhari.uz |
Til(lar)i | Oʻzbek |
Hamkor tashkilotlari |
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi |
Tarixi
tahrirMusulmon olamida Qurʼondan keyingi manba hisoblangan „Sahihul Buxoriy“ asarining muallifi, muhaddis olim Imom Buxoriy (810-870) maqbarasi joylashgan maskan (Samarqand viloyati, Payariq tumani, Xoja Ismoil qishlogʻi)da Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisida 2016-yilning oktabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi PQ-2855-son „Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 483-son „Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida“gi qarori[1] bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) davlat muassasasi shaklida tashkil etildi.[2][3] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-yanvarda Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida zamonaviy va milliy arxitektura yutuqlari asosida yangidan bunyod etilgan va jihozlangan Markaz binosi hamda manzarali daraxt va gul koʻchatlari oʻtqazilib, koʻkalamzorlashtirilgan 6,5 ga maydon foydalanish uchun topshirildi.[4] Markaz binosida ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun barcha zamonaviy qulayliklarga ega va zaruriy axborot texnologiyalari hamda mebellar bilan jihozlangan xonalar, zamonaviy kutubxona, Imom Buxoriy hayoti va faoliyati bilan bogʻliq eksponatlar joylashgan muzey tashkil etilgan.
Muzey
tahrirVazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi muzey fondidagi mavjud vitrinalardan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hayot yoʻli va ilmiy-maʼnaviy merosi haqida maʼlumot beruvchi musavvirlik ishlari, nodir asarlar va boshqa eksponаtlar oʻrin olgan.
Imom Buxoriy hayotiga oid musavvirlik ishlari taniqli rassom Alisher Aliqulov boshchiligidagi Husan Qosimov, Murod Azlar Xodjayev, Baxtiyor Alimxonov, Husan Xolov, Masʼud Xolov va boshqa rassomlar tomonidan bajarilgan. Muzey eksponotlari orasidan xarita ham oʻrin olgan boʻlib, unda Imom Buxoriyning ilmiy safarlari aks etgan. Xaritaning pastki qismida lavh (XIX asr), chiroq (IX asr), qalamdon (XIX asr), siyohdon (IX asr) va juzgir (XIX asr) oʻrin olgan.
Markazning asosiy vazifalari
tahrir- Hadis ilmining taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ilmiy va diniy merosini oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish orqali o‘zbek xalqi va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib qilish, ushbu mavzularga tegishli ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- jahonda sodir boʻlayotgan globallashuv jarayonida dunyoda, mintaqa va mamlakat hayotida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning maʼrifiy-madaniy rolini va rivojlanish yoʻnalishlarini ilmiy asosda oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish;
- Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan allomalarning ijodiy merosiga tegishli hamda islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan qoʻlyozma, toshbosma asarlarning elektron nusxalarini toʻplash va ularni kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlarini belgilash va amalga oshirish;
- islom madaniyati va sivilizasiyasini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro aloqalarni kuchaytirish maqsadida ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bagʻishlangan konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazmalar va ilmiy maʼruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish;
- islom diniga oid ilmiy, tarixiy-madaniy va maʼnaviy-maʼrifiy meros salohiyatini, shu jumladan qoʻlyozmalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan manbalarni hisobga olgan holda, oʻrganish va tadqiqot natijalari yuzasidan qomuslar, kataloglar, alʼbomlar, ilmiy-ommabop hujjatli filmlar, axborot-resurs bazasini tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida, xususan Internetda eʼlon qilishni tashkil etish;
- Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ISESCO) va mazkur yunalishda xorijiy davlatlarda tashkil etilgan markazlar bilan islom tarixi, falsafasi, huquqi, manbashunosligi va madaniyati boʻyicha ilmiy loyihalar, xalqaro hamkorlikdagi tadqiqotlarni amalga oshirish va uning natijalarini nashr etish;
- „Jaholatga qarshi – maʼrifat“ gʻoyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan asossiz xurujlarning oldini olish, shuningdek diniy aqidaparastlik, mutaassiblik, ekstremizm, missionerlik, soxta tariqatlar va jamoalarning maqsadlari, gʻoyaviy-aqidaviy negizlari, zamonaviy shakllarini va faoliyat usullarini oʻrganish va ularga qarshi kurashning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qoʻllash uchun tavsiya etish.
Markaz boʻlimlari
tahrirIlmiy tadqiqotlar boʻlimi
tahrirIlmiy tadqiqotlar boʻlimi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi. Boʻlim oʻz faoliyati davomida Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlar ilmiy merosini oʻrganish, ular qoldirgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, Movarounnahr allomalari asarlarining qoʻlyozma va toshbosma nusxalari ustida tizimli tadqiqotlar olib borish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Boʻlimda 11 nafar ilmiy xodim faoliyat olib boradi. Hozirgi vaqtda boʻlim tomonidan Imom Moturidiy „Tav’ilot al-Qur’on“, „Kitob at-tavhid“ asarlarini oʻzbek tiliga ilmiy-izohli tarjima qilish ustida ish olib borilmoqda. Imom Moturidiyning „Tav’ilot al-Qur’on“ 30-juz, Abd ibn Humayd Keshiyning „Musnadi Keshiy“(Hadislar toʻplami), Imom Dorimiyning „Sunani Dorimiy“ asarlari, hadis ilmiga oid asarlar oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr qilindi.[5]
Qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimi
tahrirQoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi. Boʻlim oʻz faoliyati davomida jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qoʻlyozma asarlarni tasdiqlangan nizomga asosan sotib olish, sotib olingan yoki ehson qilingan noyob qoʻlyozma asarlarning katologini yaratish, islom olamida muhim ilmiy ahamiyatga ega hisoblangan qoʻlyozma va toshbosma asarlarni topish va markazda elektron bazasini yaratish kabi vazifalarni amalga oshiradi.[6]
Axborot kutubxona va Axborot texnologiyalari boʻlimi
tahrirAxborot kutubxona va Axborot texnologiyalari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tarkibiy tuzilmasi hisoblanib, Markaz kutubxonasida islomshunoslik, xususan, hadisshunoslikka oid qoʻlyozma va toshbosma manbalar hamda zamonaviy nashrlarni saqlash, raqamlashtirish va ularning katalogini yaratish ustida ish olib boradi. Markazda ilmiy xodimlari tomonidan qilinayotgan tarjima ishlari, maqolalar, markaz faoliyatiga oid xabarlarni markazning rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib boradi.
Boʻlimda 4 nafar xodim faoliyat olib boradi.[7]
Xalqaro aloqalar
tahrir2019-yil 22-iyun kunlari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida „Oʻzbekistondagi qoʻlyozma fondlari: muhofaza qilish, kataloglashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish“ mavzusiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy oʻquv seminari oʻtkazilib, unda Islom hamkorlik tashkiloti (OIS)ning Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazining (IRCICA) bosh direktori, professor Xolit Eren ham ishtirok etadi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga „Sahih al-Buxoriy“ asarining XI asrga oid qoʻlyozmasi foto nusxasi hamda Sulton Abdulhamid tomonidan XIX asrda tayyorlangan Muqaddas Kaʼba va uning hududi aks etgan kitob albomini sovgʻa qiladi.[8]
Hamkor tashkilotlar
tahrirMarkaz 33 xalqaro tashkilot bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan.[9] Bular:
- „Al-Furqan“ islom merosi fondi;
- „OXFORD“ islom taʼlimi markazi;
- „Cambridge“ markaziy osiyo forumi tashkiloti;
- Gyote universiteti;
- Al-Azhar universiteti;
- Osnabruck universiteti;
- Kastomonu universiteti;
- Istanbul universiteti;
- Anqara universiteti;
- Islom tadqiqotlari markazi;
- Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini oʻrganish markazi;
- Bulgʻor islom akademiyasi;
- Malayziya islom ilmlari universiteti
Havolalar
tahrir- ↑ https://lex.uz/docs/3263382
- ↑ https://nrm.uz/contentf?doc=488639_2017_yil&products=1_vse_zakonodatelstvo_uzbekistana
- ↑ https://www.bukhari.uz/?page_id=126
- ↑ https://www.bukhari.uz/?p=2485
- ↑ https://www.bukhari.uz/?page_id=11741
- ↑ https://www.bukhari.uz/?page_id=419
- ↑ https://www.bukhari.uz/?page_id=416
- ↑ „arxiv nusxasi“. 2022-yil 10-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 10-fevral.
- ↑ https://www.bukhari.uz/?page_id=8013