Qonun (arabcha: قنون)Oʻrta va Yaqin Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan, changga oʻxshash qadimiy torli-tirnama cholgʻu asbobi[1].

Arman qonuni

Uning shakli trapetsiyasimon boʻlim, Oʻzbekistonda yongʻoq va tut daraxtlaridan yasaladi[2]. Mazkur qismining ustiga yogʻochdan yoʻnilgan qopqoq qoplanadi. Qopqoq ustiga torlarni koʻtarib turuvchi koʻtargichlar oʻrnatiladi. Qonunning umumiy uzunligi 800–900 mm, eni 380–400 mm atrofida, torlar soni 72 dona (har bir tovush uchta tordan iborat) boʻlib, ichak, hozirda kapron va metalldan ishlanadi. Tovushqatori temperatsiya qilingan, umumiy diapazoni 3 oktavadan oshadi. Qonun tizzaga qoʻyilgan holda, koʻrsatkich barmoqlarga kiydirilgan maxsus moslamalar (noxun) yordamida tirnab chalinadi.

Tarixi

tahrir

17-asrda Darvishali Changiy yozib qoldirgan “Risolai musiqiy”da qonunning qadimiy cholgʻu asboblaridan ekanligi qayd qilinadi[3]. Qonun cholgʻusi qadimiy cholgʻulardan boʻlmish “nuzxa”ning oʻrniga isteʼmolga kirib kelgan[2].

Qonun — o‘zi yunoncha so‘zdan olinga bo‘lib, tovushqator asosi bir torli tarkibda tuzilgan “Monoxord” asbobiga berilgan nomdan kelib chiqqan. Arab musiqashunos olimlarining bayon etishlaricha, tahminan XIV asrlarda yaratilgan qonun cholgʻusi Ussuriya poytaxtida topilgan. Bu cholgʻuning chizma nusxasi fil suyagidan qilingan qutiga chizilgandir[2].

 
Qonun yasayotgan usta

Arab, turk va ozarbayjon xalqlarida qonun, uygʻurlarda qalun, armanlarda kanon, slavyanlarda gusli, karellarda kantelli, estonlarda kanelli, latishlarda kokles, yaponlarda kato, koreyslarda kiyagin kabi nomlangan cholgʻular turli jihatlari bilan bir-biriga oʻxshashdir. Yaʼni bu cholgʻular qonun va qonunsimon cholgʻular toifasiga kiradi hamda ular qadimiy nuzxa, qonun, santur, magna kabi cholgʻulardan tarqalgan[2].

Oʻrta asrlarda Darvish Ahmad Qonuniy (15-asr), Jaʼfariy Samarqandiy (15-asr), Amir Ali Akbariy Samarqandiy (16-asr) kabi mashhur qonunchilar oʻtgan. Qonun Oʻzbekistonda 1930-yillargacha ishlatilgan, 1979–1980-yillarda sozanda, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatga artist Abdurahmon Xoltojiyev tomonidan qayta ijodiy amaliyotga kiritilgan[4]. Hozirda qonun ijrochiligida Akbarali Asqarov, Roʻzaxon Haydarova kabi sozanda-oʻqituvchilar tanilgan.

Sozlanishi

tahrir

Avvalo xarraklar toʻgʻri holatga keltirilib sozlanadi. Soʻngra birinchi galda 3-oktava “fa” notasining torlari sozlanadi. Undan keyin 2-oktava “fa” notasi, soʻngra 1-oktave “fa” notasi sozlanib keyingilariga oʻtiladi[2].

Ijro uslublari

tahrir
 
Qonunni oʻtirgan holda ijro qilayotgan sozanda

Qonun cholgʻusi 2 holatda talqin etiladi. Birinchi holarda sozanda oʻrindiqqa oʻtiradi va shu turgan holda qonunni tizzasiga qoʻyib oladi. Ikkinchi holatda esa aynan qonun uchun tayyorlangan moslamaga qonunni joylashtirib tik turgan holatda ijro etiladi[2].

Sozanda qonunni oʻtirib ijro qilgan vaqtida oʻrindiqning yarmida, uning suyanchigʻiga suyanmasdan, gavdasini tik turgan holatda ijro etishi lozim. Har ikki qoʻlning bosh barmoqlari qonun chertishdagi asosiy koʻrsatkich barmoqlarga yordamchi hisoblanadi. Ular chertiladigan torlardan bir pogʻona pastki tor ustida, chertiladigan sim tovushini boʻgʻib qoʻymagan holda tayanch sifatida ijroni boshqaradi. Koʻrsatkich barmoqlar asosiy tovushni chertib, bosh barmoqqa kelib toʻxtaydi. Bu uslub begona pardalarning chertilib ketishini oldini oladi[2].

Qonun cholgʻusining chap tomonida joylashgan urblar tizimi yordamida ladga moslashtiriladi. Odatda chap qoʻlning bosh barmogʻi yordamida urblarni koʻtarish yoki tushirish natijasida qonun pardalari kerakli ladga sozlanadi[2].

  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 Abdurahmon Xoltojiyev. Anʼanaviy qonun cholgʻusi ijrochiligi. Toshkent: "Mashprint Exkluziv" bosmaxonasi, 2005 — 80-bet. 
  3. Ilyos Akbarov. Musiqa lugʻati. Toshkent: "Oʻqituvchi" nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2. 
  4. https://cyberleninka.ru/article/n/qonun-cholg-usining-kelib-chiqish-tarixi-va-qonun-cholg-usi-ijrochiligini-rivojlantirish-uchun-tavsiyalar/viewer