Qoʻytosh togʻi
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Qoʻytosh togʻi — Shimoliy Nurota togʻlarining janubiy -sharqiy qismi. Sharqda Sangzor vodiysi, gʻarbda Savurbel dovoni oraligʻida. Jizzax viloyatida. Uz. 65 km; eni 8-13 km, eng keng joyi 25 km. Eng baland joyi — Toʻngʻizlitogʻ (1905 m). Janubi-gʻarbida Sangzor — Nurota, shimoliy -sharqida Mirzachoʻl botiqlari oʻrab olgan. Suvayirgʻich qismi va yon bagʻirlarida tekislangan yuzalar keng tarqalgan. Qoʻytosh togʻi qumtosh, slanets, ohaktosh, marmar, granodiorit, granitdan iborat. Qatlamlarning yotish holatlari tektonik harakatlar natijasida kuchli oʻzgargan. Marmarlashgan ohaktoshlar yuzaga chiqqan ayrim joylarda soy yon bagʻirlari tik. Jinslar nurash oqiba-tida qoʻy, tik devorli qalʼa, turli xil jonivorlar qiyofasini eslatuvchi tabiat ajoyibotlarini hosil qilgan. Togʻning shimoliy yon bagʻridagi tik qoyalarda tosh uyumlari, slanetsli hududlarda toshloqli buzuq yerlar keng tarqalgan. Shimoliy yon bagʻrida ohak-toshlar yuzaga chiqib qolgan. Togʻning janubiy yon bagʻridagi bir muncha tekis yuza Gʻallaorol va Qoʻytosh botiqlari tomon pastlasha boradi. Qoʻytosh togʻi yon bagʻirlari assimetrik tuzilishga ega. Shimoliy yon bagʻrida Ustixonsoy, nuraksoy, Osmonsoy, Ilonchisoy; jan yon bagʻrida Chayonlisoy, Ingichkasoy, Savrunsoy, Sagʻanaqsoy, Norvonsoy kabi soylar oqib tushadi. Buloqlar ham bor. Tipik boʻztuproq, toʻq tusli boʻz tuproqlar tarqalgan. Oʻsimliklardan shimoliy yon bagʻrida qoʻngʻirbosh, rang, shuvoq, flemis, yaltirbosh; janubiy yon bagʻrida turli xil oʻtlar, shuvoq, yaltirbosh, rovoch, chayir, koʻztikan, ayrim joylarda naʼmatak, bodomcha uchraydi. Togʻ tepasi va yon bagʻirlaridan bahorgi yozgi yaylov sifatida foydalaniladi. Qoʻytosh togʻida Qoʻytosh volf-ram-molibden koni bor.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |