Qizil (lotincha: Córnus) — qizildoshlarga mansub daraxt va butalar turkumi, mevali va manzarali, dorivor oʻsimlik. Shimoliy yarim shar mamlakatlarida 4 turi tarqalgan. 250 yilgacha yashaydi. Gʻarbiy Ukraina, Moldova va Kavkaz oʻrmonlarida ochiq qiyaliklarda va toʻqayzorlarda, Oʻzbekistonning togʻli hududlarida bir turi — erkak yoki oddiy Q. oʻsadi. Daraxtining boʻyi 9 m (butasi 4–5 m), poʻstlogʻi kulrang, sur yoki jigarrang. Barglari uzun, gullari mayda, sariq, ikki jinsli, barglari yozilguncha (martapr.) gullaydi. Asalarilar yordamida changlanadi. Sentabrda pishadi. Mevasi qizil, etli, choʻzinchoqroq, danakli. Tarkibida oshlovchi moddalar bor. Mevasi xomligicha ovqatga ishlatiladi, kompot, murabbo, marmelad va boshqalar turli konditer mahsulotlari tayyorlanadi. Yogʻochidan turli yogʻoch buyumlari tayyorlashda foydalaniladi. Togʻ qiyaliklarini oʻzlashtirish uchun ekiladi. Yaxshi asal beruvchi oʻsimlik.