Poshshoxoja
Poshshoxoja, Xoja (taxalluslari; asl ismi Ibodullo Sayyid Poshshoxoʻja binni Abdulvahhobxoʻja[1]; 1480-yil, Niso – 1547-yil, Buxoro) – shoir, davlat arbobi va yirik ulamo[2]. Otasi – Abdulvahhobxoʻja Sulaymonxoja oʻgʻli oʻz davrining yirik tasavvuf shayxi va shoiri boʻlgan.
Poshshoxoja | |
---|---|
Tavalludi |
Ibodullo Sayyid Poshshoxoʻja binni Abdulvahhobxoʻja 1480-yil |
Vafoti |
1567-yil Buxoro |
Kasbi | Shoir, davlat arbobi, ulamo. |
Otasi | Abdulvahhobxoʻja Sulaymonxoja oʻgʻli |
Hayoti
tahrirPoshshoxoja 1480-yilda tugʻilgan. Niso va Marv madrasalarida tahsil olgan. Muhammad Shayboniyxon qozoq xonlari ustiga qilingan harbiy yurishdan qaytayotganda Nisoda toʻxtab, Poshshoxojani Durun viloyatiga hokim qilib tayinlaydi (1508-yil aprel). 1510-yil Poshshoxoja Nisoning yangi hokimi Muhammad Solih bilan birgalikda Marv jangiga yetib kelgan. Shayboniyxon oʻlimidan soʻng dastlab Samarqand, soʻngra Buxoroga kelib yashagan. Shayboniylardan Muhammad Temur Sulton va Koʻchkunchixon xizmatlarida boʻlib (1511–1514-yillar), Karmana hokimi Jonibek Sulton hukumatida jumlat ul-mulk, sadrlik lavozimlarida ishlagan (1515–1516-yillar). Buxoro xoni Ubaydullaxon Hirotni fath etgach (1529-yil 21-oktabr), u sadrlikdan shayx ul-islomlik darajasiga koʻtarilgan. Keyinchalik Balx hokimi Kistan Karo Sulton (1544-yilv.e.) huzurida sadrlik va shayx ul-islom vazifasida faoliyat koʻrsatgan (1534–1543-yillik). Poshshoxoja 1543-yilda oʻz vazifasidan voz kechib, Buxoroga qaytadi va badiiy ijod bilan shugʻullanadi.
Ijodi
tahrirPoshshoxoja nasr va nazmda adabiy asarlar yaratgan. Muhammad „Xoja“ taxallusi bilan ijod qilgan. U Shayboniyxonning oʻgʻli Temur Sultonga atab „Miftoh ul-adl“ („Adolat kaliti“, 1508—10), Kistan Qaro Sultonga bagʻishlab „Gulzor“ (1538) kabi asarlar yozgan. Bu asarlarda axloqiy-didaktik xususiyatga ega boʻlgan fiqolarni sharhlash uchun mashhur podshohlar haqidagi turli hikoyat va masallar keltirilgan. Ularda davlatni boshqarish, raiyat bilan munosabat masalalari, insofli va adolatli podshoh obrazi tasvirlangan.
Poshshoxoja ruboiy, gʻazal, qita janrlarida ham ijod qilgan. Jonibek Sultonga atab „Maqsad ul-atvor“ (1516—20) dostonini yozgan. Oʻzbek va fors tillarida tartib bergan devoni bizgacha yetib kelmagan. Poshshoxojaning oʻgʻli Hasanxoja Nisoriyning „Muzakkiri ahbob“ („Doʻstlar yodnomasi“) tazkirasida yozilishicha, Poshshoxojaning turkiy gʻazallariga Bobur yuqori baho bergan.
Poshshoxoja Bahouddin Naqshband maqbarasi yonida dafn etilgan. Uning „Gulzor“ va „Miftoh ul-adl“ asarlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti va Sankt-Peterburg Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. Asarlari oʻzbek tilida nashr qilingan.
Adabiyotlar
tahrir- Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1983.
- Miftoh ul-adl va Gulzordan, T., 1962.
Manbalar
tahrir- ↑ Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet. ISBN 978-9943-00-130-5.
- ↑ Ahmad Muhammad. Sharq haqni topdi..., (Sharq donishmandlari va allomalarining sara hikmatlari), Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2006 — 124-bet.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Poshshoxojaga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |