Qonun (huquq)
Qonun (huquqda) — inson, jamiyat va davlat manfaatlari nuqtai nazaridan eng muhim hisoblanadigan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlash, rivojlantirish va tartibga solish vositasi. Qonun davlat oliy vakillik organlarining eng yuqori kuchga ega boʻlgan hujjatidir. Qonun davlat huquq tizimining asosini tashkil qiladi, davlatning boshqa hamma organlarining normativ aktlariga nisbatan eng katta yuridik kuchga ega boʻladi. Qonun uchun uni qabul qilishning alohida tartibi. bir necha bosqichdan iborat maxsus qonun chiqarish jarayoni xosdir. Bu bosqichlar qonunchilik tashabbusi, qonun loyihasining muhokama qilinishi, Qonunning qabul qilinishi va uning eʼlon qilinishidan iborat. Qonunlar oʻzida mujassamlashgan normalarning mohiyati boʻyicha konstitutsiyaviy toʻgʻridan-toʻgʻri konstitutsiya talablari asosida qabul qilinadigan (organik) va oddiy Qonunlarga boʻlinadi. Oddiy Qonunlar, oʻz navbatida, kodifikatsiya qilingan va joriy Qonunlarga boʻlinadi. Federativ davlatlarda Qonunlar, shuningdek, federal va federatsiya subʼyektlari Qonunlariga ajratiladi. Qonunlarning alohida toifasini favqulodda Qonunlar tashkil etadi.
Normativlik Qonunning muhim belgisi va xususiyati hisoblanadi. Huquqiy hujjatlarning boshqa shakllari ham normativ boʻlishi mumkin, lekin ular Qonunchilik qatʼiy kuchga ega boʻlmay, qisqa muddat amal qiladigan yoki huquqni muhofaza etuvchi boʻlishi mumkin. Qonunning normativligi uning bir xildagi qoidani barcha uchun norma, meʼyor, mezon darajasiga koʻtarilishidadir. Qonunda mustahkamlangan qoida hamma oʻxshash hollarda bir xildagi talab sifatida takror-takror amal qiladi. Qonunning normativligi unda ifodalangan davlat irodasining qatʼiyligi, ustunligi va oliyligi bilan chambarchas bogʻliqligidadir. Aynan shu irodaning imperativ (boʻysundiruv-chi) mazmuni Qonun vositasi bilan umumiy yurish-turish va xulq-atvor mezonlarini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
1) asosiy qonun — Konstitutsiya;
2) Konstitutsiyaviy qonun;
3) Qonun (kodekslar va joriy Qonunlar);
4) Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlari Qonunlar va boshqa normativ hujjatlar orasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosiy oʻrinni egallaydi. Ushbu hujjat davlat hokimiyatining tashkil etilishini va boshqaruv mexanizmini belgilaydi, konstitutsiyaviy tuzum asoslarini, jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy asoslari, siyosiy tizimini.insonlar va fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlaydi. Konstitutsiya jamiyat huquqiy tizimining, butun qonunchilikning oʻzagini, yuridik zaminini tashkil etadi. Joriy Qonunlarning barchasi konstitutsiya qoidalari va prinsiplari asosida hamda ularning ijrosi manfaati yoʻlida chiqariladi.
Qonunlar quyidagi hollarda kuchga kiradi: rasman eʼlon qilingandan 10 kun oʻtgach; Qonunda yoki uni amalga kiritish toʻgʻrisida maxsus hujjatda koʻrsatilgan vaqtdan boshlab. Qonun oʻzida koʻrsatilgan muddat tugagan boʻlsa yoki bekor qilinishi natijasida (ijtimoiy munosabatlarning shu sohasini tartibga soluvchi yangi Qonun qabul qilinishi munosabati bilan) oʻz kuchini yoʻqotadi.
Qonun zamonda amal qiladi. Buning maʼnosi shuki, ayrim Qonunlar orqaga qaytish kuchiga ega. Yaʼni, Qonun eʼlon qilinmasdan oldin boʻlgan ishlarga shu Qonun tatbiq etiladi. Jumladan, Oʻzbekistonda jinoyat va maʼmuriy javobgarlikni yengillashtiruvchi Qonunlar orqaga qaytish kuchiga ega. Qonun makonda ham amal qiladi. Buning maʼnosi Qonunlar mamlakatning barcha hududlarida amal qilishini bidsiradi. Davlat hududiga quruqlik, ichki suvlar va hududiy dengiz havzalari, ushbu hududlar ustidagi havo boʻshligʻi va davlat chegarasi doirasidagi yer osti kiradi. Odatda, Qonunlar ushbu hududdagi barcha subʼyektlar, yaʼni fuqarolar, yuridik shaxslar, davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.
Qonunning oliy yuridik kuchga egaligi quyidagilarda namoyon boʻladi: Qonunni uni qabul qilgan oliy vakillik organidan boshqa hech kim oʻzgartira olmaydi, bekor qila olmaydi yoki yangisini oʻrnata olmaydi; boshqa barcha normativ-huquqiy aktlar Qonunga qatʼiy muvofiq holda qabul qilinadi va amalga oshiriladi; bironbir qonunosti normativ-huquqiy akt, yaʼni, qonunga asoslangan hujjat Qonunga zid boʻlsa, u Qonunga muvofiq holga keltiriladi yoki bekor qilinadi; Qonunni qabul qilgan organdan boshqa hech kim uni qoʻshimcha tarzda tasdiqlashi va harakatdan toʻxtatib qoʻyishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasining Qonunlarida yangilanayotgan ijtimoiy tuzumning, huquqiy davlat barpo etishning eng muhim prinsiplari, rivojlanish yoʻnalishlari va dasturiy vazifalari oʻz aksini topadi.
Boshqa mamlakatlardagi konstitutsiyalar
tahrirTurli mamlakatlarda konstitutsiya va qonunlar turlicha.
- Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi - Oʻzbekistonda qoʻllaniladigan konstitutsiya;
- Belarus Konstitutsiyasi - Belarusda qoʻllaniladigan konstitutsiya;
- Hindiston Konstitutsiyasi - Hindistonda qoʻllaniladigan konstitutsiya;
- Armaniston Respublikasining Konstitutsiyasi - Armanistonda qoʻllangan Konstitutsiya;
- Ozarbayjon Respublikasining Konstitutsiyasi - Ozarbayjonda qoʻllaniladigan konstitutsiya;
- Turkiya Konstitutsiyasi - Turkiyada qoʻllangan Konstitutsiya, misol: Istanbuldagi advokatlik firmasi;
- Chili Konstitutsiyasi - Chilide qoʻllaniladigan konstitutsiya;
- Singapur Konstitutsiyasi - Singapurda qo‘llaniladigan konstitutsiya;
- Avstraliya Konstitutsiyasi - Avstraliyada qoʻllaniladigan Konstitutsiya.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |